Shifokorlarga katta maosh olish uchun yana bir imkon yaratildi
Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan davlat tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlarini rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, mazkur tizim xalqaro reytinglarda tibbiyot yo‘nalishida birinchi 200 talikka kirgan oliy o‘quv yurtlarining klinik ordinatura (rezidentura), magistratura mutaxassisligini tamomlagan va falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan tibbiyot xodimlariga tatbiq etiladi.
Nomzodlar tomonidan arizalar muassasaning kadrlar bo‘limiga topshiriladi.
Hujjatlar navbatdagi bosqichda vazirlikning Fan va ta’lim boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqilgach, vazir buyrug‘i orqali rag‘batlantiriladi.
Nomzodlarning lavozim maoshiga har oylik qo‘shimcha ustama vazir buyrug‘i chiqqan kundan boshlab bir yil davomida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining quyidagi baravarida belgilanadi:
- klinik ordinatura (rezidentura), magistratura mutaxassisligini tamomlagan tibbiyot xodimiga – yetti baravari;
- falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan tibbiyot xodimiga – o‘n besh baravari.
Eslatib o‘tamiz, prezident shifokorlar bilan uchrashuvda Tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasiga yiliga 1,5 trillion so‘m ajratilishi va ularga 8-9 million so‘m oylik olish imkoni yaratilishini ma’lum qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter