Misr siyosiy va gumanitar aloqalarni tiklamoqda
Misr tashqi ishlar vazirining arablar ishlari bo‘yicha yordamchisi Yosir Usmon va Qatar tashqi ishlar vazirining mintaqaviy masalalar bo‘yicha maxsus vakili Ali bin Faxad Xajriy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Misr va Qatar munosabatlarni qayta tiklash bo‘yicha maslahatlashuvlarning uchinchi davrasini olib bordilar. Tomonlar aloqalarni tiklash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashdi. Pochta, fuqaro aviatsiyasini qayta yo‘lga qo‘yishga ham kelishib olindi.
Qatar 2013-yilda hokimiyatni yo‘qotgan «Musulmon birodarlari» harakatining asosiy homiysi bo‘lgani uchun yangi ma’muriyat aloqalarni uzgan edi. 2021-yil yanvarda esa iqtisodiy va sayyohlik aloqalari tiklangan edi.
Yaqinda Sharm ash-Shayx shahrida prezident Abdul Fattoh As-Cisi Isroil bosh vaziri Naftali Bennet bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Bu Isroil bosh vazirining so‘nggi 11 yilda Misrga ilk tashrifi hisoblanadi. Uch soat davom etgan muloqot chog‘ida mintaqada tinchlik jarayonlarini qayta tiklash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. G‘azo sektori atrofidagi ziddiyatlar kun tartibidan o‘rin olgan edi.
Ta’kidlash kerakki, pandemiya sababli katta iqtisodiy zarar ko‘rayotgan rasmiy Qohira hozirda sayyohlar sonini oshirishga katta urg‘u berayapti.
Mamlakat yalpi ichki mahsulotining 9 foizini beradigan tarmoq 2020-yildagi cheklovlar natijasida 55 foiz daromadlarini yo‘qotdi. Bu so‘nggi o‘n yillikda kuzatilmagan misli ko‘rilmagan yo‘qotish bo‘ldi.
«Mamlakatda dam olishga kelgan yoki tomosha qilish istagida qadam qo‘ygan mehmonlarda koronavirus aniqlansa, tibbiy xarajatlar hukumat tomonidan to‘lab beriladi», — deya bayonot berdi mamlakat sayyohlik va qadimiylik vaziri Holid al-Ananiy.
Bu haqda xabar olinishi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sayyohlik vazirliklariga murojaat qilinadi. Sayyoh yengil shaklda bemor bo‘lsa, mehmonxonada alohida joylashtirilib, barcha sharoitlar yaratiladi. Og‘ir kasallar esa shifoxonaga joylashtiriladi va sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan xarajatlar qoplanadi.
«Sayyohlik qayta tiklana boshladi, yilning ikkinchi yarmida, emlashlar ko‘payishi bilan tarmoq yana rivojlana boshlaydi. Avgust oyidan rus sayyohlari Qizil dengiz kurortlariga kelishi bo‘yicha reyslar tiklangani ham bunga katta imkon bermoqda», — deydi Arab sayyoh gidlari ittifoqi bosh direktori Islom Fares.
Rossiya 2015-yilda 224 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan avialaynerdagi portlashdan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni taqiqlab qo‘ygan edi.
Dildora Shomurodova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter