Markaziy Osiyoda yagona Suv akademiyasi ochiladi
Joriy yil 3 iyun kuni Toshkentdagi Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida «O‘zsuvta’minot» AJ va Janubiy Koreyaning K-Water korporatsiyasi o‘rtasida O‘zbekistonda suv ta’minoti va sanitariya sohasida salohiyatni oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Imzolangan memorandumga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonda suv ta’minoti va sanitariya sohasida salohiyatni oshirish bo‘yicha hamkorlik qiladi. Shuningdek, suv ta’minoti va sanitariya bo‘yicha tajriba almashish va birgalikda yechimlar topish uchun seminarlarni va ekspertlar almashinuvi dasturlarini o‘tkazish va ularda ishtirok etish ko‘zda tutilmoqda.
Ahamiyatli jihati, ushbu hujjatga asosan tomonlar O‘zbekistonda suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida o‘quv markazini tashkil etish uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlarni to‘plash maqsadida birgalikda sa’y-harakatlarni amalga oshiradi. K-Water O‘zbekistonda suv ta’minoti sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazi tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlash uchun «O‘zsuvta’minot» bilan hamkorlik qiladi.
Avvalroq, ya’ni 2020-2021 yillar davomida «O‘zsuvta’minot» AJ mutasaddilari O‘zbekistonda ushbu o‘quv markazini tashkil etish bo‘yicha muzokaralarni olib borish uchun Koreyaga ikki marotaba tashrif buyurib, K-Water akademiyasining ta’lim infratuzilmasi, shu jumladan, o‘quv markazi, suv tarqatish tarmog‘i markazi, pilot suv tozalash inshootining faoliyati bilan tanishgan edilar.
Bugungi kunda sohaga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar hisobidan mamlakatimizda aholining markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasini tubdan oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida ko‘plab innovatsion texnologiyalar, shu jumladan, SCADA axborot yig‘ish va dispetcherlik nazorat tizimi, geoaxborot tizimi, yangi billing tizimi joriy qilindi. Bu esa, o‘z navbatida, soha mutaxassislarida yangi texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning bilim va malakasini oshirishni taqozo etmoqda.
Shu bois, «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimda mehnat qilayotgan 22 ming nafardan ortiq xodimlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish maqsadida muntazam ravishda maxsus o‘quv mashg‘ulotlari, seminar va konferensiyalar, xorijga stajirovkalar tashkil etilmoqda. Janubiy Koreyaning K-Water korporatsiyasi Jamiyatning ushbu yo‘nalishdagi asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Mazkur kompaniya bilan hamkorlikda nafaqat kadrlarni o‘qitish va ularning salohiyatini oshirish, balki mamlakatimizda eskirgan tarmoqlarni modernizatsiya qilish, sohaga yangi texnologik yechimlarni, «aqlli» suv hisoblagichlarini joriy etish, suv yo‘qotishlarini boshqarish bo‘yicha ham bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun: Janubiy Koreyaning K-Water korporatsiyasi 1967 yilda tashkil etilgan bo‘lib, suv resurslaridan kompleks foydalanish hamda qayta tiklanadigan energiya ob’yektlarini qurish, ulardan foydalanish va boshqarish sohasida faoliyat yuritadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter