Mirziyoyevning Tojikiston safari xususida rasmiy xabar berildi
Bir muddat oldin O‘zbekiston Prezidentining 18-19 aprel kunlari davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.
Prezident Matbuot xizmati oliy darajadagi ushbu tashrif qo‘shni davlat yetakchisi Emomali Rahmonning taklifiga binoan amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tashrif dasturiga muvofiq, Dushanbe shahrida oliy darajadagi muzokaralar, qator ikki tomonlama uchrashuv va qo‘shma tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kun tartibidan O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.
Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi, hududlar o‘rtasidagi aloqalarni, madaniy-gumanitar va turizm almashinuvlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar.
Sammit yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter