Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Menga bir gap kamlik qiladi, ikki gap ko‘p...»: Abdulla Oripovning rafiqasi bilan suhbat

«Menga bir gap kamlik qiladi, ikki gap ko‘p...»: Abdulla Oripovning rafiqasi bilan suhbat

O‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, haqiqat kuychisi, jamoat arbobi, o‘zbek she’riyatining zabardast namoyandasi, davlat madhiyasi muallifi, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekis­ton xalq shoiri Abdulla Oripovning rafiqasi, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibasi Hanifa Mustafo qizi bilan suhbatimiz shoirning kundalik hayoti, insoniy qiyofasiga oid chizgilar haqida kechdi.

 – Hanifa opa, siz xalq suygan ulug‘ shoirning rafiqasi, el e’tiboridagi, barcha havas qiladigan baxt­­li o‘zbek ayolisiz. Ana shunday tolega musharraf bo‘lish taqdiringizga bitilgan kunlarni xotirlasangiz. 

– Qaynotam onamning tog‘alari bo‘ladilar. Biz bir qishloqdan, bir mahalladanmiz. Bir maktabda o‘qiganmiz. Men 1-sinf­­ga borganimda Abdulla aka yuqori sinfga, «Komsomol» nomidagi boshqa maktabga ketganlar. Shuning uchun ularni ko‘p ko‘rmaganman.

1965-yilning may oyi edi. Abdulla aka Toshkentdan ta’tilga kelgan ekanlar. Oilada kenja o‘g‘ilni uylantirish masalasi hal qilinayotgan bir paytda ularning ko‘chasidan o‘tib qolganman. Shunda Abdulla akaning menga nazari tushib qolgan ekanmi, xullas, shoirning bir umrlik yo‘ldoshiga aylandim. Meni shunday odam bilan taqdirimni bog‘lagani uchun xudoyimga hamdu sanolar aytaman. 

– Turmushga chiqqaningizda juda yosh bo‘lgan ekansiz. Yangi oilaga kelin bo‘lib tushib, unga mehr berishingizda kimning hissasi ko‘proq?

– Onamning, albatta. Onam tog‘alarini, ularning oilasini yaxshi ko‘rardi, hurmat qilar edi. Buning, albatta, biz, bolalarga ta’siri katta bo‘lgan. Onam 3 yoshli singlisi bilan o‘zi 5 yoshdaligida onasidan yetim qolgan va tog‘alari Orif boboning qaramog‘ida ulg‘ayishgan. Onam «O‘n qo‘li o‘n hunar» mehnatkash ayol edi. Mehnati bilan har qanday muammoga yechim topa olardi. Biz, farzandlaridan ham shuni talab qilar edi.

Endi mushohada etib ko‘rsam, onamning hayoti mehnat va sabr degan aqidaga asos­langan ekan. 

 – Ijodkorning rafiqasi bo‘lish oson emas. Ijod ahli borki, injiq va talabchan bo‘ladi. Ayol fidoyi bo‘lmasa, o‘zligidan kechmasa ijodkor bilan yashashi mushkul. Bu fikrga qanday qaraysiz?

– 1967 yilning 20 avgustida to‘yimiz bo‘ldi. To‘yda Abdulla akaning do‘sti Shukur Xolmirzayev «Gamlet» monologini o‘qigan, shuningdek, shoir To‘lqin va Nizom Komilovlar ham she’rxonlik qilishgan. Hatto Abdulla aka ham to‘yda Erkin Vohidovning «Azganush» va o‘zining «Yozajakman» she’rini o‘qiganlar. O‘shanda men birinchi marta Abdulla akaning she’rini o‘z ovozida eshitganman. Aslida 8-sinfdaligimdayoq «Lenin uchquni» gazetasida chiqqan «Etgali» she’rini yod olgan edim, haliyam yodimda.

To‘ydayoq so‘zga chiqqanlarning gaplaridan, menga qilgan o‘gitlaridan oddiy yigit bilan turmush qurmayotganimni, umr yo‘ldoshim juda nozik va e’tibortalab kasb egasi ekanini, bu mening zimmamga katta mas’uliyat yuklashini anglaganman. 

Abdulla aka to‘ydan keyin: «Menga bir gap kamlik qiladi, ikki gap ko‘plik qiladi. Bir yarimta gapni topishga harakat qilgin», deganlar. Shu bir og‘iz gapidan men ularning naqadar talabchan va injiq ekanligini ang­laganman. Aytishim mumkinki, bir umr ana shu bir yarim gapni topishga harakat qildim.

Haqiqatan ham u kishi juda talabchan edilar: so‘z tanlashda, kiyinishda, taomlanishda... 

She’r yozsalar, bir she’rni 10 – 20 martalab qayta ishlashdan, o‘zgartirishdan erinmasdilar, takror-takror o‘qib va o‘qitib ko‘rardilar. Biron satrida tutilish bo‘lsa, albatta, shu so‘zni qayta ishlardilar. Ijod borasida ular uchun kecha va kunduzning farqi yo‘q edi.

Ularning xobbilari kiyim borasida bo‘yin­bog‘, taom jabhasida asal yig‘ishni yaxshi ko‘rardilar. Bir gal Moskvada, kasalxonada davolanganlar. Kasalxonadan chiqadigan kuni bir shogirdi ustozini xursand qilmoqchi bo‘lib, do‘kondan yangi bo‘yinbog‘ olib borgan. Abdulla aka esa toki o‘zining bo‘yinbog‘ini olib kelmagunicha kasalxonadan chiqmay o‘tiraverganlar.

Taom masalasida ham juda ta’bi nozik edi. Uyimizda deyarli har doim mehmon bo‘lardi. Xonadonimizda milliylikka juda e’tiborli edilar. Nonushtaga shirguruch yeyishni, kechki ovqatga chuchvara va oshni yaxshi ko‘rardilar.

– Ustozga bunchalik talabchanlik kimdan o‘tgan, deb o‘ylaysiz?

– Qaynonam Turdixol momo rahmatli juda kibor ayol bo‘lganlar. Ta’bi nozik, xalq tilida aytganda, oqsuyaklardan bo‘lgan. Bu xarakter mening farzandlarimga ham o‘tgan.

– Umr yo‘ldoshingizning xarakteridan ranjigan paytlaringiz ham bo‘lganmi?

 – Yo‘q, hech qachon og‘rinmaganman. Aksincha, xatolarni o‘zimdan izlashga, uni takrorlamaslikka harakat qilar edim. Nimaiki xizmat qilgan va hurmat ko‘rsatgan bo‘lsam, barchasini sid­qidildan, chin yurakdan qilganman. Chunki o‘zim she’riyatni, adabiyotni yaxshi ko‘rar edim. Adabiyot olamida yashash menga zavq bag‘ishlar, 6 nafar bolamning tarbiyasidan ortib, Abdulla akaning she’rlarini ko‘chirib berishga, takror-tak­ror o‘qishga vaqt topardim. Farzandlarimning har biri otasining yaqin ko‘makchisi edi. Yangi yozilgan she’rni mashinka yoki komp­yuterda otasi aytganidek qayta-qayta ko‘chirishdan charchashmas edi. Bugungi kunda ham otasining she’rlarini muxlislariga yetkazishda tinim bilishmaydi.

– Abdulla Oripov ijodiga hukumatimiz hamisha katta e’tibor qaratib kelgan. O‘tgan yili 80 yillik yubileyi ko‘tarinki ruhda o‘tdi, kitoblari nashr etilyapti, ustoz nomidagi ijod maktabida iste’dodli yoshlar tahsil olishyapti... Muxlislarining sanog‘iga yetib bo‘lmaydi... 

– To‘g‘ri, Abdulla Oripov she’riyati bugun rosmanasiga qadr topdi. Bundan shukronadaman. Ammo bir narsaga xafa bo‘laman. Shoir ijodiga bag‘ishlangan tadbirlarda ba’zi yoshlarning uning she’rlarini buzib o‘qiganini eshitib qolaman. O‘quvchi va o‘qituvchilarning e’tiborsizligidan dilim og‘riydi. Menga bu she’rlarning har bir sat­ri yod bo‘lib ketgan. Yaxshiyam eshitmayaptilar deyman, eshitganlarida chiday olmasdilar, qattiq ranjir edilar. Ohang buzilsa, indamasliklari mumkin edi, ammo so‘z buzib o‘qilsa, bunga bardosh berolmasdilar.

– Abdulla Oripov o‘zbek she’riyatini yuksak cho‘qqiga chiqara olgan, o‘zining betakror misralari bilan keksayu yoshning qalbidan joy olgan shoir. Uning qalbini ko‘proq nimalar junbishga solardi?

– Ularni nimalar to‘lqinlantirmas edi, deng. Hech qachon ma’lum vaqtda ijod qilmaganlar. She’riyatiga razm solsangiz, murojaat qilmagan mavzusi qoldimikan, deb o‘ylaysiz. Hamisha fikru xayollari she’r bilan bog‘liq bo‘lardi. Biz oilada bunga ko‘nikkan edik.

– Abdulla Oripovning farzand tarbiyasiga, bolalariga munosabati qanday edi? Ota sifatida, umr yo‘ldoshi sifatida qanday inson edi?

– Oilada juda qattiqqo‘l inson edilar. Hech narsani nazaridan qochirmasdilar. Bolalarning gapirishi, so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz etishiga e’tibor berardilar. O‘zbek tiliga rus tilini aralashtirib gapirganni yomon ko‘rar, bir tilga ikkinchi tilni aralashtirma, har bir tilning sofligini saqlash kerak, derdilar.

Farzandlarimizga kasb tanlashda ham Abdulla akaning gapi menga dasturilamal bo‘ldi. Katta qizim Shoiraxon shifokor bo‘ladi, qariganimda meni davolaydi dedi, aytganiday bo‘ldi. Ilhomjonni adabiyot maydoniga kirsa mendan zo‘r bo‘lib kirsin, bo‘lmasa kirmagani ma’qul, deganlari uchun uni iqtisod sohasiga yo‘naltirganmiz. Ammo baribir, hamma farzandlarimning adabiyotga mehri bo‘lakcha, adabiyotni chuqur bilishadi.

Abdulla akaning eng yomon ko‘rgani – yolg‘onni kechirolmas, samimiylikni qadrlar edilar. Qattiqqo‘l, shu bilan birga, mehribon umr yo‘ldosh edilar.

Men eng kichkina qizimni ham bog‘chaga berganimdan keyin ularning xohishlari bilan maktabga ishga kirdim va 16 yil ishladim. Biror marta ishga borishimga qarshilik qilmaganlar. Zarur holatlardagina maktab­­ga borib, ruxsat olib meni olib ketardilar.

 – Ustoz Abdulla Oripov Alloh nazari tushgan ijodkor edi. Uning asarlari o‘zbek adabiyoti uchun katta ma’naviy xazinadir. Shunday baxtiyor, el sevgan shoirning ham armoni bo‘lganmi?

– O, yillar armoni, yillar armoni,

Armon ko‘rmadim hech sizdan buyukroq.

Insonga tobemas zamon, inchunun,

Inson yuragida alamlar qat-qat.

Faqat bir taskin bor, barchasi uchun

Afsus cheka bilsang shu ham bir davlat.

– satrlari shoir yuragidan chiqqan nidodir. Ular umr bo‘yi xalq dardi, alami, armonini kuyladilar. Har bir she’ridan har qanday savolga javob topish mumkin (Hanifa opa o‘ziga xos sohir va muloyim, shu bilan birga dardli ohangda she’r o‘qiy boshlaydi):

Ollohim kimgadir berdi siymu zar,

Balki rahm ayladi yo‘qsil joniga.

Va lekin to‘ymagin deya besh battar.

Nafsni qo‘shib qo‘ydi yoniga.

 

Ollohim kimgadir berdi mansabni, 

Amal poyalarin qildi mustahkam.

Va lekin narigi tarafdan qurdi,

Qaytib tushadigan zinalarin ham.

 

Ollohim kimgadir berdi iste’dod, 

Mayli, taratgin deb go‘zal kuylarni.

Va lekin bir umr chekkin deb faryod,

Unga hamroh qildi hasadgo‘ylarni.

Hanifa opaning gurunglari tuganmas xazinaga o‘xshaydi. Boz ustiga har bir savolga xalqning sevimli shoiri, turmush o‘rtog‘ining she’rlari bilan javob beradi. Ularning biron satri tugul bitta so‘zini ham yoddan chiqarmaydi. Unga she’r yozmaysizmi, deya savol bersam, yo‘q, Abdulla Oripov oldida men she’r yozsam uyat bo‘lardi deydi-yu, gohida ba’zi savollarimga javob sifatida o‘z she’rlarini o‘qiy boshlardiki, she’rlaridagi ma’no va jozidaborlikni ko‘rib, Abdulla Oripov Hanifa opani shoir qildimi yoki aksinchami, degan fikr xayolimdan o‘tadi... Bexosdan bir hikmatli so‘zni eslayman va savolimga javob topganday bo‘laman: «Har bir buyuk inson ortida buyuk ayol turadi!» Hanifa opa buning yaqqol timsolidir!

Saodat MATYoQUB qizi suhbatlashdi. 

(«Adolat» gazetasidan)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring