Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashinangizni o‘zgartirish g‘oyasi bormi? Bundan pul ishlash niyatichi? Bektemirga boring!

Mashinangizni o‘zgartirish g‘oyasi bormi? Bundan pul ishlash niyatichi? Bektemirga boring!

Foto: Xabar.uz

Umrida bir marta bo‘lsin, mashina mingan odam yaxshi biladi, qayerinidir o‘zgartirishga xohish-istak har doim bo‘lgan. «Zavoddan chiqqanidek bo‘lmaydi, baribir», deb ming bora aytishmasin, sizdagi bu istakni hech qanaqasiga tortib olish mumkin emas. Goh faralarni o‘zgartirgingiz keladi, gohida esa motorni kuchaytirgingiz. Eng qizig‘i, siz qilgan o‘zgarish qulaydek, ko‘rinaveradi. Ammo haqiqatan ham qulay bo‘lsachi? 

Endi sizda o‘z ixtirolaringizni ro‘yobga chiqarish va hatto keng ishlab chiqarishga taqdim etish imkoni bor. Va bu imkoniyatni sizga UzAuto taqdim etadi.

Ayni vaqtda, aynan shu daqiqalarda UzAuto tomonidan Bektemirda qurilgan «Innovatsion startap platformasi»da ochilish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirni O‘zavtosanoat raisi Shavkat Umrzoqov ochib berdi. Bunday tadbirlar va undagi nutqlar har doim bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘lsa kerak. Ammo Shavkat Umrzoqovning so‘zlari boshqalaridan samimiyligi bilan ajrab turadi.

— Men bu yerga rasmiy tadbirdagi singari kostyumda va galstukda chiqishim mumkin edi. Menga hatto gapirishim uchun oldindan nutq ham tayyorlab qo‘yilgandi. Ammo ko‘rib turganingizdek, qarshingizda jinsida va futbolkada turibman. Qo‘limda ham hech qanday qog‘oz yo‘q. Nimaga? Chunki bu tadbir shunchaki rasmiy marosim emas, balki katta bayram. Va men ham oldindan tayyorlab qo‘yilgan nutqni o‘qib bermoqchi emasman. Biz hammasi samimiy bo‘lishini istaymiz.

Eng avvalo bir savolga javob bersam: nima uchun Innovatsion startap maydonchasi shahar markazi emas, Bektemir tumanida qurildi? Javob aniq — biz bu maskan yana-da rivojlanishini istaymiz. Nasib qilsa Bektemir tumani yoshlarning orzulari amalga oshadigan maskan bo‘lib qoladi!

Endi «Innovatsion startap platformasi»ni qurish nima uchun kerakligini tushuntirib o‘tsam. Bizda iste’dodli yoshlar juda ko‘p. Ularning g‘oyalariga qarasangiz, aqlingiz shoshadi. Ammo bu g‘oyalarni amalga oshirish imkoniyati har doim ham topilavermaydi. Shaxsan o‘zim bir necha bor Turin universitetiga borganman va talabalar bilan suhbatda bo‘lganman. Ular o‘z g‘oyalarini ro‘yobga chiqara olmay, xorijga ketganiga ham guvoh bo‘lganman. Endi yoshlarimiz o‘z startap loyihalarini bemalol ushbu maskanda amalga oshirish imkoniga ega.

Innovatsion startap platformasining maqsadi — yangi ixtirolarga ega iste’dodlar va puli bor sarmoyadorlarni uchrashtirish. Ular birgalikda bu g‘oyalarni amalga oshiradi.

Bu ishni siz ham qilishingiz mumkin. Agar sizda g‘oya bo‘lsa, keling, marhamat, uning hayotga tadbiq etishga haqli ekanini isbotlang va sarmoyador bilan birgalikda ish boshlang. Yoki aksincha, sizda biznes boshlash niyati bo‘lsa, bu yerda yangi g‘oyalarni topishingiz mumkin!

Endi ish boshlagan bo‘lishimizga qaramasdan xorijdan — Yevropadan, Janubiy Koreya va Yaponiyadan o‘ttizdan ortiq iste’dodlar o‘z g‘oyalarini taklif etishdi. Biz ularga ham, yurtimizdagi ixtirochilarga ham imkoniyat yaratib berishga tayyormiz.

Biz uchun eng muhimi — xaridorlar rozi bo‘lib, bizning mahsulotlarni xarid qilsa bo‘lgani, — dedi Shavkat Umrzoqov.

UzAuto kompaniyasi o‘tgan yillar davomida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish va tannarhini tushirish uchun bir qator ishlarni amalga oshirdi. Xususan, o‘tgan yil davomida mahsulot tannarxi 1,2 trillion so‘mdan oshiqqa tushirildi. Kelasi yil yana 1,3 trillion so‘mlik marraga erishish maqsad qilingan.

Kompaniya tomonidan 2019 yilning o‘zida 15 ta aksiya o‘tkazildi va 80 milliard so‘mlik chegirmalar xaridorlarga taqdim etildi. Eng muhimi — yaqin vaqtlar ichida o‘qituvchilar va shifokorlar uchun navbatdagi aksiya o‘tkazilishi maqsad qilingan. Bunisi haqida endi, UzAuto Motors tomonidan alohida ma’lumot beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring