«Milliy bank» sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etmoqda
Kecha tennis bo‘yicha «NBU Kubogi» bo‘lib o‘tdi. Musobaqa Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirish zarurligini ko‘p bora ta’kidlab o‘tgan edi. Jumladan, 2020 yil, 30 oktyabr sanasida davlat rahbarining «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan.
«O‘zmilliybank» AJ tomonidan ushbu farmon doirasida tennis musobaqasi tashkil etildi. Davlat boshqaruv organlari, vazirlik va idoralar rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada 30 nafar havaskor-sportchi qatnashdi. Barcha ishtirokchilar olimpiya tizimida 15 ta juftlikka ajratildi. Musobaqani xalqaro professional hakamlar boshqarib bordi va O‘zbekiston tennis federatsiyasi shifokori sportchilar sog‘ligini kuzatib turdi.
Qur’a natijasiga ko‘ra barcha juftliklar guruhlarga bo‘lindi. Har bir guruhda bahslar davra tizimida o‘tkazildi. Eng ko‘p ochko jamg‘argan ikkita juftlik pley-offga yo‘l oldi va birinchi hamda uchinchi o‘rinlar uchun kurash olib bordi.
Bahs yakuniga ko‘ra g‘oliblikni Furqat Karimov va Yorqin Zoirov juftligi egallab, «NBU Kubogi»ni qo‘lga kiritishdi.
Musobaqada ikkinchi o‘rinni Valeriy Tyan / Vladislav Shegay juftligi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Muxsin Ashurov / Artur Maurerlarga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Xamidullayevich Nabiyev, Milliy Olimpiya Qo‘mitasi raisi Rustam Mavzurovich Shoabdurahmonov hamda «Milliy bank» AJ Boshqaruvi raisi Alisher Qudratullayevich Mirsoatov ishtirok etdi.
Havaskorlar o‘rtasidagi ushbu musobaqa an’anaviy ko‘rinish olishi musobaqa davomida ta’kidlab o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter