Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Men tug‘uruq ta’tilidan foydalanishni xohlamayman. Ish joyimga tug‘uruqdan so‘ng qaytishim mumkinmi?

Men tug‘uruq ta’tilidan foydalanishni xohlamayman. Ish joyimga tug‘uruqdan so‘ng qaytishim mumkinmi?

Savol: biz davlat idorasida ishlaymiz. Ish beruvchi bizga yo‘lkira va ovqat pulini xohlasa berishadi, xohlamasa yo‘q. Turli bahonalar qilib berishmaydi. Bunday holatlarda nima qilshimiz kerak?

MK 67-moddasiga ko‘ra, tashkilotning iqtisodiy imkoniyatlari hisobga olingan holda, jamoa shartnomasida boshqa shartlar, shu jumladan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan normalar hamda qoidalarga nisbatan imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (qo‘shimcha ta’tillar, pensiyalarga ustamalar, muddatidan oldin pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlarini kompensatsiya qilish, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning farzandlarini umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bepul yoki qisman haq to‘lanadigan tarzda ovqatlantirish, uyali aloqa, Internet jahon axborot tarmog‘i uchun haq to‘lash, oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qitish uchun ssudalar to‘lash va haq to‘lash, boshqa qo‘shimcha imtiyozlar va kompensatsiyalar) ham bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, MK 246-moddasiga ko‘ra, Mehnatga haq to‘lash tizimlari, shu jumladan tarif stavkalari, maoshlar, kompensatsiya xususiyatiga ega qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar, shu jumladan normal sharoitlardan chetga chiquvchi sharoitlardagi ish uchun shunday qo‘shimcha to‘lovlar hamda ustamalar miqdorlari, rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar tizimlari hamda mukofotlash tizimlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq mehnat shartnomasida belgilanadi.

Demak, agar tashkilotingizning mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarida, masala, jamoa shartnomasida yo‘l kira va ovqat pullari nazarda tutilgan bo‘lsa, ish beruvchi ushbu to‘lovlarni to‘lashi kerak. MK 79-moddasiga ko‘ra, jamoa shartnomasining bajarilishi ustidan nazorat shartnoma taraflarining vakillari, ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiya, mehnat jamoasi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tegishli organlari hamda boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.

Shartnoma taraflarining vakillari har yili yoki jamoa shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishida (konferensiyasida) jamoa shartnomasining bajarilishi haqida hisobot beradi.

Savol: turmush o‘rtog‘im bolalar bog‘chasida aprel oyidan beri shartnoma asosida tarbiyachi bo‘lib ishlab kelyapti. Dekabr oyida «dekret ta’tili»ga chiqishi kerak. Lekin ish joyidan shartnoma asosida ishlab kelayotgan xodimlarga «dekret ta’tili»ga chiqarilmaydi va «dekret puli» berilmaydi, deyishibdi. Bu qanchalik to‘g‘ri? Bundan tashqari shartnoma asosida ishlayotgan xodim mehnat tatiliga ham chiqolmasligini aytgan. Shu xaqida malumot bersangiz, iltimos.

Agar turmush o‘rtog‘ingiz maktabgacha ta’lim tashkilotida (mulkchilik shaklidan qat’i nazar ya’ni davlat yoki xususiy bog‘chami ahamiyati yo‘q) mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan bo‘lsa, MK 404-moddasiga ko‘ra, ayolingizga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.

Agar ish beruvchi «dekret puli»ni to‘lashdan bo‘yin tovlasa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-3-moddasiga ko‘ra ya’ni vaqtincha mehnatga qobiliyasizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlarda to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlaganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda ( 4 million 950 ming so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar ayolingiz bilan mehnat shartnomasi emas fuqarolik huquqiy shartnoma tuzilgan bo‘lsachi? MK ning 11-moddasi 3-qismiga ko‘ra, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni haqiqatda tartibga soladigan fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar tuzish taqiqlanadi.

MK 33-moddasiga ko‘ra, shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan va fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlar tugatilgan taqdirda, ushbu munosabatlarni yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb e’tirof etish sud tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur shartnoma bo‘yicha ijrochi bo‘lgan jismoniy shaxs ushbu munosabatlarni yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb e’tirof etish uchun yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish uchun nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda sudga murojaat qilishga haqlidir.

Savol: men tug‘ishdan ikki kun oldin ta’til olganman. Ammo tug‘uruq ta’tilidan foydalanishni xohlamayman. Ish joyimga tug‘uruqdan so‘ng 56 kunda qaytishim mumkinmi?

MK 404-moddasiga ko‘ra, ayolga tug‘ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanadi.

«Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomaning 27-bandiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi homiladorlikning o‘ttizinchi haftasidan boshlab hududiy ambulator-poliklinikalarning, akusher-ginekolog (umumiy amaliyot shifokori) tomonidan bosh shifokor o‘rinbosari bilan birgalikda bir yo‘la bir yuz yigirma olti kalendar kuniga beriladi.

Tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda homiladorlik va tug‘ish ta’tilini uzaytirish uchun tug‘ruq muassasasi tomonidan yana o‘n to‘rt kalendar kuniga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.

Demak, homiladorlikning o‘ttizinchi haftasidan boshlab Sizga 126 ( yoki 140) kalendar kunga mehnatga layoqatsizlik varaqasi asosida homiladorlik va tug‘ish ta’tili beriladi. E’tibor bering ya’ni bu davrda mehnatga layoqatsiz hisoblanasiz.Demak 126 (yoki 140) kundan keyingina ishga chiqa olasiz, undan oldin esa ishga chiqa olmaysiz.

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin, MK 405-moddasiga asosan xohishingizga ko‘ra bola parvarishlash ta’tili beriladi.

Savollaringizni @xabargayoz_bot ’ga jo‘natishingiz mumkin.

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring