Men ne, deyman. «Yozmay deyman»ga darhol javob qaytarildi
Men ne, deyman, qo‘bizim ne, deydi, derdi allomayi zamonlar. Mana yozgan postimga darrov javob qaytarishdi. Mening qaysi viloyatda, qaysi tumanda yashashimni bilmasdan, qaysi Mahmudjonning onasi ekanimni surishtirmasdan darrov aybdorlar izlana boshlandi.
Va eng katta aybdor deb bog‘cha opa topildi.
Hozirgina menga bog‘cha mudirasi telefon qildi. «Sharifa opa, siz «Xabar.uz»ga maqola yozibsiz. Mana, bog‘cha tarbiyachisini ishdan bo‘shatyapman. Men hech qanday sovg‘a-salomga, remontga pul yig‘ demaganman», — dedi bog‘cha mudirasi. Telefonning narigi tomonidan tarbiyachining yig‘layotgani eshitilib turibdi.
Mana maqolaga reaksiya. Men bog‘cha opaning uch yillik mehnatini qadrlayman, u eng fidoyi va bilimli, sabrli bog‘cha opalardan biri. Buni inkor etmayman. Bolamni dunyoqarashi kengayishiga, olam-atrofni idrok etishiga juda katta xizmati singdi. Uning mehnatlarini e’tirof etmasam nonko‘rlik qilgan bo‘laman.
Ammo yana kaltak yetimning boshida sinyapti. Yana aybdor bolalarni yaxshi ko‘ruvchi, bilimiyu mehnatidan boshqa quroli yo‘q tarbiyachi bo‘lib qolyapti. Meni bir narsa o‘ylantiryapti. Nega bog‘cha mudirasi podadan oldin chang chiqarib, darrov hali manzilu makon yo‘q maqoladan cho‘chib, darrov hamma mas’uliyatni o‘zidan soqit qilyapti? Nega yana holvani boshqalar yeyaptiyu kaltak yetimning boshiga tushyapti? Nega?
Eng qizig‘i respublikamiz bo‘yicha minglab bog‘chayu maktablarda mahmudjonlaru muniralar bor bo‘lsa-da, rahbarlar darrov o‘zidan hadiksirayapti. Axir u o‘ylashi kerak emasmidi: «Balki bu Qashqadaryoda bo‘layotgan voqeadir, balki Mahmudjon xorazmlik boladir», deb.
Eh! Yana javobi yo‘q savollar?!
Mahmudjonning onasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter