Nukusda rossiyalik jurnalist qo‘lga olingani aytilgandi. Rasmiy izoh berildi
Bugun, 1-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Nukus shahrida rossiyalik suratga olish guruhi a’zosi Aleksey Pivovarov (Rossiya Federatsiyasida xorijiy agent sifatida tan olingan) va o‘zbekistonlik jurnalist «Hook Report» muxbiri Feride Maxsetova qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rasmiy izoh berdi.
Unda aytilishicha, dastlabki tekshirish chog‘ida «chet el jurnalistlari faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan o‘tmasdan amalga oshirilgani, bu amaldagi qonunchilikni buzish ekanligi» aniqlangan.
Agentlik mazkur fuqarolar Nukus shahar ichki ishlar bo‘limida bo‘lgani va voqeaning barcha holatlari tekshirilganini qo‘shimcha qilgan.
Shuningdek, Aleksey Pivovarov ham telegramdagi o‘z kanalida O‘zbekiston IIV xodimlari u bilan suhbatlashgani va suhbatdan so‘ng qo‘yib yuborilganini aytdi.
«Biz gaplashdik, o‘zimiz va rejalarimiz haqida gapirdik, xodimlar muloyim va yaxshi munosabatda bo‘lishdi. Endi biz davom etamiz», – deb yozadi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter