Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mingbuloqning og‘zi shaloq hokimi bitta uzr bilan qutulib qolmadi

Mingbuloqning og‘zi shaloq hokimi bitta uzr bilan qutulib qolmadi

Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati

Namangan viloyatining Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyev ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Bu haqda «Xabar.uz»ning so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hokim Namangan viloyat ma’muriy sudining shu yil 10-yanvar kungi qarori bilan MJtKning (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks) 41-moddasida ko‘z tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida, ya’ni 4.460.000 so‘m jarima jazosiga mustahiq etildi.

Hokimga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan qo‘zg‘atilib, mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgandi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda Mingbuloq tumani hokimi N.Xudoyberdiyevniki deyilgan audio tarqab, unda ilonlar po‘st tashlagudek haqoratlar yangragandi. Keyinroq ayni masala Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov boshchiligida muhokama etilib, rahbarning bunday tarzda ishlashi keskin tanqid qilinib, qattiq ogohlantirilgan, o‘z navbatida N.Xudoyberdiyev ham «aybini to‘liq tan olib, yig‘ilganlar hamda tuman xalqidan kechirim» so‘ragan edi.

Aftidan, Mingbuloq hokimi boshqa hamkasblaridan farqli ravishda haqorati uchun bitta uzr bilan qutulmabdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring