Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining ilk uchrashuvi
2020-yil 23-dekabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining muloqotini tashkil etish bo‘yicha videokonferensaloqa shaklida ilk uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati vakillari, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi hamda BMTTDning Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi rahbarlari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi nomidan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyoda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda xotin-qizlarning o‘rni, ularning davlat va jamoat ishlaridagi ishtiroki, o‘zgarishlarni ro‘yobga chiqarish va islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashish, shu jumladan, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida ushbu sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan to‘liq xabardor qilindi.
Mamlakatda gender tenglikni ta’minlash O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi qayd etildi.
Parlament yuqori palatasi Raisi T.Narbayeva xotin-qizlar eng mas’uliyatli lavozimlarga tayinlanayotgani davlatimiz rahbarining ularga bo‘lgan katta ishonchi va hurmatidan dalolat berishini ta’kidladi.
Katta tajribaga va muhim natijalarga ega mamlakat sifatida O‘zbekistonda xotin-qizlarni uy-joy va ish bilan ta’minlash, jamiyatda ularning rolini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, umuman, mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar Markaziy Osiyoda ijobiy baholanmoqda.
Tadbir davomida tomonlar ta’kidlaganidek, «Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari bilan muloqot» norasmiy mexanizmining faoliyati mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, barqaror rivojlanish erishish, davlat va jamiyat boshqaruvi, tadbirkorlik tizimida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishga, qolaversa, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan loyihalar va dasturlarni amalga oshirishni jadallashtirish hamda gender tenglikni ta’minlashga ko‘maklashadi.
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari N. German qayd etganidek, markaz muhokamalar uchun platforma yaratishda, keyingi ishlarda, shu jumladan, mintaqaviy va global hamkorlik aloqalarini kengaytirishda, tajriba almashishda yordam berishga tayyor.
Mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning rolini oshirish bo‘yicha samarali ishlar tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi. Shu munosabat bilan, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbarining taklifiga binoan 2021-yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilish Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayevaga topshirildi.
Uchrashuv davomida tomonlar ishning birinchi yilidagi hamkorlik sohalari va norasmiy tuzilmaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni ham ko‘rib chiqdi.
Markaziy Osiyo yetakchi ayollarining norasmiy muloqoti faoliyatini ta’minlash bo‘yicha kompleks tashkiliy masalalarni hal qilish va mazmunli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Asosiy maqsad o‘zaro tajriba almashish, ijobiy ish tajribasini o‘zlashtirish va ularni o‘z mamlakatlarida qo‘llashdir.
Mintaqa davlatlari o‘rtasida hamkorlikning mazkur yangi formati mamlakatlarimizda xotin-qizlar rolini kuchaytirishga qaratilgan qarorlarni birgalikda ishlab chiqishda samarali mexanizm bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter