Matbuot kerak! Matbuotga e’tibor kerak!
O‘tgan uch yil davomida, bosma nashrlar davri o‘tdi, degan iddaolar juda ko‘p bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda, har qanday axborot tezkor tarzda internet orqali yetkazib berilayotgan bugungi kunda matbuot kerakmi yoki kerak emasmi, qabilidagi bahs-munozaralar qizigandan qizidi. Bunday mavzularda men ham ko‘p bahslashganman va doim bir gapni takrorlaganman: Matbuot kerak! Avvalo, matbuotga e’tibor kerak!
Nihoyat, bu masala hukumat tomonidan jiddiy ko‘rib chiqilishiga qaror qilingani ko‘plab hamkasblar qatori meni ham quvontirdi. «Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash va ular faoliyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari (regulation.gov.uz) saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Loyihadan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining gazeta va jurnallar xodimlari maoshlarini mahalliy hokimiyat organlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan qoplash, sof foydani tahririyat hisobida qoldirish, davriy bosma nashrlar xodimlari malakasini oshirish, xususan, gazeta va jurnallar elektron nashrini yuritishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish kabi bir qator muhim vazifalar o‘rin olgan.
Hech bir nashr egasiz emas
Qarorning birinchi bandi shu damgacha matbuotning davri tugaganini bashorat qilayotganlar e’tibor qaratmagan yoki qaratishni istamayotgan juda muhim masala bilan boshlangan: Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning faoliyatini sifatli tashkil etish va ularni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratsin.
Xo‘sh, nega aynan ushbu masala birinchi o‘ringa ko‘tarildi? Gap shundaki, mamlakatimizda chop etilayotgan turli yo‘nalishlardagi gazeta va jurnallar egasiz emas, ya’ni har birining o‘z muassisi bor. «Otaxon nashrlar» nomini olgan gazetalardan tortib, prokuratura va sud, mahalliy hokimlik organlari, turli vazirlik va qo‘mitalar, siyosiy partiyalaru turli uyushmalar, nodavlat-notijorat tashkilotlar va hokazolar muassisligida o‘z sohaviy yo‘nalishlarida gazeta-jurnallar uzoq yillardan beri nashr etiladi. Har birining o‘z tarixi, o‘zbek matbuoti rivojiga qo‘shgan hissasi bor.
Ammo so‘nggi yillarda muassislar o‘z nashrlariga yetarli e’tibor bermay qo‘ygani bor gap. Ta’kidlash kerakki, avvalo, har bir nashr – muassisining minbari. Buni muassislar juda yaxshi anglaydilar va bu minbardan istagancha foydalanadilar. Moddiy va ma’naviy ko‘makka kelganda esa panja orasidan qaraydilar. O‘rtada o‘sha nashrda mehnat qilayotgan jurnalistlarga qiyin. Gazetani yopay desa muassis ruxsat bermaydi, yopmay desa ahvol tang. Bu go‘yo farzand ko‘rishga ko‘rib, uning sog‘lom ulg‘ayishi uchun qayg‘urmaslikdek gap. Aksi bo‘lganida, mamlakatimizda salkam yarim millionlik o‘qituvchilar jamoasi bo‘lgani holda «Ma’rifat» gazetasi bor-yo‘g‘i 30-40 ming tirajda qolib ketmagan bo‘lardi. Buni istalgan matbuot nashriga qiyoslash mumkin.
Qosh qo‘yaman deb...
Prezidentning ikki yil oldingi «Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 3907-qarori bilan xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, kasbiy faoliyatiga daxlsiz yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish bilan bir qatorda, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish ham taqiqlandi. Shu oxirgi taqiqni majburiy obuna kerak emasligi haqida bong urayotganlar go‘yo bir g‘alaba sifatida kutib olishdi...
To‘g‘ri, bu qaror o‘qituvchilar nufuzini oshirish, ularni yillar davomida oddiy holga aylanib qolgan majburiy mehnatdan ozod qilish yo‘lidagi dadil qadam edi. Ammo obuna masalasida xalq ta’limi rahbarlaridan tortib, direktorlargacha salla qolib kallani olishni boshlashdi. Ha nima, majburiy obuna yo‘q, prezident qarori bu! O‘shanda qarordagi aynan «ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish» jumlasi «ularning o‘z sohalariga taalluqli bo‘lmagan bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish» tarzida qabul qilinganida yana-da aniqroq bo‘lardi. Eng achinarlisi, xalq ta’limi xodimlarigagina tegishli bo‘lgan qarorning majburiy obunaga oid ushbu bandi boshqa soha nashrlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.
Bu bilan majburiy obunani oqlamoqchimasman. Faqat bir narsani ko‘p o‘ylayman. O‘qituvchilar shunchalik obunaga majburlangan ekan, nega «Ma’rifat» gazetasi adadi yuz minglab bo‘lib ketmadi? Ular boshqa nashrlarga ham obuna qilingan desak, ularda ham ahvol shu – adad maqtangulik emas. Obuna qilingan nashrlarning vaqtida yetib bormasligi, yig‘ilgan pullarning (direktor yoki obuna uyushtirgan korxona tomonidan) tuya qilinishi... va hokazo salbiy illatlarga gazetachilar aybdor emasdi.
Obuna haqida gapirish tugul, shunchaki biror nashrni targ‘ib qilsangiz ham darrov portalga arz qiluvchilar ko‘payib ketgan paytlar uzoq qishloqdagi maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgan tanishim telefon qilib qoldi: «...Yilda «Boshlang‘ich ta’lim» jurnaliga obuna bo‘lardim. Har oy maktabga olib kelishardi. O‘quvchilarim ota-onalarini yig‘ib, farzandlarini «G‘uncha», «Tong yulduzi» nashrlariga obuna qilishlarini taklif qilardim. Ular bajonidil rozi bo‘lishardi. Juda qimmat emasku. Hatto, kam ta’minlangan oiladan bo‘lgan ayrim o‘quvchilarim uchun ham o‘ziga to‘q ota-onalar pul qo‘shib yuborardi va buni hech kim bilmasdi. Yil davomida bu nashrlardan o‘quvchilarim sinfdan tashqari o‘qishlarda foydalanishardi. Tez va ifodali o‘qish, mantiqiy fikrlashni o‘stirishda bu nashrlar foyda berardi... Bu yil direktorimiz, hech qanday obunaga pul yig‘mayman, aks holda ishdan bo‘shayman, deb tilxat yozdirib oldi hamma o‘qituvchidan. Hatto «Ma’rifat»ga ham yozilolmadik. Bu gazeta bizga kerakku...»
Aslida, jamiyatdagi eng ma’rifatli qatlam o‘qituvchilar bo‘lishi kerak. Gazeta-jurnalni, demakki, mutolaani inkor qilgan o‘qituvchini tushunib ham, oqlab ham bo‘lmaydi. Afsuski, shunga olib kelib qo‘ydik. Obuna bo‘laman, degan pedagogni qo‘llab-quvvatlash, unga foydali maslahatlar berish, nashrni kechiktirmay qo‘liga yetkazish choralarini ko‘rish o‘rniga, majburiy obuna mumkinmas, qabilida «dahmaza»dan osongina qutilib qo‘yaqoldik.
Tanqid kerak, ma’rifat ham
Matbuotning davri o‘tdi, deguvchilardan yana bir iddao: tanqidiy maqola bermaydigan nashr kimga kerak?! Va bu keskin fikr aynan matbuot uchun mas’ul, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga javobgar shaxslar tomonidan aytilayotgani ancha g‘alati. Tushunsa bo‘ladi, yordam berish uchun jon koyitish kerak, hukumatga kerakli tavsiyalar taqdim qilish lozim. Undan ko‘ra yo‘q qilib qo‘yaqolish ancha osonda...
Mayli, tanqidga kelsak. Nega endi har bir nashrdan tanqidiy chiqishlar kutishimiz kerak? Yuqorida sanaganim har bir yo‘nalishdagi nashrning o‘z nizomi bor. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-ommabop, ko‘ngilochar va qaysidir sohaga ixtisoslashgan gazeta-jurnallar materiallarga o‘sha nizomlardan kelib chiqib yondashadi.
Masalan, «Ma’rifat» xalq ta’limidagi o‘zgarishlar, yangiliklarni tahliliy tarzda o‘qituvchilarga yetkazish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni ommalashtirish kabi vazifalarni maqsad qilgan. Xalq ta’limi tizimida kamchiliklar tiqilib yotibdiku, o‘shalarni nega yoritmaydi, dersiz. Birinchidan, bu masalani boshqa nashrlar va saytlar hech unutishgani yo‘q. Ikkinchidan, siz o‘zingiz o‘tirgan shoxni arralarmidingiz? Sog‘liqni saqlash tizimidagi gazeta va jurnallar haqida ham shunday deyish mumkin... Bu bilan gazetalar tanqidiy materiallardan xoli ham demoqchimasman. «Oila va jamiyat», «Xabar» (bu gazeta 1992 yildan chiqa boshlagan va mamlakatimiz AKT sohasidagi har qanday yangilik va o‘zgarishlarni, ushbu soha fidoyi xodimlari mehnatini, ularning orzu-umidlarini yoritadigan yagona nashr va bularni birorta internet saytida uchratmaysiz), «Oila davrasida», «Hurriyat», «Jamiyat»... bu nashrlar har sonida istagan mavzudagi tanqidiy, tahliliy, muammoli maqolalarni o‘qish mumkin. «Gazetalar tanqid bermaydi», «Jurnalistlar uxlayotgandi» deguvchilar bundan bexabar bo‘lsa matbuot aybdor emas.
Keling, tanqid so‘zi o‘rniga ma’rifat so‘zini qo‘llab ko‘raylik. Bugungi kunda butun dunyoda eng dolzarb bo‘lib turgan masala – ma’rifat masalasi. Dunyodagi bugungi taloto‘plar zamirida ham aynan ma’rifatsizlik turibdi-ku. Ma’rifat – ilm degani, ma’rifat – ma’naviyat degani. Ma’rifat avvalo kitoblar, gazeta-jurnallar mutolaasidan boshlanadi. Hatto eng rivojlangan davlatlar ham bugun ma’rifatga qaytadan murojaat qilayotgani bejiz emas.
Fransuzlardan qayerimiz kam?
Shu o‘rinda rivojlangan davlatlar matbuotdan voz kechyapti... deguvchilarga bir e’tiroz. Ayrim nashrlar o‘z umrini o‘tab bo‘lgan bo‘lsa bordir yoki onlayn shaklga o‘tayotgani ham rost. Ammo xorijda yashayotgan, borib-kelganki inson bilan suhbatlashsangiz, ayni kunda ham u davlatlarda davriy matbuotning o‘rni juda mustahkamligiga guvohlik berishadi: «Ular tongni kofe va gazeta bilan qarshi olishadi...» Ayniqsa, yosh avlodni ma’rifatli qilish borasida Fransiya tajribasi o‘rgansa arzigulikdir.
Fransiyada gazeta va jurnallarni chop etish, tarqatish borasida davlat subsidiyalari belgilangan. Shunday bo‘lsa-da 2009 yildan boshlab mamlakat prezidenti Nikolya Sarkozi tashabbusi bilan yoshlarni kundalik gazetalarni o‘qishga jalb etish bo‘yicha maxsus dastur amalga oshirildi. Ushbu aksiya noshirlar bilan hamkorlikda olib borildi va 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun gazetalarga yillik bepul obuna taqdim etishni qamrab oldi.
Madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi boshlab bergan «Menga sovg‘a qilingan gazeta» maqsadli aksiyasi auditoriyasi tez orada juda gavjum bo‘lib ketdi. Birinchi bosqich davomida arizalar orqali ro‘yxatdan o‘tgan 300 ming fransuz yoshlaridan 200 ming nafari (18–24 yoshdagilar umumiy sonining 7 foizi) yetti oy davomida bepul abonementlarga ega bo‘ldi.
Shu yili loyihaga jami 59 nomdagi kundalik gazetalar jalb qilingan. 2010 yilda esa tashabbusga yana uchta nashr qo‘shilgan. Uch yillik bu loyihaga Madaniyat va ommaviy kommunikatsiya vazirligi 15 mln. yevro mablag‘ sarflagan. Ushbu loyihada keyinchalik bir qator yangi hamkorlar – Service Civique davlat volontyorlik tashkiloti, France Televisions milliy teleuzatish tarmog‘i, Waka yoshlar internet-portali va MTV telekanali qatnashish istagini bildirishgan. Ularning yordami bilan aksiya tashkilotchilari o‘quvchilari auditoriyasini sezilarli darajada kengaytirib olishgan.
Eng muhimi, uch yildan so‘ng g‘alvir suvdan ko‘tarilgan va hayratlanarli natija qo‘lga kiritilgani ayon bo‘lgan. Ya’ni, shu uch yillik loyihada ishtirok etgan – uylariga yetkazib berilgan bepul gazeta va jurnallarni o‘qib ulg‘aygan yoshlar orasida keng dunyoqarashga ega, ilm-fanning barcha sohalariga, zamonaviy texnologiyalarga qiziquvchi, ixtirochilik qobiliyati kuchli yigit-qizlar safi sezilarli oshgan. Bir so‘z bilan aytganda, maqsadsiz (uyushmagan) yoshlar deyarli uchramagan. Demak, Fransiya hukumati millionlab yevro sarflab bo‘lsa-da ezgu maqsadga erisha olgan. Mana sizga mutolaaning kuchi! Oradan o‘n yil o‘tdi, shaxsan men o‘sha yoshlar bugun turli jabhalarda fransuz jamiyatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotganiga ishonaman.
Ehtimol bizda bu darajada keng ko‘lamli aksiyani o‘tkazishga moliyaviy jihatdan imkon kamdir. Lekin nashrlarga obunani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali fransuzlar natijasiga erishsa bo‘ladi. Chunki bizda ham turli yosh va kasb-korga yo‘naltirilgan davriy nashrlar juda ko‘p. Xususan, farzandlarimizning bog‘cha yoshidan boshlab to maktabni tugatgungacha davrini qamrab oluvchi nashrlar – «G‘uncha», «Tong yulduzi», «Gulxan», «Yosh kuch»... Afsuski, ushbu barcha nashrlar umumiy adadini jamlasak ham bolajonlarimiz va yoshlarimiz sonidan juda-juda kam. Masalan, shu bugun «Tong yulduzi» gazetasi atigi 6 ming (!) nusxada chop etilyapti ekan. Gazeta auditoriyasi esa kamida 6 million! Taqsimotini hisoblashgayam uyaladi odam. Vaholanki, davlat tomonidan bolalar nashrlariga berilgan imtiyozlar bois bu gazeta-jurnallarning yillik obunasi qimmat ham emas (haftasiga sakkiz sahifasining barchasi rangli chop etiladigan «Tong yulduzi» ellik ming atrofida)... Bir paytlar yuz minglab adadda tarqatilgan gazeta (aslida bu ham kam) nufuzi nega bu qadar tushib ketdi? Bolalarimiz nima o‘qishyapti o‘zi?
– Darhaqiqat, bugun har qanday axborotni internetchalik tezkor yetkazadigan vosita yo‘q. Buni tan olishimiz kerak. Ammo, bu matbuot kerakmas, degani emas, – deydi O‘zbekiston bolalar va o‘smirlarning «Tong yulduzi» gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova. – Ayniqsa, hukumat tomonidan yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar boshlangan bir paytda matbuotning o‘rni har qachongidan muhimdir. Vaziyatdan kelib chiqib bugun biz ham gazetani onlayn tarzda tayyorlayapmiz, ammo o‘quvchilarimiz, bizga gazeta bering, deyapti. Aslida kitobxonlikka yo‘l shu emasmi?!.
Aslida xalqimiz, o‘sib kelayogan avlod mutolaaga tashna, faqat shu tashnalikni qondirishning samarali va oqilona yo‘llarini izlab topish kerak. Ayniqsa, farzandlarimizni bolaligidan matbuot bilan oshno qilsak, kitobxonlikni rivojlantirishga mustahkam poydevor qo‘ygan bo‘lamiz. Faqat buning uchun gazeta-jurnallarga obunaga ijobiy ko‘z bilan qaray olishimiz kerak. Afrikaning qashshoq bir mamlakati prezidenti shunday degandi: Odamlarni ma’rifatga majburlashning yomon tomoni yo‘q!
Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi
Matbuotga e’tiborni kuchaytirish orqali boshqa muammolarni ham yechish mumkin. Masalan, ishsizlik muammosini. Respublika bo‘ylab barcha davriy nashrlar qayta oyoqqa tursa, umid bilan o‘qigan qanchadan-qancha jurnalistlar, kompyuter mutaxassislari ish bilan ta’minlanadi. Nashrlar obunasi bilan shug‘ullanuvchi, ularni yetkazib beruvchi korxonalardagi ish ko‘lami ham sezilarli oshadi. Bu bilan bir paytlar qisqartirish tufayli ishidan ajralgan yuzlab, minglab pochta xodimlari o‘z jamoalariga qaytadi. Bu mubolag‘a emas, zero hayotimiz zanjir kabi bir-biriga bog‘langan.
Matbuot xodimlari qalblariga ko‘tarinkilik olib kirgan loyiha muhokamada. O‘ylaymizki, umrini gazeta va jurnallarga baxshida etgan barcha jurnalistlar, ayniqsa, ustoz qalam ahli bu loyihaning hayoga tatbiq etilishiga o‘z hissalarini qo‘shadilar.
Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter