Nomzodlar vakillari ishtirokida teledebatlar – muhim demokratik jarayon
O‘zbekiston Respublikasi demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo qilish borasida izchil harakatlarni amalga oshirmoqda. 2021 yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Prezidentlikka saylovlar ham demokratiyaning bir ko‘rinishi, shak-shubhasiz. Saylovlarni umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishini ta’minlash hamda nomzodlarning dasturlarini jamiyatchilikka yanada kengroq yoritish maqsadida 2021-yil 19 oktyabr kuni Prezidentlikka nomzodlarning vakillari ishtirokidagi bahs-munozaralar teledebatlar shaklida tashkil qilinib, «O‘zbekiston 24» teleradiokanalida efirga uzatildi.
Ta’kidlash joizki, nomzodlarning vakillari ishtirokida teledebatlar birinchi marta tashkil qilingan bo‘lib, ancha qiziqarli tusda bo‘lib o‘tdi va 3 ta qismdan iborat bo‘ldi. Xususan, birinchi qismda spikerlar mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturlari bilan jamiyatchilikni tanishtirib o‘tdilar. Ikkinchi qismda mamlakat aholisini qiziqtirgan masalalar asosida shakllantirilgan savol-javoblar o‘tkazilgan bo‘lib, javoblar uchun har bir vakilga 2 daqiqa vaqt berildi. Va nihoyat, uchinchi qismda Prezidentlikka nomzodlarning vakillari tomonidan saylovchilarga bo‘lgan murojaati bayon qilindi.
Spikerlarga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, «Ekologik partiya» ko‘rsatgan nomzodning vakili Mustafoqulov Sherzod Egamberdiyevich, «Xalq demokratik partiyasi»dan Abdullayeva Sharbat Zulfiqorovna, «O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi»dan Ikromov Adxam Ilxomovich, «Milliy tiklanish» partiyasidan To‘laboyev A’zamjon Akramovich, «Adolat sotsial-demokratik partiyasi»dan Ziyoyev Fazliddin Temirovichlar vakil sifatida ishtirok etdilar.
Telebatlarning savol-javoblar qismida jamiyat hayotiga oid va aholining fikr-mulohazalari asosida shakllantirilgan muhim masalalar o‘rtaga tashlandi. Xususan, narx-navo iqtisodiyotning indikatori bo‘lganligi bois, uni qanday ushlab turish kerak?, degan savolga javoban turlicha yondashuvlar bo‘ldi. Ekologik partiya vakili bunga javoban, qishloq xo‘jaligida «yashil» texnologiyalarni joriy qilish orqali narx-navoni oshishini oldini olish mumkin deb, XDP vakili narx-navoni sun’iy oshishiga bozorlardagi olib-sotar tadbirkorlarning faoliyati bo‘layotganligini va buni nazoratga olib joizligini ta’kidladilar. O‘z navbatida, O‘zLiDeP vakili valyuta barqarorligini ta’minlash, inflyasiyani ushlab turish va pasaytirish, asosiy mahsulotlar (go‘sht, tuxum, yog‘ va b.) arzon bo‘lishini ta’minlash, dehqon va fermerlarga imkoniyatlar yaratish, 2016 yildan boshlangan qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini tomchilab sug‘orishni davom ettirish orqali narx-navoni ushlab turish mumkinligini va bu masalalar partiya dasturidan o‘rin olganligi bildirdi. Ushbu masalaga boshqacha yondoshgan holda, «Milliy tiklanish» partiyasi vakili narx-navoni pasaytirishga urinmaslik kerakligini, narxning o‘sishi sog‘lom iqtisodiyotda tabiiy holat ekanligi, «Adolat» partiyasi vakili esa davlat bosh regulyator buo‘lish kerakligi, sohaga standartlar tizimini kiritish kerakligi haqidagi fikrlarni bildirdilar.
Teledebatlar davomida o‘rtaga tashlangan muhim savollardan biri, partiyalarning dasturlarida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qanday choralar nazarda tutilganligi haqidagi masala bo‘ldi. Bu savolga javoban ham partiyalar vakillari o‘rtasida aholini kasb-hunarga o‘rgatish, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ni olib borish ishlarini davom ettirish, yuqori haq to‘lanadigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, davlatning regulyatorlik rolini ta’minlash kerakligi to‘g‘risidagi fikrlar bildirildi.
Davlat tomonidan mehnat migratsiyasini himoya qilishga oid partiyaning dasturida ko‘rsatilga chora-tadbirlar borasida ham siyosiy partiya vakillari o‘z pozitsiyalarini bayon etib, ayniqsa O‘zLiDeP vakilining o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida ushbu masalalar borasida tashkil qilingan departament, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyati borasida raqamlar va mehnat migrantlarining ijtimoiy va tibbiy himoya qilish, ularga soliq solishni o‘ylash emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash oid ishlarni davom ettirish lozimligini haqidagi fikrlari o‘rinli bo‘ldi.
Shu bilan bir qatorda, teledebatlar davomida tashqi qarzlar kerak yoki kerak emasligi haqidagi savolga ham ba’zi partiya vakillari soliqlarni ko‘paytirish masalasini ko‘targan bo‘lsalar, O‘zLiDeP vakili misol tariqasida, tashqi qarz evaziga Buxoro viloyatida 200 ming aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanganligini ko‘rsatib, buni o‘z kuchimiz bilan amalga oshirish uchun 30-40 yil kutish kerakligini, aholini shuncha muddat kuttirish maqsadga muvofiq emasligini, mamlakatning bugungi tashqi qarzi 38 foizni tashkil qilayotganligini va ko‘rsatkich bilan biz barqaror rivojlanayotgan davlatlar sirasiga kira olishimizni ta’kidladi.
Umuman olganda, teledebatlar juda qiziqarli tusda tashkil qilinib, xar bir partiya vakiliga o‘rtaga tashlangan masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini erkin bildirishga imkoniyat yaratildi. Shu bilan birga, spikerlarning ushbu chiqishlarida O‘zLiDeP vakilining pragmatik yondashuvlarining ustuvorligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Xususan, ushbu partiya vakilining saylov dasturida ko‘rsatilgan 10 ta sohadan 4 tasi ijtimoiy sohaga, 2 tasi ta’lim sohasiga bag‘ishlagigini, boshqa maqsadlardan qatorida rivojlanishning ko‘rsatkichi bo‘lgan - kishi boshiga to‘g‘ri keladigan oylik maoshining 2030 yilga borib 4 ming AQSh dollari ekvivalentiga yetkazish borasida chora-tadbirlar rejasi alohida ahamiyat kasb etdi.
Islombek Rustambekov,
TDYuU prorektori.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter