Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muddatidan oldin ovoz berish: qonuniy asoslari va tartibi

Muddatidan oldin ovoz berish: qonuniy asoslari va tartibi

Aslida muddatidan oldin ovoz berish bu yuridik voqelik, yuridik fakt hisoblanadi. Chunki saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi.

Shu o‘rinda muddatidan oldin ovoz berishning huquqiy asoslari haqida fikr yuritganda, Konstitutsiyamizning 128-moddasi (caylov tizimi), Saylov kodeksining 57-moddasi (muddatidan oldin ovoz berish), “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga (8-bob) bunga doir me’yor belgilab qo‘yilganini qayd etish joiz.

Aytish kerakki, Saylov kodeksining 57-moddasiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti tegishli okrug saylov komissiyasi tomonidan emas, balki Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: xo‘shp, muddatidan oldin ovoz berish qanday tartibda amalga oshiriladi? Kimlar bunday huquqqa ega?

Saylov uchastkasi hududida vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar tomonidan muddatidan oldin ovoz berilganda, uchastka saylov komissiyasi a’zosi muddatidan oldin ovoz bergan saylovchini SJBATdan qidirib topadi va muddatidan oldin ovoz bergan saylovchi sifatida belgilaydi hamda bu haqda fuqarolar doimiy yashaydigan uchastka saylov komissiyasini xabardor qiladi.

Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Va bu haqda saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.

Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan uchastka saylov komissiyasi saylovchidan saylov kunida bo‘la olmasligining sabablarini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishi taqiqlanadi.

Ya’ni ayni saylov kunida bo‘la olmaslikning sabablari ko‘rsatiladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi. Saylovchi qaror qabul qiladi. Unga daxl qilishga hech kimning haqqi yo‘q. U o‘zi tomonidan to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi. Qayd etish lozimki, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.

Xulosa qilib aytganda, muddatidan oldin ovoz berish fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqini amalda ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.

                                                        Sherzod ZULFIQOROV
Jamoat xavfsizligi universiteti professori,
ekspert guruhi a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring