Namanganda profilaktika inspektori pichoqlandi
Namanganda ikki fuqaroning o‘zaro pul oldi-berdisi bo‘yicha tortishuvi janjalga aylandi. Ushbu janjalni bartaraf etmoqchi bo‘lgan profilaktika inspektori esa pichoqlandi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali orqali ma’lum qilindi.
2020-yil dekabr oyida tanishiga to‘rt yarim million qarz bergan fuqaro o‘tgan bir yil davomida pullarini undirib ololmaganligi bois Chortoq tuman IIBga qarzni undirib berishni so‘rab murojaat qiladi. Profilaktika katta inspektori kapitan Botirov ariza muallifi bilan ko‘rsatilgan xonadonga borib, vaziyatni tushuntiradi. Qarzdor shaxsga IIBga borishi ma’lum qilinadi. Shu vaqtda qarzdor uyiga kirib ketadi va biroz vaqt o‘tgach uyidan oshxona pichog‘i olib chiqib arizachiga tashlanadi.
Shu vaqtda kapitan Botirov o‘zaro janjalni to‘xtatishga urinadi. Qarzdor qo‘lidagi pichoq profilaktika inspektoriga sanchiladi. Og‘ir tan jarohati olgan inspektorni arizachi o‘z mashinasida Chortoq tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limiga olib keladi. O‘tkazilgan tibbiy muolajalar natijasida inspektorning hayoti saqlab qolingan.
«Qabul bo‘limida birinchi yordam ko‘rsatilib, bemor jarrohlik xonasiga olindi. Jarrohlik amaliyoti paytida bemorning chap tomondan o‘pkasining teshilgan jarohati, diafragmaning ikki joyidan kesib-teshilish jarohati meadal-fundal qismi kesilishi holati aniqlandi. Hozirda bemorning holati klinik jihatdan og‘ir-stabil, es-xushi joyida. Qon bosimlari joyida»,—deydi shifokor Nuriddin Najmiddinov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter