Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Malayziyadagi ta’lim tizimi, brilliant aql egalari» – matematik vatandoshimiz bilan suhbat

«Malayziyadagi ta’lim tizimi, brilliant aql egalari» – matematik vatandoshimiz bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar»ning navbatdagi qahramoni Malayziya Terengganu universiteti matematika fani o‘qituvchisi Zayniddin Eshquvvatov.

Suhbatdoshimiz Samarqand viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan. Ko‘p yillar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talabalarga dars bergan. 2004-yildan buyon Malayziyada istiqomat qilib keladi.

Otam va katta akamlar sababchi bo‘lishgan

1966-yil Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanining Paxtaboshi qishlog‘ida dunyoga kelganman. Oiladagi yetti farzandning beshinchisiman. Rahmatli otam aytgan edilar, Ingichga (G‘o‘bdin) tog‘dan tushim vodiyga joylashganda birinchilar qatorida paxta bizning qishloqqa ekilgan ekan, shundan Paxtaboshi nomi qolgan, qizig‘i hozir umuman paxta yo‘q.

1983-yil Toshkent davlat universiteti (O‘zMU)ning Amaliy matematika va mexanika fakulteti «Hisoblash matematika» bo‘limiga o‘qishga kirganman va 1988-yil muvaffaqiyatli tamomlaganman.

Matematika sohasini tanlashimga otam va rahmatli katta akamlar sababchi bo‘lishgan.

Otam Samarqanddagi «Pedagogika texnikumiga» o‘qishga kirib o‘qiyotganda Ikkinchi jahon urushi boshlangan va 1942-1944-yillar urushda qatnashib 3 marta jarohat olgach 1944-yil qishlog‘imizga qaytgan. Sharoit bo‘lmagani uchun o‘qishini davom ettira olmaganlar. Abdukahhor va Abdusattor akamlar ham matematik. Ukam Asliddin geografiya fanidan ko‘p yillardan beri maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlab keladi.

O‘zbekistonda o‘rganganim yetarli emasligini his qildim

2000-yil «Ustoz» fondi o‘tkazgan tanlovda g‘olib bo‘ldim va Yaponiyaning Nippon fondi moliyalashtirilgan iqtisodiyot sohasiga doir maxsus kurslarga qatnashdim. Keyin Malayziya va Yaponiyada malaka oshirdim.

2001 yil PhD dissertatsiyamni muvaffaqiyatli tamomlagach, (marhum professor Maruf Israilovning nomzodlik dissertatsiyamni himoya qilishda ulkan xizmatlari bor) 2002-2003-yillar Putra Malayziya universiteti tashkil qilgan xalqaro konferensiyada ma’ruza qildim. So‘ng O‘rol aka Bekboyev maslahati bilan mazkur oliygohga o‘qituvchilik (lektorlik) uchun hujjat topshirdim va 2004-yil mart oyi qabul qilinib, o‘shandan beri faoliyatimni shu yerda davom ettirmoqdan.

Hayot yo‘limdagi yana bir muvaffaqiyatim haqida aytmoqchiman. 1996-2004 yillar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ishlagan davrim oliygohning o‘sha vaqtdagi rektori Saidmuxtor aka Saidqosimov rahbarligida ingliz tilini o‘rganishga, shu bilan birga ingliz tilida dars berishga sharoit va targ‘ib yaxshi yo‘lga qo‘yilgan edi. Aspirantura (1990-1993) davrimdan ingliz tilini o‘rgana boshlagan bo‘lsam JIDUga o‘tgach, uni yanada kuchaytirishga imkoniyat bo‘ldi.

Putra Malayziya universitetiga kelib haqiqatan ham ingliz tilida dars berishga to‘g‘ri kelgach O‘zbekistonda o‘rganganim yordam bergan bo‘lsa-da, yetarli emasligini his qildim va bu tilni o‘rganishga qattiq intildim va normal darajada dars berish va muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim.

«Brilliant aql egalari»

Malayziyada o‘qituvchilar juda katta hurmat va mavqega ega. Xususan, mamlakatda korrupsiyadan holi bo‘lgan sohalardan biri aynan ta’lim tizimi. O‘qituvchilar tajribasi oshgan sayin oyligi ham oshib boraveradi. Pensiyaga chiqarishda eng katta oyligining 50% dan 60% gacha miqdori hisoblanadi.

E’tiborlisi, universitetda matematikadan dars bersangiz, hurmatingiz yana ham oshadi. Ko‘pchilik matematiklarni «Brilliant aql egalari» sifatida e’tirof etishadi.

Xullas, matematika sohasining amaliy matematika yo‘nalishi Malayziyada juda yaxshi rivojlangan. Nazariy matematika biroz oqsagan. Shuning uchun ham biz o‘zbeklarni Al-Xorazmiy avlodlari – bular fanda ham ilg‘or, dinda (Imom Buxoriy avlodlari deb qaraydi) ham sobitqadam deb bilishadi.

Film va kitoblar

Men yoqtirgan va foydali deb bilgan filmlardan «Dirilish» va «Qurilish». Bu kinolarda Xalifa Usmonning otasi Ertug‘rul hayoti davomida Islomga qilgan xizmatlaridan boshlanib, o‘g‘li Xalifa Usmon «Usmoniylar Imperiyasi»ni qanday tashkil qilgani batafsil bayon qilingan.

Kitoblarga kelsak, Shayx Hazratlarining kitoblaridan «Tafsiri Hilol», «Hadis va Hayot» to‘plami, shu bilan birga yozuvchi Tohir Malikning «Odamiylik mulki», «Shaytanat» kitoblari va Azamat Qarjanovning «Telba kelinning kundaligi» asarlarni o‘qishni tavsiya qilaman.

Ilmiy faoliyatdan to‘xtaganim yo‘q

2004-2015-yillar Putra Malayziya universiteti, 2015-2020-yillar Malayziya fan va islom universitetida faoliyat yuritdim. Hozirgi kunda, Malayziya Terengganu universitetida ishlab kelmoqdaman.

Ko‘plab shogirdlar chiqardim. Xususan, 5 ta PhD va 4 ta magistrantlar o‘z ilmiy ishlarini rahbarligimda muvaffaqiyatli himoya qilishdi, hozirgi kunda 2 ta o‘zbekistonlik PhD talabam bilan ilmiy izlanish qilmoqdamiz. Shu bilan birga, o‘tgan yillar mobaynida Malayziya va O‘zbekiston olimlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga ham hissa qo‘shganimdan juda xursandman.

Ta’lim berish barobarida ilmiy faoliyatdan to‘xtaganim yo‘q. Jumladan, hozirgi kunda dolzarb va amaliy ahamiyati katta bo‘lgan «Turli tartibli singular integrallar»ni taqribiy hisoblash, «Singular integral tenglamalarni» sonli yechish, nochiziqli integral va integro-differensial tenglamalarni approsimatsilash bo‘yicha anchagina natijalar olib dissertatsiya holiga keltirganman. Joriy yilning sentyabr oylarida himoya qilishni rejalashtiryapman.

Bir qiz, ikki o‘g‘lim bor

Malayziya ta’lim tizimida shanba va yakshanba kunlari dam olish kuni qilib belgilangan. Mahalliy aholi bu kunlarni oilasiga to‘liq bag‘ishlaydi. Bu yerga kelib men ham shunga odatlandim. Qolaversa, ish kuni 8 soat (8:00-16:00) bo‘lganligi uchun ishdan keyingi vaqtimizni oila va farzandlar bilan o‘tkazishga fursatimiz bor.

Qisqacha oilam haqida ma’lumot bermoqchiman. Rafiqam Gulshoda kasbi hamshiralik, Malayziyaga kelganimizdan beri uy bekasi. 3 farzand – bir qiz, ikki o‘g‘limiz bor. Qizim Nulufar Putra Malayziya universitetining Ingliz filologiyasi fakulteti va Birminghamdagi BPP universitetida ASSA yo‘nalishi (sertifikatlangan buxgalterlar uyushmasi)ni qizil diplomga bitirgan. Hozir, Angliyada dunyodagi eng katta 6 audit kompaniyalardan biri – Grant Thornton’da auditor bo‘lib ishlamoqda.

Katta o‘g‘lim Salohiddin Malayziya Petronas universitetini bitirgach, 4 yil muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha Avstraliyada faoliyat yuritib keldi. Bugungi kunda, kompyuter sohasi bo‘yicha magistraturada o‘qiydi. Kenja o‘g‘lim Ahmadjon Kompyuter fanlari yo‘nalishida tahsil oldi, kelasi yil MBA bo‘yicha o‘qishni niyat qilgan.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring