Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MIB o‘zining «majburiy» maqomidan ayrilishi mumkin

MIB o‘zining «majburiy» maqomidan ayrilishi mumkin

Foto: «Xabar.uz»

So‘nggi vaqtlarda Majburiy ijro byurosi haqida yangrayotgan ko‘plab fikrlar, e’tirozlar, tanqidlar ortidan, nihoyat, bu xizmat faoliyati qayta ko‘rib chiqiladiganga o‘xshaydi.

«Xabar.uz»da e’lon qilingan maqolalarning birida O‘zbekiston tarixida MIB misolida misli ko‘rilmagan voqelik — prokuraturaning qonuniy tijoriylashuvi jarayonini boshimizdan kechirayotganimiz haqida mulohaza yuritilgandi. Unda MIBning vazifasi majburiyat emas, aslida xizmat ekani eslatilgandi.


Mavzuga oid: MIB: «Qarzingiz bo‘lsa noxush vaziyatga tayyor turing...»


O‘zi avval boshdanoq bu tashkilotning prokuratura tizimida bo‘lishi turli bahslarga sabab bo‘layotgan edi. Davlatning jazolovchi mexanizmiga aylanib qolishi, albatta, uning obro‘sini oshirmaydi.

MIB Adliya vazirligi huzurida yoki alohida mustaqil tashkilot sifatida, hech bo‘lmaganida, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi qoshida tashkil etilishi kerakligi taklif qilingandi.

«Xabar.uz»ning manbasi xabar berishicha, yaqin vaqt ichida Majburiy ijro byurosi faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda bir necha variant ko‘rib chiqilmoqda va ulardan biri tanlanishi mumkin:

  1. MIB Bosh prokuratura huzurida qoladi va uning nomidagi «majburiy» so‘zi olib tashlanib, byuroga aylantiriladi.
  2. MIBni alohida mustaqil tashkilot sifatida yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqiladi.
  3. MIB Bosh prokuratura tarkibidan chiqarilib, Adliya vazirligi huzurida faoliyat olib boruvchi xizmatga aylantiriladi.

Shuningdek, byuro tarkibi katta qisqartirishlarga tushishi ham aytilmoqda.

Avvalroq, majburiy ijro byurosi qoshidagi «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markazi» davlat unitar korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkazilgandi.

Kuni kecha esa, Prezident farmoni bilan O‘zbekiston prokuratura organlari tizimida ayrim lavozim (jumladan, Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarining ikkita shtat birligi) va boshqarmalar tugatildi, Agrosanoat inspeksiyasi Bosh prokuraturadan Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazildi. Mazkur hujjatdan prokuratura organlarida kadrlar siyosatini qayta ko‘rib chiqish, tizimni o‘z lavozimiga noloyiq, professional va axloqiy talablarga javob bermaydigan xodimlardan tozalashga doir vazifalar ham o‘rin oldi.


Mavzuga oid: Qonundagi bo‘shliqmi bu yoki «Ostrogorskiy-mostrogorskiy»lardan qolgan meros?


Bu o‘zgarishlar nimani anglatadi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda inson manfaatlari, tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish masalalariga deyarli har bir chiqishida alohida to‘xtaladi, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan inson huquqlarining poymol etilishi kabi holatlar uchrab turganini keskin tanqid qilib keladi. Bu borada vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston hukumatining ushbu qadamlarini olqishlamoqda.

Bu yo‘nalishda prezident tomonidan belgilab berilayotgan chora-tadbirlar inson manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan islohotlar hamon davom etayotganini va oldinda bizni jiddiy o‘zgarishlar kutib turganini bildiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring