Meva-sabzavot yetishtirish uchun aholiga 60 ming gektar yer tarqatiladi
Yig‘ilishda meva-sabzavot yetishtirish va eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shu maqsadda aholiga yana 60 ming gektar yerlarni tarqatishga qaror qilindi. Buning natijasida 1,5 million tonna qo‘shimcha mahsulot olib, eksportni yana 200 million dollarga oshirish mumkin bo‘ladi.
Yoshlarni dehqonchilikka yaxshi o‘qitib, bu yerlarda band qilish muhimligi ta’kidlandi.
Aholiga bo‘lib berilgan yer maydonlari hamda tomorqa yerlariga sanoat va kooperatsiyani keng olib kirib, qo‘shimcha 1 milliard dollarlik mahsulot yetishtirish mumkinligi qayd etildi.
Buning uchun 1 trillion so‘m kredit uchun resurs ajratiladi. Ushbu kreditlar kooperatsiya asosida mahsulot yetishtirish, texnika, aylanma mablag‘ uchun 100 million so‘mgacha garovsiz, 150 million so‘mgacha garov ta’minoti 50 foizga pasaytirilgan holda beriladi.
Shuningdek, jami 10 mingta texnika fermer va dehqonlarga 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan lizingga beriladi. Chetdan olib kelinib, lizingga beriladigan motokultivator va minitraktorlarga bojxona imtiyozi 3 yilga uzaytiriladi.
Shuningdek, bu yil 127 ming gektarda tuproq unumdorligini oshirish va 677 ming gektar yaylovlarni degradatsiyadan chiqarish bo‘yicha yangi dastur amalga oshiriladi.
Joriy yilda bog‘, tokzor, sabzavot, poliz, ozuqa ekini va issiqxonadan iborat 1,8 million gektar yerlarni ham to‘liq raqamlashtirishga topshiriq berildi.
Shuningdek, ushbu yerlarda ekinlar joylashuvi, vegetatsiya jarayoni, hosildorligi, mineral o‘g‘it sarfi «Agroplatforma»da yuritiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter