Majburiy tartibda barcha davlat organlarining veb-saytlari yaratiladi
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e’lon qilingani haqida xabar bergandik.
Qarorga binoan belgilandiki, respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda, ular faoliyatini moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, ushbu organ va tashkilotlarning budjetdan tashqari manbalari hisobidan majburiy tartibda ularning veb-saytlari yaratiladi.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda:
- davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytiga qo‘yiladigan asosiy talablarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqadi va taqdim etadi;
- Internet tarmog‘ida respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarining, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning veb-saytlari mavjudligi va faoliyat yuritishini inventarizatsiyadan o‘tkazadi.
Inventarizatsiya natijalari veb-saytlarga nisbatan yangi talablarni inobatga olgan holda keyinchalik davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi veb-saytlarini yaratish va amaldagilarini modernizatsiya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish uchun ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter