Namanganda jangda o‘lgan rohiba suyak qoldiqlari mavjud ibodatxona topildi
Norin tumani hududida joylashgan Uchtepa-2 arxeologiya ob’yektini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish bo‘yicha taklif Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu ob’yekt akademik Ahmadali Asqarov tomonidan ochib o‘rganilgan va bir qator tadqiqotlar o‘tkazilgan. Bu haqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, Uchtepa-2 o‘rnida qadimgi Xaylam shahri otashparastlar ibodatxonasi joylashgani aniqlangan. Ibodatxona milodiy VII-VIII asrlarga qadar mavjud bo‘lgan. Qazishma ishlari vaqtida rohib va rohibalarga tegishli suyak qoldiqlari, 50 dan ortiq o‘choq izlari hamda sopol idish siniqlari topilgan.
Uchtepa-2 da o‘tkazilgan arxeologik tadqiqotlar ibodatxona yong‘in natijasida vayron bo‘lganini ko‘rsatgan. Ruhoniylarga tegishli ekani taxmin qilinayotgan jasad qoldiqlaridan esa o‘tkir tig‘li qurol bilan yetkazilgan zarba izlari topilgan. Ushbu topilmalar va yong‘in izlari ibodatxonada jang olib borilganidan dalolat beradi.
Mazkur tarixiy ob’yekt Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda konservatsiya qilingan.
Turizm va Madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan Uchtepa-2 arxeologiya ob’yektining devor va tom qismlarini issiq va sovuqdan saqlash uchun izolyasiya ishlari amalga oshirilishi va ob’yektda doimiy bir xil haroratni saqlash maqsadida sovutish hamda isitish uskunasi o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter