Maktablarda bitiruv imtihoni bo‘lish yoki bo‘lmasligi hali aniq emas

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Anvar Umarov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
— Bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlari qanday o‘tkaziladi?
— Xalq ta’limi vazirligi va tegishli davlat tashkilotlari 5-11-sinf o‘quvchilari uchun bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlarini o‘tkazish yo‘llari yoki bekor qilish masalasini muhokama qilmoqda. Ishlab chiqilgan takliflar Maxsus hukumat komissiyasi muhokamasiga taqdim etiladi. Xalq ta’limi vazirligi Maxsus hukumat komissiyasining bu masaladagi qarorini o‘z kanallari orqali ma’lum qiladi.
— Direktor o‘rinbosarlarini 105-sonli buyruq asosida ularning roziligisiz mehnat ta’tiliga chiqarish mumkinmi?
— Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, davlat budjeti mablag‘laridan yanada samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlash maqsadida qabul qilingan Xalq ta’limi vazirining joriy yil 13 apreldagi 105-sonli buyrug‘iga asosan, o‘qituvchi lavozimi bilan qo‘shib olib borayotgan direktor, uning o‘rinbosarlari va boshqalar, xalq ta’limi boshqaruvi organlari xodimlariga ularning mehnat ta’tili davrida ushbu soatlar uchun HAQ TO‘LANMAYDI.
Shu bilan birga, ushbu buyruqda xodimlarni mehnat ta’tiliga chiqarish bo‘yicha hech qanday topshiriq yoki ko‘rsatmalar belgilanmagan.
— Hozir otpuskaga chiqib ketsak, 20 kundan keyin otpuskamiz tugaydi, o‘sha payt karantin tugamagan bo‘lsa, bizni o‘z hisobimizdan yana ta’tilga chiqarishadimi?
— Navbatdagi mehnat ta’tilidan foydalangan hamda ish jarayonini masofaviy tarzda, moslashuvchan ish grafigi asosida tashkil etish imkoni bo‘lmagan xodimlarga to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha qisqa muddatda taklif ishlab chiqish Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Respublika maxsus komissiyasi tomonidan yuklatildi. Bu masala bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter