Mobiuz davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazdi (video)
18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. Bu yil mamlakatimiz davlat ramzi qabul qilinganiga 32 yil to‘lmoqda.
Shu munosabat bilan Mobiuz mobil operatori xodimlari uchun «Vatan bayrog‘i muqaddas» shiori ostida tadbir o‘tkazildi. Unda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, falsafa fanlari doktori Azamat Muxtorov O‘zbekiston bayrog‘i haqidagi ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Bayroq azaldan har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi ramzi bo‘lib kelgani ta’kidlandi. Ajdodlarimiz uni muqaddas sanab, ko‘z qorachig‘idek asrashgan. Davlat bayrog‘ining ramziy ma’nosi mamlakatning tabiat xususiyatlarini, xalqning milliy-madaniy o‘ziga xosligini aks ettiradi.
O‘zbekistonda mustaqillikka erishgach, davlat ramzlari tasdiqlandi. 1991 yil 18 noyabr barchamiz uchun unutilmas va shonli sana bo‘ldi. Shu kuni «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonunning 2 va 3-moddalarida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i davlat suvereniteti timsoli ekanligi va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining ramzi bo‘lib xizmat qilishi belgilangan.
Mamlakatimiz bayrog‘idagi har bir rang, har bir belgi o‘ziga xos ma’noga ega. Moviy – kuch va quvvat, tinchlik va barqarorlik, oq – poklik va olijanoblik, yashil – hayot, tabiat, uyg‘unlik va muvozanat, ishonch va umid rangi, xalqimizning azaliy qadriyatlari. Qizil chiziqlar – bu odamlarning tomirlarida oqayotgan qon, erkinlikni sevuvchi ajdodlarni eslatuvchi, hayotiy kuch va abadiyat ramzi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter