Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktab direktorlari va o‘rinbosarlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish taklif etildi

Maktab direktorlari va o‘rinbosarlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish taklif etildi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbariga maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 2025 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar bo‘yicha axborot berildi.

Shaxs tarbiyasining poydevori bo‘lgan bu bo‘g‘inlarga davlatimiz tomonidan doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Hududlarda yangi-yangi ta’lim maskanlari barpo etilib, mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda. Darslik va o‘quv qo‘llanmalari zamon talablariga moslab yangilanayapti.

Maktabgacha ta’lim tizimi ilg‘or xorijiy tajribalar asosida yangicha rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi. So‘nggi yillarda bolalar bog‘chalari soni 8 barobar oshib, 38 mingtaga, qamrov esa 27 foizdan 76 foizga yetdi.

Mamlakatimizda maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy harakatga aylandi. Oxirgi yetti yilda 5 mingdan ziyod maktabda, bu yil 608 ta maktabda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarildi. Yoshlarga ikkinchi xorijiy til va kasb o‘rgatish kengaytirildi. Ilk bor 530 ta maktabda inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri navbatdagi rejalar yuzasidan axborot berdi.

Qayd etilganidek, kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktablar tashkil etilib, 257 ming o‘quvchi o‘rni ochiladi. Davlat ta’lim dasturi xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtiriladi.

Ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar 420 taga, kasb-hunar o‘rgatiladiganlari 400 taga yetkaziladi.

Dunyodagi ilg‘or tajribalar, yangi uslublar amaliyotga kiritilmoqda. Jumladan, bu yil 1 ming 500 ta umumta’lim maktabida yangi baholash tizimi joriy qilindi. Natijalar tahlilidan kelib chiqib, bu tajriba yana kengaytiriladi.

O‘qituvchilarga malaka toifasini berishda ham raqamlashtirilgan tizimga o‘tilgan. Endi toifasini oshirgan pedagoglar rag‘batlantiriladi, ularga to‘plagan baliga qarab 70 foizgacha ustama beriladi.

Davlatimiz rahbari malaka sinovlari tartibini takomillashtirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratib, barcha pedagoglarga teng imkoniyat berish zarurligini ta’kidladi.

Shu maqsadda keyingi yildan hududlardagi malaka oshirish markazlarida o‘quv jarayonlari o‘zgartiriladi. Bunda har bir o‘qituvchining ehtiyojidan kelib chiqib, tabaqalashgan malaka oshirish tizimi joriy qilinadi. Malaka sinovidan o‘ta olmaganlar alohida dastur asosida qo‘shimcha o‘qitiladi. Viloyatlardagi 5 ta Pedagogik mahorat markazi zamonaviy sharoitda ish boshlaydi. Barcha markazlar situatsion o‘quv texnikalari va virtual laboratoriya bilan jihozlanadi.

Ta’lim tashkilotlariga malakali rahbarlarni jalb etish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, qo‘shimcha manbalar hisobidan, maktab va bog‘chalar direktorlari hamda ularning o‘rinbosarlarini moddiy rag‘batlantirish taklifi bildirildi.

Ta’lim bilan tarbiya uzviy olib boriladi.

O‘zbekiston Prezidentining shu yil 15 noyabrdagi qaroriga muvofiq, o‘quvchilarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimiga e’tibor kuchaydi.

Yuqori sinflarda harbiy vatanparvarlik darslari bir soatga ko‘paytirildi. Ushbu yo‘nalish o‘qituvchilari nufuzini oshirish uchun ularga harbiy unvon berish tartibi belgilandi.

Kelgusi o‘quv yiligacha bu fan bo‘yicha yangi darsliklar ishlab chiqiladi, kasbiy salohiyati yuqori o‘qituvchilar ishga jalb etiladi. Mudofaa vazirligi bilan birga 208 ta ta’lim maskanida “Jasorat maktablari” tashkil etiladi. Bu maktablarga tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar ham qamrab olinadi.

Joriy yil 30 sentyabr kuni sohaga doir yana bir muhim hujjat – maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, 2025 yildan boshlab, maktabgacha ta’lim tashkilotining direktori o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. “Metodik mahorat soati”, “Metodik mahorat kuni” kabi malaka oshirish shakllari tashkil qilinadi.

Keyingi yil 162 ta maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi, 100 ta xususiy va mingta oilaviy bog‘cha ochiladi. Bular orqali maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkaziladi. Maktabga tayyorlov guruhlari bilan boshlang‘ich sinf o‘quv dasturlarining uzviyligi oshiriladi.

Prezidentimiz sohani barcha hududlarda rivojlantirib, umumiy ta’lim sifatini oshirish, bunda, ayniqsa, chekka tumanlarga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring