Mehnat yarmarkalari: Ssenariylashtirilgan «tomosha»
Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi haqida gap ketganda ko‘z oldimizda ssenariylashtirilgan tanish manzara: ish beruvchilar, ish izlab yurgan yoshlar, qator stol-stullar, uning ustida tashkilot yoki korxona nomi yozilgan tablo gavdalanadi.
To‘g‘ri-da, mehnat yarmarkalari uchun yana nima kerak?! Aksariyat hollarda ish izlab kelganlarga «kutish» maslahati beriladi. Taklif etilayotgan ish o‘rinlari kimgadir ma’qul kelsa, ishga joylashadi yoki aksincha. Axir shunday takroriy ssenariyga ko‘nikib ketgan tomoshabinlarmiz: kunuzunmas, naridan-beri, bir yoki bir yarim soatcha o‘tadigan mehnat yarmarkasiga kelib, qo‘l siltab ketadiganlarni kuzatib turaveramiz.
Men shunchaki kelganman
Yaqinda Buxoro shahridagi Yoshlar markazida «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida ham, deyarli, shu tanish manzaraga guvoh bo‘ldik. Buxoro shahar hokimligi hamda yoshlar ittifoqining mahalliy kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan yarmarka xususida fikrlarini bilish maqsadida Buxoro shahar hokimligi investitsiya bo‘limi mutaxassisi Rizamat Jabborovga yuzlandik. Biroq, u yarmarka boshlanishidan biroz oldin bu haqda xabar topganini, bu yerga shunchaki yuborilganini aytdi. Mas’uliyatli jarayonga «nomiga» bir kadrning biriktirib qo‘yilgani esa ta’bimizni xira qildi...
Kim aybdor?
Mazkur yarmarkaning o‘tkazilishi haqidagi xabarni ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilish jarayonlari qog‘ozda qolib ketmagan, uch-to‘rt kun davomida televideniye efiriga qo‘yilgan ekan. Shu boismi, unda 1 ming 500 dan ziyod aholi (aksariyati yoshlar) qatnashib, ikki yuzdan ortiq korxona-tashkilot tomonidan 1 ming 800 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni taklif qilindi. Biroq, Buxoro shahrida ishsiz yoshlar soni minglab ekanini hisobga olsak, yarmarkada ish so‘rab murojaat qilganlarning atigi 50 nafariga ishga joylashish uchun tavsiya berilganini qanday tushunish mumkin? Xo‘sh, bunda kim aybdor ish beruvchimi yoki ishsiz shaxs?
— Oliy ma’lumotliman. Mutaxassisligim o‘qituvchi, — deydi Mashhura Qurbonova. — Biroq ta’lim muassasalaridan, deyarli, hech kim yo‘q. Yarmarkada yoshlar talabi va ehtiyojiga qarab bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmagan.
«Jamshid Javohir agrotexnik servis», «Inter Agro Golden Fresh» hamda «Eltek eksklyuziv» MChJlar ish beruvchi vakilidan ish so‘rab, murojaat etganlarni nechtasining ish bilan bandligi ta’minlanganiga qiziqdik. E’tiborimizni tortgani, mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari uchun 850 ming so‘mdan 5 mln.gacha maosh taklif etilgan. Afsuski, oliy ma’lumot talab qilinayotgan bu bo‘sh ish o‘rinlarga mutaxassis kadrlarning yetishmasligi achinarli.
Boqimandalik qusuri
Oliy ma’lumot talab qilmaydigan boshqa bo‘sh ish o‘rinlariga (qurilish-montaj, elektr-payvandlash, qorovullik va hokazo) esa mehnatga layoqatli yoshlarning ko‘nmayotgani ularning boqimandalik qusuridan qutulolmayotganidan darak. Mehnat yarmarkasida taklif etilgan bo‘sh ish o‘rinlarining, deyarli, 60 foizi aynan, o‘rta ma’lumotli yoshlarga mos.
— Buxoro Arxitektura va qurilish kasb-hunar kollejini tugatib, ikki yildan buyon ish izlab yuribman. Jismoniy mehnat talab qiladigan ishlarga, bor-yo‘g‘i, 500 ming so‘mdan 800 so‘mgacha maosh taklif etishyapti. Bu maosh qoniqtirmaydi. Hozircha ota-onam xorijda ishlab, pul jo‘natib turibdi-ku..! — deydi Bahodir Akmalov ismli yigit qo‘lidagi eng so‘nggi rusumdagi telefonidan bosh ko‘tarmay.
O‘z kelajagiga beparvo qo‘l siltagan, befarq yoshlar mamlakatimizda ishsizlikni kamaytirishga aks ta’sir, xolos.
Ro‘yxatga olinmagan murojaatlar
«Bukhara Cotton Texstil» xorijiy korxonasi tomonidan 1048 ta ish o‘rni taklif etilgan. Taklif etilgan bo‘sh ish o‘rinlari uchun oylik maoshi 1 mln.dan 1,5 mln.gacha.
— Mehnat yarmarkasi davomida bir nechta yoshlar ishga kirish xohishini bildirdi. Shu kuni 50-60 nafarga yaqin yoshlarga keyingi kundan boshlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishxonaga kelishini, ular bilan tushuntirish ishlari olib borilishi, keyin layoqatiga qarab, ish belgilanishi va albatta, har birining bandligini ta’minlash borasida muammo bo‘lmasligi tushuntirildi. Biroq, yarmarka mas’ullari tomonidan hamma murojaat ham ro‘yxatga olinmagan, shekilli, o‘shanda ish so‘rab, murojaat etganlar kelishmadi. Biz viloyatimizning qator tuman, shaharlarida joylashgan filiallarimiz faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun o‘zimiz yoshlarni ishga jalb etayapmiz va ular o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirayapmiz. Bu, albatta, bir tomondan yoshlarning ish bilan bandligini va farovon turmushini ta’minlashga hissa bo‘lsa, ikkinchi tomondan ularning turli xorij davlatlariga ish izlab ketishlarining oldini oladi, — deydi «Bukhara Cotton Texstil» xorijiy korxonasi tashkiliy xodimlar xizmati bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Atoyev.
Mehnat yarmarkasi kerakmi?
Mutasaddilarning bildirishicha, yuqorida ta’kidlangandek, Buxoro shahrida ish bilan band bo‘lmagan yoshlar 1 ming 300 nafarni tashkil etishini hisobga oladigan bo‘lsak, shu kuni ish so‘rab murojaat etgan yoshlarning 50 nafariga ularning ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida tavsiyalar berilgan bo‘lsa, 268 nafar yoshga maslahatlar berilgan... Eng qizig‘i, shu kunning o‘zida, aqalli, bir nafar yoshning ham ish bilan bandligi ta’minlanmagan. Bu esa o‘tkazilayotgan mehnat yarmarkalari yoshlarning ish bilan bandligini ta’minlashda ahamiyat kasb etayaptimi, umuman, yoshlar hayoti uchun foydalimi? — degan haqli savolni tug‘diradi.
Yoshlar kelajagi va taqdiri, ularning farovon turmushi uchun olib borilayotgan har bir say’-harakat, rejalar sidqidildan amalga oshirilsa, mehnat yarmarkalarining eski qoliplarda o‘tkazilishiga hojat qoldirmaydi. Ssenariylashtirilgan «tomosha»larni o‘tkazishda hamkor bo‘lsa-bo‘lmasa, o‘z logotipi yozib qo‘yilgan bannerni tiqishtirib, «o‘tkazildimi-o‘tkazildi» qabilida suratga tushib qolishlaru, qaysidir hujjatlarni yopishga xizmat qiladigan mehnat yarmarkalaridan ko‘pchilik charchaganini unutmaylik!
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter