Mirzo Ulug‘bekka maktub yozgan Nobel mukofoti laureati
Buyuk qomusiy olim, «astronomiya shahzodasi» Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi bu yil jahon hamjamiyati tomonidan keng nishonlanadi. Ertaga, 22 mart — Mirzo Ulug‘bek tavallud topgan kun.
Ushbu muhim voqea arafasida «Samarkandiana» ensiklopedik loyihasiga dunyoning turli davlatlari tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda. Jumladan, shveysariyalik taniqli astrofizik olim, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Mishel Mayor Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) qoshida yangi tashkil etilgan «Inson. Madaniyat. Tinchlik» xalqaro ilmiy va o‘quv markazi tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan xuddi shu nomli xalqaro dasturda qatnashish taklifimizni mamnuniyat bilan qabul qilib, ijobiy javob berdi.
Professor Mishel Mayor o‘z murojaatida shunday yozadi: «Hurmatli Anatoliy! Bildirgan tilaklaringiz uchun tashakkur! Bu xabarga shaxsan Ulug‘bekka murojaat qilib yozgan «maktub»ni ilova qilaman! «Samarkandiana» ensiklopedik loyihasi muvaffaqiyatli davom etmoqda, degan umiddaman va barchangizga ezgu tilaklarimni bildiraman!».
Samarqandga yuborilgan suratlardan birida shunday yozuvga ko‘zimiz tushadi:
«Mening buyuk va mashhur hamkasbim Mirzo Ulug‘bek izidan.
Mishel Mayor».
Jenevadan «astronomiya shahzodasi»ga yo‘llangan maktubda quyidagi fikrlar bildirilgan:
«Mirzo Ulug‘bekka!
Sizning hukmronlik qilgan yillaringizda Samarqandda yaratilgan Pegas yulduz turkumining tasviri naqadar go‘zal! Osmonning mening qalbimga naqadar yaqin bo‘lgan bu hududida birinchi kashf etilgan ekzosayyora — Pegas 51 joylashgan. Asrlar davomida biz osmonni o‘rganishni ishtiyoq bilan yaxshi ko‘rgan Siz kabi buyuk hamkasbimiz xotirasini qadrlab kelmoqdamiz. Men Siz bilan suhbatlashishni va Siz ijod qilgan davrlardan beri qancha yutuqlarga erishganimiz haqida Sizga aytib berishni juda xohlardim.
Mirzo Ulug‘bek!
Koinotni o‘rganishimizga qo‘shgan behisob hissangiz uchun sizga cheksiz ehtiromimni bildiraman!
Mishel Mayor, Jeneva universiteti astronomiya professori, fizika fanlari bo‘yicha Nobel mukofoti laureati (2019)».
Mishel Mayor butun dunyoga dong‘i ketgan mashhur olimlardan biri. U «Quyosh ortidagi dunyo kashfiyotchisi» va «yulduzlar ovchisi» nomlari bilan tanilgan.
Jeneva universitetining faxriy professori Mishel Mayor Xalqaro astronomiya ittifoqining (MAC) galaktik tizimning tuzilishi va dinamikasi, Quyosh ortidagi sayyoralarni o‘rganish maqsadida tuzilgan hamjamiyatga rahbarlik qilgan. Bundan tashqari, Yevropa janubiy observatoriyasining ilmiy-texnika qo‘mitasi va astrofizika va astronomiya fanlari bo‘yicha Shveysariya jamiyati rahbari vazifasida hamda Jeneva rasadxonasi direktori kabi qator nufuzli lavozimida faoliyat yuritgan. Ko‘plab xalqaro mukofotlar sohibi, dunyoning nufuzli akademiyalari a’zosi hisoblanadi. Hatto bitta asteroidga uning (125076 Mishelmayor) nomi berilgan.
1995 yilda professor o‘zining aspirantlaridan biri Dide Kueloz bilan hamkorlikda Quyosh tizimidan tashqaridagi birinchi sayyora — Somon yo‘li galaktikasida Quyoshga o‘xshash yulduzni aylanib yuruvchi 51 Pegasi b (51Peg b) ekzosayyorasini kashf etadi. Ekzosayyoralar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan ushbu inqilobiy kashfiyot uchun har ikkala olim Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
2022 yilda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tomonidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ishtirokida va Eriell kompaniyalar guruhi ko‘magida Mirzo Ulug‘bekning «Ziji Ko‘ragoniy» astronomik asarining nodir nashri tayyorlandi va o‘zbek, rus, ingliz va xitoy tillarida nashr etildi.
Darvoqe, suratlar bizga Mishel Mayor tomonidan alohida ehtirom bilan yuborilgan.
Anatoliy Ionesov,
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti
qoshida tashkil etilgan xalqaro ilmiy va o‘quv markaz direktori,
«Samarkandiana» ensiklopedik loyihasi muallifi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter