Maktab formasi va siyosat
O‘zbekiston maktablari hamda oliy o‘quv yurtlarida formaga alohida e’tibor qaratilishi sir emas. Maktablarda forma talab etilishi, bu tartib-qoidaga rioya etilishi qat’iy nazorat qilinishini maktabda ishlagan yoki farzandi maktabda o‘qiydigan har bir o‘zbekistonlik yaxshi bilsa kerak. Talabalar-ku, forma muammosi bilan har kuni to‘qnash keladi.
Oxirgi ikki-uch yil ichida mamlakatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, xususan, axborot sohasining erkinlashishi va faollashishi yuqorida tilga olingan sohada ham ma’lum o‘zgarishlarni keltirib chiqaryapti.
Birinchidan, maktab formasini qayta ko‘rib chiqish, muayyan standartlarni joriy etishga harakatlar boshlanib ketdi.
Ikkinchi tomondan esa, axborot maydonining bir qadar ochilishi natijasida forma masalasi jamoatchilik tomonidan muhokama qilinishiga ham yo‘l ochildi. Formaning qanday bo‘lishi kerakligini muhokama qilish qatorida ayrimlar uning umuman kerak-kerak emasligi haqidagi savollarni ham o‘rtaga tashlayapti.
Oshkoralik va jamoat muhokamasining bo‘lgani, shubhasiz, yaxshi jihat. Lekin hali bu borada qilinadigan ish ko‘p. Muammolar ham yetarli. Quyida mazkur masalaga oid asosiy “og‘riq nuqtalari”, ya’ni bahslarga sabab bo‘layotgan masalalarni ko‘rib chiqmoqchimiz.
Forma nima uchun kerak?
Aytganimdek, formaning kerak-kerak emasligining o‘zi ham bahs mavzularidan biriga aylangan. Bu masala ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda, do‘stlar va hamkasblar o‘rtasidagi suhbatlarda tez-tez ko‘tariladi. Ayrim ota-onalar maktab formasining joriy etilishida “fuqarolardan qo‘shimcha pul undirish” vositasini ko‘radi va bunga qattiq norozilik bildiradi. Shu bilan birga, ko‘pgina o‘qituvchilar va soha mutaxassislari bilan suhbat qurganda ularning bunga munosabati boshqacharoq ekanligini ko‘rdik.
“Forma ko‘plar o‘ylaganday shunchaki sovet davridan qolgan tushunarsiz odat emas, — deydi ismini yashirishni istagan suhbatdoshlarimizdan biri. — U bolani tartib-qoidaga o‘rgatishning muhim vositasidir. Bolaligidan tartibga o‘rgatilgan odam katta bo‘lganida intizomli mutaxassisga aylanadi. Shu jihatdan maktab formasining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi o‘zini oqlaydi. Negaki davlat o‘z fuqarolari intizomli, qonunlarni hurmat qiladigan insonlar bo‘lishidan manfaatdor”.
Maktablarda forma tekshiruvlari ko‘plab o‘tkazilishi ota-onalarning va ayrim ijtimoiy tarmoqlar faollarining e’tirozlariga sabab bo‘ladi. Ular formaga e’tibor tufayli o‘qish sifatiga e’tibor kamayib ketayotganini ta’kidlaydi. Bu borada xalq ta’limi a’lochisi, murabbiy va bloger Isroil Tillaboyevning fikriga qiziqdik. U formaning ahamiyati haqida gapirarkan, yana bir muhim jihati — maktabda tabaqalanishga yo‘l qo‘yilmasligiga e’tibor qaratdi:
“O‘qituvchi sifatida formani kerak deb o‘ylaydi ko‘plab o‘qituvchilar.To‘g‘ri, forma o‘qish sifatiga bevosita ta’sir qilmaydi, bilimni har qanday formada ham egallash mumkin, lekin aholi moddiy ahvoli turlicha bo‘lganda bir xil forma bo‘lishi kimo‘zarga kiyinish va kiyintirishlarning oldini oladi, deb o‘ylayman”.
Shunday qilib, o‘qituvchilar va soha mutaxassislarining ko‘pchiligi maktab formasini kerak deb hisoblaydi va uning ahamiyati haqida o‘ziga yarasha dalillar keltira oladi, deb ayta olamiz. Dunyoning qolgan mamlakatlarida vaziyat qanday?
Jahon tajribasi
Turli mamlakatlardagi vaziyatni o‘rganish natijasida ma’lum bo‘ldiki, ko‘pgina rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda maktab formasi o‘quvchilarga qo‘yiladigan majburiy talablardan biridir. Xususan, Britaniyada hamda uning sobiq koloniyalarida (Avstraliya, AQSh, Kanada, Hindiston va hokazo) anglo-sakson uslubidagi maktab formalari urf bo‘lgan.
Masalaning yana bir qiziq jihati — bizda maktab formasi bahs-munozaralar keltirib chiqayotgan bir paytda yuqorida tilga olingan mamlakatlarda maktab formasi faxr-iftixor tuyg‘usi bilan bog‘lanadi. Nega ularda boshqacha munosabat, sobiq Ittifoq mamlakatlarida boshqacha munosabat shakllangan?
Bevosita AQShda o‘tkazgan surishtiruvlarimizdan, shuningdek, tarixiy ma’lumotlarni o‘rganishimizdan aniqladikki, Britaniyada hamda uning koloniyalarida, boringki, yana ko‘plab boshqa rivojlangan mamlakatlarda o‘rta ta’lim an’anasi shakllanib qolgan ekan. O‘z vaqtida bu mamlakatlarda maktabda o‘qish juda qiyin bo‘lgan. Bundan tashqari, o‘z tarixiga, an’analariga ega nufuzli maktablar ham bo‘lib, ularning o‘quvchisiga aylanish, ularning formasini kiyish bolalarga alohida faxr tuyg‘usini bag‘ishlagan. Shu bois maktab formasiga nisbatan hurmat shakllangan.
Masalaning shu jihati ham diqqatga sazovor. Ko‘pgina G‘arb davlatlarida maktab formasi majburiy bo‘lishi bilan bir qatorda, har bir maktab bu formani o‘zi belgilash huquqiga ega. Balki bu tajriba O‘zbekistonda joriy etilsa, formaga bo‘lgan munosabatning yaxshilanishiga va qiziqishning ortishiga sabab bo‘lar? Qolaversa, odamlarning asabini buzadigan doimiy tekshiruvlarga hojat qolmasdi — har bir maktab buni o‘zi nazorat qilar, o‘quvchilarni majburlash emas, qiziqtirish yo‘li bilan ish borarmidi?
Nima o‘zgarishlar bo‘ldi?
O‘tgan yilning avgustida O‘zbekiston hukumati davlat ta’lim muassasalarida formani tartibga solish yuzasidan qaror chiqardi. Unga ko‘ra, formasi standarti joriy etildi. 2018-2019 o‘quv yilida qabul qilingan forma maktablarda ixtiyoriy bo‘ladi, ya’ni sinov tariqasida erkin qo‘yib beriladi. 2019-2020 o‘quv yilida esa ushbu forma majburiyga aylanadi.
Ushbu qaror ijrosi qanday ketayotgani yuzasidan Isroil Tillaboyevga murojaat qildik.
“Hozirgi kunda, ayni shu o‘quv yilida O‘zbekistonda maktablarida ilgaridek bir xil me’yorda o‘quvchilar formasi amal qilmoqda. Ya’ni, masalan, har bir maktab o‘z nizomi bo‘yicha belgilangan formani belgilab olgan, lekin, ilgarigi yillardan farqli ravishda, Xalq ta’limi vazirligining topshirig‘i bilan deyishdi, bu o‘quv yilida ayni bir xil forma kiyilsin, deb qattiq talab qo‘yilmadi, chunki butun Respublika bo‘yicha bir xil formalarni tasdiqlash loyihalari yurgan edi yil boshida, shuni o‘ylashdi chamamda. O‘tgan yili butun O‘zbekiston bo‘yicha bir xil forma masalasi bir yilga surilgani xaqida sentyabrda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktablarga yetkazildi. Bunga millionlab o‘quvchilarni forma bilan bir oyda ta’minlash qiyinligi va texnik tomondan puxta tayyorgarlik ko‘rib, o‘quv yili boshlanishiga bir necha oy qolganda boshlanishi ma’qul deb topilgani bo‘ldi. Loyihaga qo‘yilgan formalar bir nechta maktablarda sinab ko‘rildi, bu jarayonda formalarning bir nechta turi sinaldi, deb ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar o‘qidik”.
Maktab formasi bo‘yicha standartlarga amal qilinishi qanday nazorat qilinyapti degan savolga suhbatdoshimiz quyidagicha javob berdi:
“O‘tgan yillar o‘rgangan formasini tavsiya qildi har bir maktab, lekin boshqa yillardek qat’iy talab va tekshiruvlar.Bir tomondan qaralsa, o‘quvchilar umumstandart formadan tashqariga chiqmay kiyinib qatnashdi bu o‘quv yilida”.
O‘quv yili mobaynida davom etgan tajriba qanday xulosalarga olib keldi, nima natijalar olindi — bu haqda hozircha hech qanday rasmiy ma’lumot berilmadi. Lekin kelasi o‘quv yilidan barcha maktablarda forma majburiy tusga kirishi va maktablarning bari forma bilan ta’minlanishi aytildi.
“Og‘riq nuqtasi” va “oltin o‘rtaliq”ni qidirish
Maktab va universitetlarda formaga amal qilinishi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishida ma’lum ijobiy jihatlar ham bor. Shu bilan birga, bu bir qator jiddiy muammolarni ham keltirib chiqarmoqda.
Yaxshi bilamizki, maktablar ham, universitetlar ham forma tartib-qoidalarida muayyan o‘rtaliqni topishga urinadi: bir tomondan, kalta yubka va “ochiq-sochiq” kiyinish taqiqlansa, boshqa tomondan, ortiq darajada “o‘ranish” va diniy liboslarga ruxsat berilmaydi. Bu holat ayniqsa diniy mavzuda yozadigan blogerlar, faollar, shuningdek, din arkonlariga qat’iy amal qiladigan fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. 2018 yili yangi maktab formasi taqdiqlanganida diniy libosga ruxsat berilmagani norozilikni kuchaytirib yubordi. Bahs-munozaralar shu qadar keskin tus oldiki, o‘tgan yili ayrim ijtimoiy tarmoq faollashi ma’muriy javobgarlikka tortilishiga olib keldi. Oxirgi oylarda ro‘y bergan yana bir voqea jamoatchilik orasida jiddiy rezonansga sabab bo‘ldi: Islom universitetida o‘quvchi talaba qizlar darslarga hijobda kelishiga ruxsat berilmagani bois qizlardan biri — Luiza Mo‘minjonova oliy ta’lim muassasasini sudga berdi. Uzoq davom etgan shovshuvli sud jarayoni da’vogarning mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Shunga qaramay, ushbu jarayon muammoga jahon matbuotining e’tiborini tortdi.
O‘qituvchi va taniqli bloger Isroil Tillaboyev biz bilan suhbatda mazkur muammoga to‘xtalarkan, forma diniy va milliy an’analarni aks ettirishi kerakligini ta’kidladi:
“Forma joriy qilishda bir nozik jihatga e’tibor berish kerakki, u o‘sha xudud aholisining diniy va milliy qadriyatlariga mos tushishi o‘quvchilarda ham, ota-onalarda ham norozilik va noqulaylik keltirib chiqarmasligiga e’tiborni qaratish zarur”.
Yana bir suhbatdoshimiz, ismini aytishni istamagan o‘zbekistonlik siyosatshunos esa davlat tomonidan qabul qilingan qaror to‘g‘ri bo‘lganligini e’tirof etdi:
“Formaning birlamchi vazifasi maktab va universitetlarda tabaqalanishga yo‘l qo‘ymaslikdir. Barcha talabalar va o‘quvchilar bir xil kiyinib yurgan paytda ularning bir guruhiga diniy libos kiyishga ruxsat etilishi qolganlarning tengligini va haq-huquqlarini buzadi”.
Yana bir siyosatchi — Alisher Ilhomov o‘zining bu masaladagi postlaridan birida shu turdagi argumentni rad etib, aksincha, diniy libos ko‘p hollarda talaba yoki o‘quvchilarning diskriminatsiyaga uchrashiga sabab bo‘layotganini aytib o‘tdi.
Xullas, ko‘rib turganimizdek, bu borada turli-tuman fikr-mulohazalar aytilmoqda, hatto ekspertlarning ham munosabati turfa. Va bu, shubhasiz, ijobiy holatdir, axir fikrlar xilma-xilligi oxir oqibat erkin axborot maydoni shakllanishiga olib keladi, odamlarni bir-birini eshitishga va murosa qidirishga o‘rgatadi.
Xulosa
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, maktab formasi masalasida ko‘pchilik mutaxassislar bir fikrda, ya’ni uni ta’limning kerakli va muhim elementi deb hisoblaydi. Ammo boshqa masalalarda, xususan, formaning qay darajada erkin bo‘lishi, formada diniy va milliy an’analarning aks etishi yoki aks etmasligi borasida turfa va ba’zan ziddiyatli fikrlar talay. Umuman, ommaviy bahs borligining o‘zini ijobiy holat deb baholasa bo‘ladi.
Salbiy jihat shundan iboratki, ommaviy bahslarda aytilayotgan fikrlar doim ham inobatga olinmayapti. Ya’ni so‘nggi so‘z baribir davlatning tegishli idoralarida qolyapti, ular esa doim ham aholining talab va ehtiyojlarini inobatga olmayapti. Vaziyat ijobiy tomonga o‘zgaradimi, yoki hammasi boricha qoladimi — buni vaqt ko‘rsatadi.
Eldor Asanov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter