Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda 35 yashar ayol nimaning qurboni bo‘ldi?

Namanganda 35 yashar ayol nimaning qurboni bo‘ldi?

Videolavhadan skrinshot

Kechadan buyon yana shov-shuv: namanganlik 35 yashar yolg‘iz ayol G.D. (ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor) uydan ko‘chirish haqidagi sud qaroriga isyon sifatida majburiy ijrochilar ko‘z o‘ngida o‘zini yoqib yubordi va yonib-kuyib... omonatini topshirdi.

Tarmoqda tarqalgan ma’lumotlarga qaraganda, marhuma yashab turgan uyini ikki yarim yil avval 13 ming AQSh dollariga sotib olgan. Biroq ko‘p o‘tmay, oldi-sotdi jarayonida sotuvchi tomon firibgarlik qilgani oydinlashib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Xullas, uning (sotuvchi tomonning) firibgarlikda ayblanib, jinoyat ishlari bo‘yicha sud hukmi bilan jazoga tortilishi ortidan fuqarolik sudida uyning oldi-sotdi shartnomasini bekor qilinadi va G.D.ni ne umidlar bilan sotib olgan xonadondan chiqarib tashlash belgilanadi.

Ayni jarayon esa fojia bilan yakunlandi.

Fojia sodir bo‘lgan kunning ertasigayoq Majburiy ijro byurosi (MIB) Namangan viloyat boshqarmasi bayonot berdi. Bayonot mazmun-mohiyatida shunday mazmun yotadi: bizda sud qarori muhokama qilinmaydi, balki ijro etiladi. To‘g‘ri, shunday.

Biroq masalaning ikkinchi tomoniyam bor: firibgarlikda ayblanib, jazoga tortilgan shaxsdan marhumaga yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risidayam sud hujjati bor, u bo‘yicha qanday ijro harakatlari amalga oshirildi?

Masala chuqurlashib, voqelik bo‘yicha surishtiruv ishlari jiddiylashganidan keyin MIB Namangan viloyat boshqarmasining navbatdagi bayonoti paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining 09.06. 2020-yilgi ijro hujjatiga asosan F.N.dan (uyam ayol kishi) G.D.ga 13 ming AQSh dollariga teng moddiy zarar undirish belgilangan. Ijro harakatlari davomida qarzdorning nomida mol-mulki yo‘qligi aniqlangan. Boz ustiga, u yashash joyidan (ijarada yashayotgan manzili ko‘rsatiladi) noma’lum tomonga ko‘chib ketganiyam aniqlanib, bu haqda xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzilgan. Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor Namangan shahridagi kollej yotoqxonasida istiqomat qilayotgani ma’lum bo‘ladi. Qisqasi, quruqqina qilib «... qarzdorlikni undirish choralari ko‘rilmoqda», deyiladi MIB bayonotida.

Hech vaqosi yo‘q (qog‘ozda) qarzdordan qarzni undirish bo‘yicha yana qanday choralar ko‘rish mumkin? Bu katta savol.

Ozodlikdan cheklash jazo tayinlangan ayolga jazo o‘tash manzili hukmda ko‘rsatiladi. Uning bir manzildan ikkinchi manzilga ko‘chib ketaverishi, buni hatto IIB ham bilmasligi – yana bitta savol tug‘diradi.

Masalaning muhim nuqtasi shundaki, firibgarlikda ayblangan ayolga nisbatan ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangani u yetkazilgan zararni qoplanmaganini ko‘rsatadi.

Yuqorida bayon etilganlardan xulosaki, ham uysiz, ham pulsiz qolgan G.D. hammasiga isyon sifatida o‘zini yoqib yuborgan!

Ayni mojarolarda yuqazgan bitta – marhuma. Yaxshi niyatda uy sotib olgandi. Uni haqiqiy egasi tortib oldi. Ikki o‘rtada firigarlik kilganni sud panjara ortiga ravona qilmadi. Balki ozodlikdan cheklash jazosi tayinladi. Boz ustiga uning zararni to‘lash siyoqi ham, imkoniyati ham yo‘q. Ham puli, ham uyidan mosuvo bo‘lgan G.D. esa o‘zni yoqib, jonidan ham ayrildi...

Ijtimoiy adolat buzildimi? Ha. Marhuma adolatsizlik qurboni bo‘ldi, deyish mumkinmi? Ha! Chunki, bir insonning huquqi boshqasining burnini qonatish evaziga tiklanishi kerakmas-da.

Ayni fojia urug‘i esa boshdanoq jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida ekilganday. Buni 13 AQSh dollariga «tushirib», kamiga zararni qoplamagan shaxsga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangani aytib turibdi... Adolatsizlik zanjiri shu tarzda bir-biriga ulandiyu, yakunda yosh ona juvonmarg bo‘ldi, ikki nafar voyaga yetmagan bola esa yetim qoldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring