Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namangan Eron va Xitoy bilan raqobatlashadi — viloyatda yangi korxona ochildi

Namangan Eron va Xitoy bilan raqobatlashadi — viloyatda yangi korxona ochildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Markaziy Osiyodagi davlatlarning o‘zida yiliga 1 milliard olti yuz million dollarlik keramika mahsulotlariga ehtiyoj borligini bilarmidingiz? Unga yondosh bo‘lgan hududlar haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Xabar.uz muxbiri kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurgan kafel ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi va yaqindan ma’lumot oldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Art Soft Ceramics Holding kompaniyasi mutaxassislari tomonidan ta’kidlanishicha, kafel mahsulotiga bo‘lgan ehtiyoj O‘zbekistonda ham oz emas. Ammo afsuski yurtimizdagi ichki talab faqat 45 foizga mahalliy ishlab chiqarish evaziga qondiriladi. Qolgan 55 foiz mahsulot esa shu vaqtgacha Xitoy va Erondan keltirilgan. Shuningdek qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ham ulardan kafel sotib olishadi.

Namangandagi Art Soft Ceramics Holding korxonasi aynan shu sohada yetakchi davlatlar bilan raqobatlashish uchun qurildi. Korxona to‘liq ishga tushsa, importga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanadi va yon-atrofdagi bozorlarga ham chiqarish mumkin.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Art Soft Ceramics Holding korxonasining o‘ziga hos jihati shundaki, bu yerda 100 foiz mahalliy xom-ashyo evaziga ish olib boriladi. Ishlab chiqariladigan mahsulot sifati esa har qanday xorij korxonasinikidan qolishmaydi. Chunki texnologiya to‘liq Yaponiya va Italiyadan keltirilgan. Bunaqasi hali O‘zbekistonda bo‘lmagan.

Kafel — 1250 daraja issiqda pishadi. Korxona texnologiyasi birlamchi mahsulotni ishlab chiqarishga qaratilgan energiyani turbinalar orqali qayta pechga yo‘naltiradi va 30 foizga qadar tejash imkonini beradi.

Bu esa o‘z-o‘zidan mahsulot tannarxi tushishiga olib keladi. Bozorda bir metr kvadrati 6 dollardan sotilayotgan mahsulotning tannarxi 2 dollarni tashkil etadi, holos. Demak narx tushishi va raqobat kuchayishini kutishimiz mumkin. Mabodo uyingizni ta’mirlashni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, sal shoshilmaslikni maslahat beramiz. Tez orada Art Soft Ceramics Holding mahsulotlari bozorga kirib keladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Korxona hozircha 7 turdagi kafel mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Ikkinchi liniya ishga tushib olsin, tanlov ham oshadi. Shuningdek ish bilan ta’minlangan yurtdoshlarimiz salmog‘i ham.

Oldinga qo‘yilgan dastlabki marra esa— Markaziy Osiyo bozoridan Xitoy va Eron kompaniyalarini siqib chiqarish. Keyin esa, balki ularga ham kafel yuborarmiz...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring