Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Meksika ko‘chalari narkokartelga qarshi jang maydoniga aylandi (video)

Meksika ko‘chalari narkokartelga qarshi jang maydoniga aylandi (video)

Meksikaning Sinaloa shtatida narkokartelga qarshi jang qariyb bir sutka davom etdi. Jinoiy to‘da «El Chapo» laqabli narkobaron Hoakin Gusmanning o‘g‘lini qamoqdan chiqarish uchun kelgandi.

Sinaloa kartelining yuqori turuvchi a’zosi Ovidio Gusman (Hoakin Gusmanning o‘g‘li) Meksika politsiyasi tomonidan kecha, payshanba kuni hibsga olingandi. U qamoqqa tashlanishi bilanoq hukumat, politsiya va kartel a’zolari o‘rtasidagi to‘qnashuv ehtimolini nazarda tutib, aholini ko‘chaga chiqmay turishga chaqirdi. Xavotir asosli edi, ko‘p o‘tmay ko‘chalarni otishma ovozlari larzaga keltirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yonayotgan yuk mashinalarini ko‘rish, Kulyakana (Sinaloa shtati markazi) aeroporti tomonidan esa tinmay o‘q ovozlari eshitilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Payshanba kuni aeroport deyarli ochilmadi. Shu kuni Kulyakanadagi maktablar, davlat idoralari ishlamadi, deb yozdi CNN.

Sinaloa shtati gubernatori bayonot berishicha, to‘qnashuvlarda 27 kishi jarohatlangan. Mahalliy OAV 250 ta avtomobil o‘g‘irlab, yoqib yuborilgani, 18 ta ko‘cha berkilgani, qolaversa, Meksika harbiy-havo kuchlarining ikkita vertolyoti o‘qqa tutilgani, harbiylarning transport samolyotida qo‘nish paytida o‘t chiqqani haqida yozdi.

Ko‘chalardagi tartibsizlikdan foydalangan mayda bezorilar do‘konlar va savdo markazlariga bosqin uyushtirgan. 

«El Chapo»ning o‘g‘li Meksikaga AQSh prezidenti Jo Bayden hamda Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo tashrifiga bir necha kun qolganida hibsga olindi. Meksika Shimoliy Amerika davlatlari yetakchilari sammitiga mezbonlik qiladi. Kichik-Gusmanni qamoqa tiqish orqali Meksika prezidenti Lukas Obrador «u qurolli kuchlarni va mamlakatda xavfsizlik bo‘yicha vaziyatni nazorat qilayotganini» AQShga ko‘rsatmoqchi bo‘ldi, deb yozdi Sirakyuz universiteti dotsenti, Meksika-AQSh munosabatlari bo‘yicha mutaxassis Gledis Makkormik.

Meksika shimoli-g‘arbida joylashgan Sinaloa shtatida xuddi shu nom ostida jahondagi narkotiklar savdosida eng kuchlilardan sanalgan kartel faoliyat olib boradi. Sinaloa karteli to‘daboshisi 2020-yilda AQShda bir umrga qamalishiga qadar Hoakin Gusman «El Chapo» («Pakana») bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring