Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) Istanbulda hibsga olindi

Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov) Istanbulda hibsga olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Mubashshir Ahmad» taxallus bilan mashhur diniy ulamo Alisher Tursunov 2025-yilning 8-may, payshanba kuni tongda Istanbulning Bahcheshehir mavzeidagi uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketildi.

Bu haqda uning o‘zi asos solgan «Azon Global» axborot-tahliliy portali ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, shu kunning o‘zida advokatlari yollangan. Advokatlarga Alisher Tursunovning Istanbuldagi Deportatsiya markaziga (Geri Gönderme Merkezi – GGM) o‘tkazilishi, ertasiga – 9-may, juma kuni esa u yerdan qo‘yib yuborilishi aytilgan.

Biroq oradan 4 kun o‘tgan bo‘lsa-da, Immigratsiya boshqarmasi (Göç İdaresi) A.Tursunovning qayerdaligi, sog‘lig‘i va sud jarayoni haqida advokatlariga ham, yaqinlariga ham hech qanday ma’lumot bermagan.

«Vaholanki, Turkiya qonunchiligiga ko‘ra, nazoratda ushlab turilgan shaxsning oilasiga bu haqida ma’lumot berilishi, uning o‘ziga ham yaqinlari bilan muloqot qilishga izn etilishi belgilab qo‘yilgan. Hozirgacha hatto advokatlari ham domladan biror xabar ololmayotganidan, aqalli qayerda saqlanayotganini ham bilolmayotganidan oilasi va yaqinlari asosli ravishda xavotirga tushishmoqda. Boisi ustoz Mubashshir Ahmad uzoq yillardan beri qandli diabet va yuqori qon bosimidan aziyat chekib keladi hamda muntazam ravishda insulin va boshqa dorilar qabul qilishga majbur», – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Mubashshir Ahmad 2023-yilning 28-dekabr kuni ham Turkiya politsiyasi tomonidan hibsga olingan va 2024-yilning 21-fevralida deportatsiya markazidan oilasi bag‘riga qaytarilgan edi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring