Mixail Gorbachyovning ruchkasi nega yozmay qolgan edi?
1991-yil 25 dekabr kuni kechqurun Mixail Gorbachyov sovet imperiyasini qutqarib qolish borasidagi urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan oldi va SSSR prezidenti lavozimidan iste’foga chiqdi. Gorbachyovning jonli efirdagi telemurojaati odamlar o‘rganib qolgan kremlcha hashamatdan xoli edi, orqa planda hatto Lenin 1917 yilda tuzgan rejimning klassik ramzi bo‘lmish o‘roq va bolg‘a ham ko‘rinmasdi. Tarixiy lahzalar jiddiy bir vaziyatda kechmoqda edi.
Bu bayonotni 8 dekabrdan buyon kutishayotgan edi, aynan shu kuni SSSR tarkibidagi 15 respublikadan uchtasi — Rossiya, Ukraina va Belarus — iqtisodiy inqiroz va tobora kuchayayotgan separatizm tufayli holdan toygan markaziy hokimiyatni tan olmasligini e’lon qilgandi.
Boris Yelsin boshliq mintaqaviy rahbarlarning mavqei tobora oshayotgan bir paytda odamlarning ko‘z o‘ngida Gorbachyov hokimiyatining obro‘si tutdek to‘kilib borardi. Ayirmachilar SSSRning go‘riga qanday qilib g‘isht qalashni kelishib olayotganida mamlakatni boshqarishga qodir bo‘lmay qolgan sovet prezidenti Kremlga qamalib olgan edi.
Shu vaqtgacha men «Folha»ning muxbiri sifatida Moskvada bir yildan ko‘proq ishlab qo‘ygan edim, keyin Rossiya poytaxtida 1994 yilgacha yashadim. Moskvaliklarning kundalik turmushini kuzatish va ulkan imperiya bo‘ylab qilingan safarlar menga rejim qulashining bevosita guvohi bo‘lish imkonini berdi. Sayyora miqyosidagi gegemonlikka da’vogar bo‘lgan qudratli bir davlat ko‘z o‘ngimda oziq-ovqat va dori-darmon yetishmovchiligidan qiynalgani uchun xalqaro gumanitar yordamga ko‘z tikkan nochor mamlakatga aylandi.
O‘zgarishlarni amalga oshirish uchun Gorbachyov 1985 yili Sovet ittifoqidagi ahvolni halokatli deb e’tirof etdi. U rejimni tarixga «qayta qurish» nomi bilan kirgan islohotlar orqali saqlab qolmoqchi edi.
Iqtisodiy qashshoqlik odamlarni non va sut singari asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘lga kiritish uchun har qanday qingirlikdan qaytmaslikka majbur qilardi, ularni uzoq vaqt navbatda turib xarid qilish mumkin edi, bu qayta qurish davrining tipik ko‘rinishlaridan biridir. «Navbatda turish madaniyati» o‘sha og‘ir davrda yuzaga keldi. Davlat do‘konlarining oldida odam yig‘ilganini ko‘rgan sovet kishilari nima sotilayotganini bilmasdan turib ham navbatini kutayotgan olomonga qo‘shilib olardi.
Asosiysi nima bo‘lsayam sotib olish edi, olingan narsa aslida xaridorga kerak bo‘lmasa ham keyinchalik uni nimagadir almashtirib olish mumkin edi, ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rgan xalq bunga ko‘nikib ketgandi. Bir qo‘shni xotin menga keyinchalik kosmetika va dudlangan baliqqa almashtirish uchun bir necha juft erkaklar poyabzali sotib olganini aytib maqtangan edi.
Sovet latifalari turmush qiyinchiliklarini aks ettirardi. Mana masalan bittasi: «Siz kapitalistlarda bitta muammo bor: qanday qilib pul topish mumkin? Bizda, SSSRda, muammolar ikkita: qanday qilib pul topish va keyin uni qanday sarflash mumkin?».
Bozorga borish ko‘pincha bo‘m-bo‘sh peshtaxtalar aro kezish va manmansiragan qo‘pol sotuvchilar bilan muloqotni anlatardi. Kommunistik partiya iste’molchilarga o‘gay ko‘z bilan qarar edi.
Ammo baribir «kapitalistik jahannam»ga yetishish mumkin bo‘lib, xorijiy valyuta uning kaliti hisoblanardi. Dollari borlar maxsus davlat do‘konlaridan yoki finlarning «Stockmann»iga o‘xshash xorijiy supermarketlardan chet el tovarlarini xarid qilishlari mumkin edi.
Shveysariyaning chiroyli shokoladlari va fransuz sut mahsulotlari imtiyozli mijozlar: diplomatlar, xorijiy muxbirlar va «nomenklatura» a’zolarining savatlaridan joy olardi. «Nomenklatura» termini sovet hukmron tabaqasini bildiradi. Boltiqbo‘yidagi Litvadan boshlab Kavkazdagi Gurjistongacha partiyaviy elita mustaqillik ilinjida Gorbachyov bilan aloqalarini uzgan edi.
O‘sha yillari hududiy jihatdan dunyodagi eng katta davlat bo‘lgan SSSRni kezib chiqish 11 ta soat mintaqasini o‘z ichiga olgan imperiyani kashf qilishni anglatardi.
Mixail Gorbachyov Sovet ittifoqining hududiy yaxlitligini saqlab qolish uchun kurashardi. Ammo 1991 yil 8 dekabr kuni unga telefon orqali mintaqaviy rahbarlar markaziy hokimiyatni inkor qiluvchi bitimni imzolashgani haqidagi mudhish xabarni yetkazishadi.
Gorbachyov bilan gaplashish vazifasi Belarus rahbari va uchrashuv tashkilotchisi bo‘lgan Stanislav Shushkevichning chekiga tushadi. Ushbu tarixiy lahzalardan bir necha hafta o‘tgach u «Folha»ga bergan intervyusida sovet prezidentining bu voqeaga reaksiyasi haqida gapirib berdi: «Gorbachyov judayam tashvishga tushib qoldi. Uning menga har doim senlab murojaat qiladigan qiziq odati bor edi. Lekin o‘sha suhbatda u menga birinchi marta sizlab murojaat qildi».
Ichki ishlardan ajratib qo‘yilgan Gorbachyov Kremlni tark etishga majbur bo‘ldi. Bir guruh reportyorlar uning xayrlashuv nutqini kuzatib turishdi. Iste’foga chiqish haqidagi hujjatlarni imzolayotganida 1990 yilgi Nobel tinchlik mukofoti laureatining SSSRda ishlab chiqarilgan ruchkasi yozmay qoldi.
Reportyorlar orasida bo‘lgan CNNning o‘sha paytdagi prezidenti Tom Jonson kissasidan «Mont Blanc»ini chiqarib Gorbachyovga berib turdi va natijada tarixiy imzo chet el ruchkasida qo‘yildi. Farosatli odamlar bu nimaning ramzi ekanligini o‘sha zahoti anglab yetishdi.
Jayme Spitskovskiy (Jaime Spitzckovsky)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter