Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Men tugatgan kitob: «Baliqchi va o‘g‘li» yoxud hayot dengizida delfin kabi bo‘l...

Men tugatgan kitob: «Baliqchi va o‘g‘li» yoxud hayot dengizida delfin kabi bo‘l...

foto: https://t.me/timur_books

«Balki baliqchi bo‘lmasligim kerakmidi, deb o‘yladi. Biroq men dunyoga shuning uchun kelganman».

Qissa Xemingueyning mana shu iqtibosi bilan boshlanadi va mazmuni ham shu epigrafga uyg‘unlashib ketadi.

Bir qarashda asarning nomi va Xemingueyning tilga olinishi, «Chol va dengiz»ga taqlidday ko‘rinib, o‘quvchini chalg‘itishi mumkin. Biroq, xulosa chiqarishga shoshilmay, qissani oxirigacha o‘qisangiz, butunlay boshqa taassurotlar va fikrlar qurshovida qolasiz.

Ma’lumki, dunyo yaratilganidan beri uning to‘rtdan uch qismi suvdan iborat bo‘lgan. Ibtidodan beri suv (ummonlar va yomg‘irlar) jami tirik jonnning hayot manbaidir. Ammo suv insonga qanchalik do‘st bo‘la olsa, shu darajada ham dushmanlik qila oladi. Buni antik adabiyotdagi Poseydon (dengiz ma’bud)i obrazi ham isbotlab turadi.

Dengiz timsoli – antik yunon-rim miflari, o‘rta asrlardagi sarguzasht romanlari, hatto Jyul Vern, Jek London, R.L.Stivenson kabi klassiklar ijodida ham muhim o‘rinda qo‘llanilgan ediki, XX asrga kelib ham u Xemingueylar tufayli o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi.

Asli turkiyalik bo‘lmish, Shvetsiyada istiqomat qiladigan yozuvchi Zulfu Livaneli ham bizning davrimizda dengiz obrazidan ustalik bilan foydalanib, ajoyib asar yarata oldi.

Qissa oddiy bir turk dengizchisi – Mustafo va uning vafodor hamda oqila ayoli Ma’suda haqida bo‘lib, mutolaa davomida ularning dengiz to‘lqinlaridek dolg‘ali turmushi qalamga olinadi.

Turkiya azaldan Yevropa va Osiyo uchun ko‘prik vazifasini bajarib kelgani uchun ham ko‘pgina siyosiy nizolar markaziga aylanib ulgurgan. Bu hududda tinimsiz urushlar va inqiloblar ro‘y beradi, zilzilalar tufayli hayot bir qalqib oladi, ba’zida chetdan kelayotgan qochqinlar oqimi qaynab turgan Turkiyani battar olov ichida qoldiradi...

Mustafo va Ma’sudaning hayoti ham sharqlik qochqinlar tufayli o‘zgarib ketadi. Dengizdan topilgan tirik chaqaloq ularning turmushiga kuchli bo‘ronday kirib kelib, ularning sokin hayotiga putur yetkazadi...

Dengiz to‘lqinlarining ovozi va dengizning sho‘r hidi kelib turadigan bu qissada turk qishloqlarida hayot kechiradigan turfa xil kishilarning qiyofalari namoyon bo‘ladi. Bizning sinchkov o‘zbek qishloqlariga o‘xshaydigan bu ovullarda hamma bir-birini taniydi, tekshiradi, kuzatadi, sirlarini biladi. Xullas, hech kimdan sir yashirishning imkoni bo‘lmaydi. Dengizdan chaqaloq topib olib, uni o‘g‘il qilish maqsadida ming bir xiyla o‘ylab topishga uringan er-xotinning sarguzashtlari asarni yanada qiziqarli chiqishiga zamin yaratadi...

Ammo aytish kerakki, Livaneli faqatgina maishiy hayot tasviridan qoniqmaydi, u ixchamgina qissasida ham tabiatga zarar yetkazayotgan shafqatsiz biznesmenlarning qiyofalarini fosh qilishga intiladi, qishloq va shahar o‘rtasidagi tafovut orqali tabiat va boylik o‘rtasidagi global konfliktni ko‘rsatmoqchi bo‘ladi...

Lekin, qissaning qahramonlari faqatgina dengiz va odamlar emas, asarda delfinlar, zaxarli sharbaliqlar ham qatnashadilar.

«Men odamlar delfinlar kabi yaxshi bo‘lishlarini xohlardim» degan iboraning o‘zidanoq asarning gumanistik g‘oyasi yuzaga chiqadi.

Ha, uning qahramonlari Aytmatovning yaxshi-yomon obrazlariga o‘xshab ketadilar. Usta baliqchi Mustafoning baliq tutib, so‘ng ularga rahm qilib, dengizga qo‘yib yuborishlaridan odamning ko‘ngli to‘lib ketadi.

Maqola boshida aytganimdek, bu qissa Xemingueyga taqlid va ergashish emas, aksincha, unga raddiya bir asardir. Qissa avvalida Mustafoga bir sayyoh «Chol va dengiz»ning syujetini aytib berganida u Cholning shafqatsizligidan yozg‘iradi, baliqqa rahmi keladi, «o‘sha baliqchi qarmoq ipini kesib, qani arslonim, yashashga loyiq harakat qilding...» deyishi kerak edi, deydi.

Yozuvchining fikricha, har doim inson bo‘lish kerak! Tabiatga va tirik jonzotlarga ozor bermaydigan yaxshi inson... Dengizdagi delfinlar kabi...

Temur Tangriberganov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring