Messi «Real»da o‘ynashi mumkin edi. Bu hazil emas...

Bir bahya qolgan edi...
...13 yoshli Lionel Messi Argentinaning Rosario shahri yulduzi edi. Gazetalar u haqda yozishardi, jamoatchilik yangi iste’dodni muhokama qilardi. Uning dong‘i poytaxt Buenos-Ayresgacha yetib bordi. «River Pleyt» klubi vakillari yosh futbolchini o‘rgana boshlashdi.

2000 yili Messilar xonadoniga Rosarioda faoliyat yurituvchi «Marka» futbol agentligi vakillari — Martin Montero va Fabian Soldinilar kelib, bolakayni Yevropaning grand klublariga tavsiya qilish lozimligini aytishadi. Shu yilning avgust oyida ular «Marka»ning Yevropadagi hamkorlaridan biri Orasio Gadjoli bilan yangi iste’dod haqida gaplashishdi. Gadjoli ham asli rosariolik bo‘lib, 70-yillarda Barselonada ko‘chmas mulkka investitsiya kiritgan va Kataloniya superklubi aksiyadorlaridan biri, o‘sha paytdagi klub prezidenti Joan Gasparning maslahatchisi Xosep Mariya Mingelya bilan tanishligi bor edi. Agentlar Gadjoliga Leoning o‘yinlari yozilgan kassetani yuborgach, «Barselona» ko‘rigiga taklif oldilar.

2017 yilning yozida Orasio Gadjoli «Globoesporte»ga bergan intervyusida qiziq ma’lumotni aytib o‘tdi: «Ba’zi sabablarga ko‘ra men o‘sha paytda Ispaniya poytaxtiga emas, Barselonaga ko‘chib o‘tdim. Agar Madridga ko‘chganimda, Messi «Real»da bo‘lishi ham mumkin edi».
2000 yilning 17 sentyabrida Leo va Xorxe Messilar agent Fabiano Soldini bilan birgalikda Barselonaga uchishdi. Aeroportda ularni Orasio Gadjoli kutib turardi. Keyingi kun Leo maydonga tushdi va raqib darvozasiga 6 ta to‘p kiritdi. Murabbiylar yigitchaga qoyil qolishdi. Lekin ular «Barsa»ning sport direktori Karles Reshaksiz qaror qabul qilisholmasdi. U esa Avstraliyada bo‘lib o‘tayotgan Olimpiya o‘yinlariga ketgandi. Reshakning kelishiga Leoni jiddiy sinov kutardi. U o‘n besh yashar bolalar bilan birga maydonga tushishi zarur edi. Ammo Leo o‘zidan kattalar bilan ham shunchalik zo‘r o‘ynadiki, kichik yoshdagilar murabbiylari «biz uni zudlik bilan olishimiz kerak!», deb baqirib yuborishdi.
Ikki kundan so‘ng Leo va Xorxe Argentinaga yaxshi kayfiyatda qaytishdi. Reshak ularni yaqin vaqt ichida Barselonaga chaqirishini va shartnoma imzolanishini aytib, ishontirdi.
Ammo, bir necha hafta o‘tsa hamki, chaqiruvdan darak yo‘q edi. Xorxe ham, Soldini ham ancha asabiylashdi. «Barselona» kelishuvni paysalga sola boshladi. Chunki yosh yigit bilan tuzilajak shartnoma munozarali, loyiha o‘zini oqlamasligi ham mumkin edi. Birinchidan, Leoning bo‘yini o‘stirish uchun narxi qimmat bo‘lgan maxsus ineksiya qilinishi lozim edi. Bu esa La Masiya g‘aznasiga putur yetkazardi. Ikkinchidan, Leo yotoqxonada yashashni xohlamadi. Messi oilasi bilan ko‘chib kelishni xohlayotganligi uchun, alohida uy ijaraga olinishi lozim edi. Butun oila uchun yashash joyi, ko‘chib kelish va davolanish xarajatlari — garchi u o‘ta iste’dodli futbolchi bo‘lsa ham, klub uchun ortiqchalik qilar edi.

2000 yilning 14 dekabrida «Pompey» tennis klubining restoranida Reshak, «Barsa»ning direktorlaridan biri, bir paytlar klubga Diyego Maradonani olib kelgan Mingelya va Leoning vakili Orasio Gadjolilar uchrashishdi. «Karles, juda cho‘zilib ketdi. Leo yo «Barselona»da o‘ynaydi yo boshqa klub topaman. Qo‘rqitmoqchi emasman, biz «Real» bilan jiddiy muzokara olib bordik», — dedi Gadjoli...
«Men bu bolakayni qo‘yib yuborishni istamadim va qog‘oz sochiqni olib: «Klub Leo Messi bilan kelishilgan shartlar bo‘yicha shartnoma tuzishini va’da beradi» deb yozdim, imzo chekib, uni Orasioga berdim. Gadjoli va Mingelya ham sochiqqa qo‘l qo‘yishdi», — deb eslaydi Reshak keyinchalik.
Qog‘oz sochiqdagi jentelmenlik kelishuviga «Barsa» bir necha kafolat xatlarini ham qo‘shib qo‘ydi. Ularda oila uchun ijaraga olinadigan uy, o‘qish uchun maktab, hatto otasining yangi ishidagi maoshigacha ko‘rsatilgan edi. Messilar oilasi 2001 yil 15 fevralda «butun tarkibi» bilan ko‘chib keldi...

2001 yilning yozida «Barselona»ga yangi bosh direktor Xaver Peres Farguyell keldi. U Leo bilan tuzilgan ilk shartnomani ko‘rib, 100 million pesetalik (600 ming yevro) maoshdan hayratlandi va yosh bola uchun bu juda katta summa ekanligini aytdi. Shartnoma qayta ko‘rib chiqildi va klub Messi uchun 20 million peseta (120 ming yevro) to‘lashni bo‘yniga oldi.
Shundan so‘ng, tomonlar bir necha bor kelishishga harakat qilishdi. Ammo muzokara boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi. Direktorlardan biri o‘shanda: «U o‘zini Maradonaman deb o‘ylayaptimi? Shartnomani bekor qilib, bolani Argentinga jo‘natib yuborish kerak!», — degan fikrni bildirgan edi.
Xorxe Messi ham «Barsa» bilan muzokaradan umidini uzgan vaqtda «Real» sport direktori Xorxe Valdano qo‘ng‘iroq qiladi. U Madrid klubi Leo uchun mavsumga 20 million peseta yoki undan ham ko‘proq berishi mumkinligini aytadi. Tabiiyki, Valdano «Barselona» bilan urush qilish niyatida emas edi. Shuning uchun ham bu taklifni oshkor qilmaslikni so‘raydi. Qaror qabul qilish Messilar oilasida qolgan edi.
Bu paytda «Barsa» rahbariyati ham ancha o‘zgarib, keyingi muzokaralarda Messiga yon bosadi. Yangi shartnomada 100 million pesetalik maosh, uy ijarasi va bir qator boshqa to‘lovlar ham ko‘rsatilgan edi.

Agar Reshak o‘sha qog‘oz sochiqqa imzo qo‘ymaganda, Leo Messi bugun «Real»da o‘ynashi ham, futbol tarixi ham umuman boshqacha tus olishi mumkin edi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter