Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Meksikaning energetika islohotlaridan qanday saboq olish mumkin?

Meksikaning energetika islohotlaridan qanday saboq olish mumkin?

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tadqiqotchilari elektr energetikasi sohasini isloh qilishning Meksika tajribasini o‘rganishdi.

Meksikaning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari

O‘rganilayotgan yillarda Meksikaning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari nisbatan ijobiy ko‘rinishga ega bo‘lsa ham mamlakatdagi aholining daromadlar tengsizligi va kambag‘allik darajasining yuqoriligi asosiy og‘riqli nuqatalardan biri bo‘lgan. Chunki o‘sha davrlarda Meksikaning pul-kredit va budjet-soliq siyosati aniq belgilangan fiskal qoidalar hamda inflyasiyani jilovlash (targetlash) maqsadlariga qaratilganligi bilan tavsiflanadi.

*Manba: Xalqaro energetika agentligi; Jahon banki va XVJ ma’lumotlari

Aholining daromadlar tengsizligini ifodalovchi asosiy ko‘rsatkichlardan biri hisoblangan Jini koeffitsiyenti 2000-yilda 0,48 ni tashkil etgan. Shu davrda Meksika umumiy aholisining 46 foizga yaqini kambag‘allik darajasida, shundan 10 foizga yaqini esa qashshoqlik darajasida hayot kechirar edi.

Elektr energetikasi sohasidagi davlat tashkilotlarining hukmronligi

Elektr energetikasi sohasi davlatga tegishli Comision Federal de Electricidad — CFA (Elektr energetikasi bo‘yicha federal komissiya) tashkiloti tomonidan boshqarilar edi. Mazkur tashkilot jami ishlab chiqariladigan elekt energiyasining to‘rtdan uch qismini ishlab chiqarish bilan birga, yetkazib berish va taqsimlash bo‘yicha ham nazoratni to‘liq o‘z qo‘liga olgan edi. 1992-yilda amalga oshirilgan islohotlar sababli sohaga xususiy sektor vakillari kirib kelishni boshladi, biroq xususiylashtirish islohotlaridagi muvaffaqiyasizliklar sababli, xususiy sektorning ulushi bor-yo‘g‘i to‘rtdan bir qismga yetdi. 

Elektr energiyasi uchun o‘rnatilgan tariflarning iqtisodiy jihatdan samarasizligi

Elektr enegetikasi uchun tariflar xarajatlarni qoplash darajasidan past belgilangan edi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, o‘sha davrlarda Meksikada elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun sarflangan xarajat, unga nisbatan iste’molchilar to‘lovining pastligi sababli, qoplanmas edi. Masalan, aholi uchun tariflar xarajatlardan 40 foizgacha, qishloq xo‘jaligida faoliyat yurituvchilari uchun 30 foizgacha past belgilangan edi. Boshqa sohalarda berilgan subsidiyalar nisbatan kamroq bo‘lsa-da, elektr energiyasini ishlab chiqarish xarajatlarini qoplashga yetmas edi.

Subsidiyalarning turlari va asosiy xususiyatlari

Meksikada Moliya vazirligi tariflarni belgilovchi asosiy vakolatli organ bo‘lib, tariflar har oyda bo‘ladigan ishlab chiqarish, taqsimlash va yetkazib berishning bozor xarajatlari bo‘yicha emas, balki ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xom ashyo narxiga moslab belgilanar edi. Umumiy tarif tizimi ham ancha murakkab shaklda tuzilgan bo‘lib, bunda uy xo‘jaliklari uchun yuzlab turli to‘lov tariflari amal qilar edi. Asosiy tariflar blok tariflari sirasiga kirganligi uchun kam iste’mol qiluvchilarga ko‘proq subsidiyalar berilishiga sabab bo‘lar edi. Shuningdek, «yozgi subsidiyalar» deb nomlangan alohida imtiyozli tarif tizimi bo‘lib, ular issiq hududlarda yashaydigan aholiga, sovitish uskunalaridan foydalanganligi uchun sarflagan elektr energiyasi uchun berilardi.

Subsidiyalar fiskal yuki (budjet xarajatlari)ning oshishiga olib keldi

2011-yilda elektr energiyasi uchun berilgan subsidiyalar mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM)ning 0,5 foizini tashkil qildi hamda ushbu ko‘rsatkich keyingi o‘n yillikda ham o‘zgarmadi. Shu bilan birga, davlatning subsidiya siyosati ochiq va shaffof yuritilmas edi. O‘sha vaqtlarda Meksikada «Aprovechamiento» deb nomlangan tizim amal qilar, unga ko‘ra, elektr energiyasi ustidan nazorat qiluvchi tashkilot (CFA) davlatga asosiy vositalardan olingan daromad shaklida 9 foizlik to‘lovni amalga oshirishi lozim edi. Biroq subsidiya siyosati sababli davlat ushbu to‘lovni qaytadan CFAga o‘tkazib berardi.

Elektr energetikasi tizimidagi iqtisodiy samarsizlik oqibatida 2002-yildan boshlab davlat subsidiyalar o‘rnini qoplash bo‘yicha jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kela boshladi.

O‘tkazilgan islohotlar va olingan tajribalar

Meksikada elektr energetikasi sohasini tubdan isloh qilishga qaratilgan bir necha bosqichli islohotlar ko‘zlangan natija bermay, muvaffaqiyatsizlikka uchragan. 

Dastlabki keng qamrovli islohotlar 1999-yilda boshlanib, asosiy e’tibor elektr energiyasi bozorini xususiylashtirishga qaratildi. Prezident Sedilo boshchiligida sohani har tomonlama isloh qilishga qaratilgan islohotlar dasturi e’lon qilindi. Ushbu dasturda elektr energiyasi ishlab chiqarish, taqsimlash va yetkazib berish sohalarini alohida yo‘nalishlarga ajratish, jadal xususiylashtirish, yangi ulgurji energiya bozorini tuzish va bozorni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish maqsad qilindi.

Biroq, bir qancha sabablarga ko‘ra, mazkur islohotlarning natijadorligi kutilganidek bo‘lmadi va sohada jiddiy o‘zgarishlar amalga oshmadi. Bunga quyidagilarni asosiy sabablar sifatida keltirish mumkin:

1. Huquqiy to‘siqlar va kamchiliklar:

  • Amaldagi qonunchilik xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli emasligi;
  • Qonunchilik hujjatlarida, jumladan, konstitutsiya darajasida energetika sohasida xususiy sektor ishtirokini kafolatlash mexanizmining yo‘qligi.

2. Sohadagi manfaatdor guruhlar tomonidan bo‘lgan qarshiliklar:

  • Elektr energiyasi iste’molchilarining turli ko‘rinishdagi noroziliklari;
  • Sohadagi davlat tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarning kasaba uyushmalari orqali xususiylashirishga nisbatan qarshilik ko‘rsatishga urinishlari.

3. Jamoatchilik ishtirokining sustligi:

  • Elektr energetikasida yuzaga kelgan muammolar haqida jamoatchilik orasida yetarli bilim va tushunchalarning cheklanganligi;
  • Xususiylashtirishga nisbatan iste’molchilar orasida salbiy fikrlarning saqlanib qolganligi.

4. Siyosiy sabablar:

  • Davlat tashkilotlari tomonidan siyosiy uyushqoqlikning ta’minlanmaganligi;
  • Islohotlarning amaliy natijadorligini ta’minlash va oxiriga yetkazishda yetarli siyosiy iroda ko‘rsatilmagani (bunga 2000-yildagi saylov asosiy sabab sifatida ko‘riladi. Sedilo 2000-yil noyabrida Meksika prezidentligidan ketgan — tahr.).

Keyingi islohotlar va olingan natijalar

2002-yilda subsidiyalarni qisqartirish bo‘yicha yangi tarif islohotlari o‘tkazildi. Elektr energiyasini ko‘p iste’mol qiladigan iste’molchilar uchun uzoq muddatda marjinal xarajatlarni (qo‘shimcha iste’mol uchun xarajat) qoplashga qaratilgan yangi tarif tizimi ishlab chiqildi. Biroq, mazkur tarifning joriy qilinishi maqsad qilinganidek subsidiyalarning umumiy hajmi qisqarishiga olib kelmadi, sababi, ko‘p iste’mol qiluvchi subyektlarning «yozgi subsidiyalar» hisobiga qayta tasniflanishiga olib keldi. Yuqorida ta’kidlanganidek, «yozgi subsidiyalar» issiq hududlarda yashovchilar uchun taqdim qilinadi va jami subsidiyalarga nisbatan katta ulushni tashkil qiladi.

Islohotlar davrida salbiy ta’sirlarni yumshatish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar

«Yozgi subsidiya» ajratish tizimida mamlakatning issiq hududlarida yashovchi iste’molchilar, havo haroratiga muvofiq, oltita guruhga ajratildi: 25ºC, 28ºC, 30ºC, 31ºC, 32ºC va 33ºC issiqlik guruhlariga.

Birinchi guruhdan oltinchi guruhga qarab subsidiya hajmi oshib boradi. Mazkur tizimning salbiy jihati shundaki, ko‘plab iste’molchilar eng yuqori harorat guruhiga o‘tishga intilib keladi va ko‘proq subsidiya olishi hisobiga davlatga subsidiya yukining ortishiga sabab bo‘ladi.

Meksikada makroiqtisodiy rivojlanish va elektr energetikasi uchun subsidiyalar, 1998–2011 yillar

Ijtimoiy himoyaga qaratilgan «Oportunidades» dasturi

Mazkur davrda Meksikada maqsadli ijtimoiy ko‘mak berishning yangi samarali dasturi (dasturning rasmiy nomi «Oportunidades») joriy qilingan bo‘lib, dastur ancha muvaffaqiyat qozongandi. Mazkur dastur o‘ta qashshoq oilalarga moliyaviy yordam ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lib, asosan bu oilalar farzandlarining ta’lim olishi va oila a’zolarining tibbiy xizmatlardan foydalanishini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qiladi. 2008-yilda bu dasturdan 5 millionta oila doimiy ijtimoiy ko‘mak olgan.

Dastur nafaqat ta’lim va tibbiy xizmatlar uchun, shuningdek, energiya iste’moli uchun ham imtiyozlar taqdim qiladi. Mazkur islohot, boshqa elektr energiyasi va yoqilg‘i sanoatida qilingan islohotlarga nisbatan, ancha samarali amalga oshirildi. Ushbu dasturga sarflangan mablag‘lar davlatning jami elektr va yoqilg‘iga sarflaydigan subsidiya hajmining faqatgina 20 foizga teng miqdorni tashkil qildi.

Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar

  • Elektr energetikasi islohotlarida «Oportunidades» dasturi yutuqlaridan yetarlicha foydalanilmaganini yo‘l qo‘yilgan asosiy kamchiliklardan biri deyish mumkin;
  • Subsidiyalarni ajratishda ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarga ustunlik berish, ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti yaxshi qatlamlarning subsidiyalardan birdek foydalanishi bilan bog‘liq notenglik holatlariga e’tiborni qaratish ekspertlar tomonidan doimiy muhokamadagi mavzu deyish mumkin;
  • Shuningdek, «yozgi subsidiyalar» ajratish tizimidagi, eng ko‘p subsidiya oladigan guruhga noqonuniy yo‘llar bilan qo‘shilib olayotgan iste’molchilar yuzasidan shaffof va adolatli nazoratni yo‘lga qo‘yish masalasi dolzarb hisoblanadi.

Olingan asosiy saboqlar

  • Meksikada tajribasi islohotlarni samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi quyidagi sabablarni tahlil qilish va tushunish imkonini beradi:
  • Yuqoridan pastga qarab boshqariluvchi davlat tashkilotlari islohotlarning sekin va samarasiz bo‘lishiga olib kelishi mumkin;
  • Siyosiy jihatdan davlat tashkilotlari orasida hamfikrlikning yetishmasligi, energetika sohasini boshqarishda davlat hukmronligini ta’minlovchi qonunlarning o‘zgarmasligi, o‘z o‘rnida, islohotlarni o‘tkazishni qiyinlashtiradi;
  • Sohani xususiylashtirish haqida jamoatchilikka yetarli va to‘g‘ri ma’lumotlar berilmasligi, islohotlarga qarshilikni kuchaytiradi;
  • Subsidiya ajratishda iste’molchilarni ko‘p sonli guruhlariga ajratish umumiy subsidiya hajmining kamayishiga olib kelmaydi, balki oshirishi mumkin. Bunda iste’molchilar yuqori subsidiya guruhiga o‘tishga intiladi;
  • Ijobiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar islohotlarni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun yetarli hisoblanmaydi;
  • Islohotlarning foydasi va zarurligi haqidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ijtimoiy loyihalar hamda subsidiya ajratishda shaffof tizimni yo‘lga qo‘yish islohotlarning muaffaqiyatli o‘tishida muhim hisoblanadi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring