Messi Pelening rekordini yangilaganini «Santos» tan olmayapti
Argentinalik futbolchi Lionel Messi «Barselona» klubidagi gollarini 644 taga yetkazib, futbol tarixida bir jamoa safida eng ko‘p gol urgan o‘yinchiga aylangani, futbol qiroli Pelening «Santos»dagi (643 ta gol) tarixiy rekordini yangilagani haqida xabar bergandik.
«Santos» rasmiy saytida «Barselona» sardori Lionel Messi Pelening bitta klub uchun gol urish bo‘yicha rekordini yangilagani rad etilgan bayonot e’lon qilindi. Braziliya klubi rahbariyatining fikricha, statistikada o‘rtoqlik o‘yinlarida urilgan gollar ham hisobga olinishi kerak. Ana shunda Pelening gollari soni 1091 tani tashkil etadi. Bu gollar hisobga olinmadi, chunki ko‘pgina gollar kuchsiz raqiblar bilan o‘yinlarda urilgani aytilmoqda.
«Pele o‘rtoqlik o‘yinlarida 448 ta gol urgan, ular unchalik katta ahamiyatga ega emas, deya hisobga olinmadi, — deyiladi klub bayonotida. — Gollar Meksikaning «Amerika», Chilining «Kolo Kolo», Italiyaning «Inter», Ispaniyaning «Real» kabi kuchli jamoalari va mavsum yetakchilariga qarshi o‘yinlarda urilgan. Messi o‘ynaydigan «Barselona»ning o‘zi esa Peledan to‘rtta o‘yinda to‘rtta gol o‘tkazib yuborgan. Ba’zi tarixchilarning ta’kidlashicha, Pele ushbu 448 ta golning aksariyatini kuchsiz yoki mahalliy jamoalar darvozasiga urgan. Ammo shunga qaramay, ushbu uchrashuvlar barcha rasmiy qoidalarga muvofiq o‘tkazilgan. Statistik ma’lumotlarni tuzishda raqiblar darajasini baholash noto‘g‘ri. Statistika nuqtai nazaridan «Eybar» darvozasiga urilgan gol «Valensiya»ga urilgan goldan kam emas. Xuddi shuningdek, «Real Madrid» darvozasini ishg‘ol qilish Surinamning «Transvaal»iga gol urishdan farq qilmaydi. Shuni ham inobatga olish kerakki, o‘sha paytlarda futbolchilar hozirgiga qaraganda jahon chempionatiga ko‘proq tayyorgarlik ko‘rishgan. Pele 1962, 1966, 1969 va 1970-yillarda «Santos» tarkibida ikki oy o‘ynamagan», — deyiladi bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter