Matematikadan IT ta’limga yoki 8 raqami chekiga tushgan omadli talaba! (video)
Diyora Dadadjanova
17 yosh.
IT-Park University ta’lim granti sohibasi (hozirda 1-bosqich talabasi).
Kelajak maqsadi – matematikani IT sohasida qo‘llash!
Sakkiz raqamini cheksizlik ramzi deyishadi. Xuddiki, bu raqamda ilm istagan kishi obrazi ham yashirin, ya’ni, ilm bu – cheksizlik!
Qahramonimiz ham maktabni tamomlab, universitet tanlovi borasida birgina oliy o‘quv yurti tanlovi bilan cheklanmadi. O‘z imkoniyatlariga chegara qo‘ymadi!
U matematikani juda yaxshi ko‘radi. Raqamlar esa, uning uchun bir vaqtning o‘zida shunchaki nisbiy natija surati va shu bilan birgalikda cheksizlik hamdir! Muhimi, u raqamlar bilan qachon va qanday munosabat qilishni biladi. Uning bugunga qadar erishgan muvaffaqiyatlari siri ham shundadir, balki...
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi IT-Park tomonidan Epam Systems xalqaro IT kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi tashkil etilgan IT-Park University e’lon qilgan ta’lim granti g‘oliblari ro‘yxatining 8-raqami ostida qahramonimiz – Diyora Dadadjanova bor edi. U grant egalari ichida yagona qiz bola g‘olib ekanligi bilan ham yaqqol e’tiborimizni tortdi. Quyida uning hikoyasiga quloq tutamiz:
– IT-Park Universityda o‘qish uchun ta’lim granti yutib olgan 10 nafar g‘olib nomzodlar ro‘yxatida o‘z ism-familiyamni ko‘rish – bu men uzoq kutgan natijam edi! Biroq, bu natijagacha esa mening o‘z hikoyam bor. Balki, bu sizga ruhlanish kayfiyatini berar, maqsadlaringizdan voz kechmaslikni o‘rgatar! Men shunga umid qilaman!
Avvaliga, IT-Park Universityga shartnoma asosida qabul qilingan edim. Keyin esa Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan universitet tomonidan e’lon qilingan ta’lim granti tanlovida qatanashib, g‘olib bo‘ldim. Unga ko‘ra, grant egalarining 2022-2023 o‘quv yili uchun ta’lim xarajatlari AKT vazirligi tomonidan to‘liq qoplanadi.
Aslida, bolaligimdan to hozirgacha amaliy matematikaga qiziqaman. IT-Park Universitydan avval mo‘ljalim va tanlovim M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Toshkent shahridagi filialining «Amaliy matematika va informatika» bo‘limiga o‘qishga kirish edi. Biroq, shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindim, maqsadim – grant edi! O‘ylab qarasam, variantlar orasida yangi tashkil etilgan IT-Park University eng maqbuli bo‘lib chiqdi. U yerda bakalavr bosqichini to‘liq qoplovchi grantlar bo‘lmasa ham, yangi universitet ekanligi meni qiziqtirdi. Ikkinchi bosqichdan boshlab EPAM School of Digital Engineering (EPAM raqamli muhandislik maktabi) bo‘limidan Big Data mutaxassisligida ta’limni davom ettirishni rejalashtiryapman. Bilaman, bunga erishish mendan ko‘p mehnat va birinchi bosqich yakuniy imtihonlarini a’loga, muvaffaqiyatli topshirishni talab etadi.
Maktab davridan boshlab menda o‘qishga qiziqish kuchli bo‘lgan. Oilamdagilar hech qachon uy vazifalarni qilgin, deb majburlashmagan va nazorat ham qilishmagan. Aksincha, o‘zimda tabiatan ichki intizomim bo‘lgan. Shuningdek, uy muhitidagi tartib-intizom ya’ni, akam va opamni o‘qishga bo‘lgan munosabatlari men uchun namuna edi. Maktabda eng qiziqqan fanlarim qatorida matematikadan tashqari, kimyo, biologiya, fizika va tarix saboqlarini ham o‘rganishga ishtiyoqim kuchli bo‘lgan. Chizmachilik fani bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichim yuqori edi. Shu sababli, oila a’zolarim kelajakda ayni shu yo‘nalishdan borishimni juda istashgan. Ayniqsa, qizlar uchun dizaynerlik eng zo‘r kasb, deya ko‘p bora aytishardi. Lekin, oxirigacha o‘zim tanlagan yo‘ldan qaytmadim. Kelajak maqsadim va tanlagan kasbim bilan bog‘liq yo‘nalishga oid fan bu – amaliy matematika edi! Afsuski, bu yo‘nalish bo‘yicha ta’lim O‘zbekistonda faqat ikkita universitetda bo‘lib, bular, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Toshkent shahridagi filiali va O‘zbekiston milliy universitetlaridir. Ikkisiga ham faqat grantga harakat qilgandim. Biroq, natijalar kutganimdan ham yomon edi.
IT-Park Universityda hujjat qabuli boshlanishidan avvalroq shu ikki universitetga o‘qishga topshiriga ulgurgandim. Tushkunlikka tushganimdan so‘ng, yo‘nalishim bo‘yicha imtihon bilan qabul qiladigan barcha xalqaro universitetlarni ham izladim. Bilim darajamni faqat o‘zim bilar edim, yuqoridagi natijalarga esa shunchaki raqamlar deb qaradim. Axir, o‘sha paytda bu raqamlar meni oldimga qo‘ygan maqsadimdan chalg‘itmasligi muhim edi. Bu orada Berlindagi Xalqaro amaliy fanlar universitetiga e’tiborimni qaratdim. Imtihon topshirib, bir necha kundan so‘ng, javob xati oldim.
Unda shunday yozilgandi: «Siz universitetga shartnoma asosida muvaffaqiyatli qabul qilindingiz!». Oradan ikki hafta o‘tib, Berlindagi stipendiya kompaniyasiga topshirgan barcha hujjatlarimni ko‘rgan holda, mas’ullar to‘rt yillik bakalavr bosqichi ta’lim to‘lovini qoplashga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi. Qolaversa, ularning aytishicha, menda stipendiya olib, o‘qish imkonyati ham bor edi. Albatta, bu men uchun katta yutuq edi! Asosiysi, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tdim va o‘zim tanlagan yo‘nalish bo‘yicha imkoniyatdan foydalana oldim, shuningdek, bilimimni ham yana bir bor sinovdan o‘tkazdim. Berlindagi mazkur nufuzli universitetning bilim tajribasiga shubham yo‘q. Chunki, bu universitet amaliy matematika bo‘yicha dunyoning yetakchi oliy ta’lim dargohlari qatorida turadi. Shunday bo‘lsa-da, men bu universitetda o‘qishni tanlamadim. Sababi, chet davlatda o‘qishni umuman o‘ylab ko‘rmagandim. Bu harakatim shunchaki, o‘z bilimimni qayta tekshirib ko‘rishga bo‘lgan urinish edi, xolos. Barcha yaqinlarim bu vaziyatga umuman izoh berishmadi, aksincha harakatimni qo‘llab-quvvatlashdi. Bu orada IT-Park University ta’lim granti uchun tanlov e’lon qildi. Garchi men universitetga shartnoma asosida qabul qilingan bo‘lsam-da, yana omadim va bilimimni sinab ko‘rgim keldi. Maqsadim – amaliy matematika negizlarini chuqur o‘rganib, keyin uni ITda qo‘llash bo‘lganligi sababli, IT-Park Universityda o‘qishni tanladim.
Sizda «ITni qaysi yo‘nalishini tanladingiz?» mazmunida savol bo‘lishi mumkin. Men tanlagan yo‘nalish bu – Intelligent Systems Devoloper (intellektual tizimlar ishlab chiqaruvchisi), ya’ni, axborot texnologiyalari sohasidagi fan, sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqish va ularni ma’lum sohalarga joriy etish bilan shug‘ullanish. Bu esa Big Data (katta hajmdagi ma’lumotlarning ixtisoslashuvi)ga asoslangan bilim, ko‘nikmalarni o‘z ichiga oladi.
Ma’lumki, IT-Park University – gibrid formatda faoliyat yurituvchi IT-ta’limga ixtisoslashgan O‘zbekistondagi birinchi onlayn universitetdir. Shunga ko‘ra, talabalar uchun o‘quv dasturi yuklamlari ham ko‘p. Biz onlayn o‘quv tizimida vaqtdan yutib, soha bo‘yicha ko‘proq izlanamiz. Haftada bir marotaba kursdosh do‘stlar bilan yuzma-yuz ko‘rishib, muloqot almashamiz.
Hikoyam yakunida barchani qiziqtirgan bir savolga oddiygina javob beraman. IT-Park University ta’lim granti tanlovi imtihonida «Nima uchun grant sohibi bo‘lishni istaysiz?» savoliga javoban insho yozgandik. Mening javobim mazmuni quyidagicha edi: «Menda grant imtiyozi olishga umid yo‘q. Chunki, umid faqatgina, o‘z kuchingiz va bilimingizga nisbatan bo‘lishi kerak. Ishonamanki, o‘qish davomida ko‘rsatgan natijalarim asosida universitet tomonidan beriladigan kelgusi imtiyozlardan foydalana olaman, deb o‘ylayman».
Anglagandirsiz, mening maqsadim cho‘qqisi bu grant g‘olibligi emasdi! Chunki, men allaqachon maqsad marrasini yuqori olgandim. Bu – izlanishdan to‘xtamaslik va orzulardan voz kechmaslikdir!
Lobar Qobilova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter