Bosh prokuratura «MY5»da namoyish etilgan yana bir videolavhasi yuzasidan bayonot berdi
“MY5“ telekanalida “Surxondaryo viloyati Boysun tumanida 18 yoshli yigitning o‘limi sabablari hamon ochiqligicha qolmoqdami?” mavzusida lavha uzatilib, unda yosh yigitning vafoti yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar sukutda ekaniga urg‘u berilgandi.
Mazkur lavha namoyishi ijtimoiy tarmoqlarda ham bir-bir ulanib ketdi. Bahs-muhokamalar ham shunga yarasha bo‘layotir.
Ayni holatlardan kelib chiqib, "Xabar.uz" Bosh prokuratura bilan bog‘landi.
Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov avvaliga voqelikka oydinlik kiritdi:
"2019 yil 24 sentyabr kuni soat taxminan 21:00 larda Boysun tumani “Gaza” mahallasida yashagan fuqaro Akobir X. yashash uyi molxonasi ustuniga o‘zini osib, joniga qasd qilgani oqibatida hodisa joyida vafot etgan..."
Voqelarning keyingi rivoji quyidagicha davom etadi: "...Mazkur holat yuzasidan Boysun tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilgan.
Aniqlanishicha, fuqaro Mamasharif E. kollej ma’muriyatiga murojaat qilib, 23 sentyabr kuni darsdan qaytayotgan qiziga tosh otgan o‘quvchi Akobir X.ga qonuniy chora ko‘rishini talab qilgan. Uning talabidan kelib chiqib, kollej direktori Akobir X.ning otasi va “Gaza” mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari bilan bog‘lanib, voqelikni muhokama qilish uchun ularni mazkur o‘quv dargohiga kelishini so‘raydi.
Shu tariqa kollej binosida mahalla kotibi, hudud profilaktika inspektori, profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi, Akobir X.ning akasi va bobosi hamda taraflar ishtirokida holat muhokama etilib, tushuntirish ishlari olib borilgan.
Mamasharif E. kollej rahbariyatidan tashqari tuman IIBga ham ariza bilan murojaat etib, Akobir X.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘raydi. Ariza yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish natijalariga ko‘ra, Akobir X.ning harakatlarida MJtKning 52-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlanadi. Biroq to‘plangan hujjatlar sudga yetib bormaydi. Chunki, bu muddat oralig‘ida, yuqorida aytilanidek, Akobir X. o‘z joniga qasd qilib bo‘lgan edi...
Hozirda marhumning qarindoshlari kollejda bo‘lib o‘tgan muhokama davomida direktor va boshqalar Akobir X.ni urib, tan jarohati yetkazgani, haqorat qilib, kamsitgani uning o‘limiga sabab bo‘lgan, deb hisoblashmoqda.
Boysun tuman prokuraturasi tomonindan ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasiga ko‘ra, marhumning vafotiga biror-bir shaxs sababchi bo‘lmagani bois 24 oktyabrda JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, ayni jarayonda hudud profilaktika inspektoriga nisbatan xizmat tekshiruvi ham tayinlangan.
Voqelik bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tegishli protsessual harakatlarni amalga oshirib, natijasiga ko‘ra qaror qabul qilingan.
«Qo‘shimcha sifatida shuni aytish kerakki, inson vafoti bilan bog‘liq har qanday holat favqulodda voqelik sifatida qabul qilinadi va jiddiy o‘rganiladi. Bu jarayonda "sukut saqlamoqda" qabilidagi gaplarga mutlaqo o‘rin yo‘q», deyiladi xabarda.
Jinoyat kodeksida shaxsni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazishga sababchi bo‘lganlik uchun jazo chorasi belgilangan (103-modda). Buning uchun aybdor "shaxsni qo‘rqitgani, unga rahmsiz muomala bo‘lib yoki uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitib" kelgani inkor etib bo‘lmas dalillar bilan isbotlanishi kerak. Bayon etilgan holatda esa marhumga nisbatan kollej ma’muriyati, profilaktika inspektori va boshqalar tomonidan rahmsiz, qo‘pol va ayovsiz munosabatda bo‘lib, unga jismoniy va ruhiy azob yetkazish holatlari aniqlanmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter