Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mahmud Jo Bayden jamoasida, Muhammad dengiz piyodalar korpusida leytenant»: AQShdagi o‘zbekistonlik oila hikoyasi

«Mahmud Jo Bayden jamoasida, Muhammad dengiz piyodalar korpusida leytenant»: AQShdagi o‘zbekistonlik oila hikoyasi

Xabaringiz bor, bir necha yildan buyon «Xorijdagi vatandoshlar» rukni doirasida turkum intervyular berib boryapmiz.

Intervyularimiz formatiga bu safar biroz o‘zgatirish kiritildi, xususan quyidagi maqolamizda Qo‘shma Shtatlarda 28 yildan buyon istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz Mahmudovlar oilasi haqida hikoya qilinadi.

Oila boshi Amir aka Mahmudov turmush o‘rtog‘i Gulchehra Shokirova bilan birga 23 yildan buyon mamlakatdagi eng yirik federal tashkilotlardan biri – Sog‘liqni saqlash markazida ilmiy tadqiqot olib boradi. Ularning Mahmud va Muhammad ismli o‘g‘illari bor. Mahmud prezident Jo Baydenning jamoasida, Muhammad esa, AQSh dengiz piyodalar korpusida xizmat qilmoqda.

 Fan nomzodi ilmiy darajasini olgan

Oila boshi Amir aka Mahmudov Samarqand shahrida tug‘ilgan, o‘rta maktabni o‘sha yerda tugatgan. O‘zining eslashicha, amakisi Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Rahim Karimovich Karimov maslahatiga ko‘ra, armiyaga ketgan va muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning Odam va hayvonlar fiziologiyasi yo‘nalishiga o‘qishga kirgan. Oliygohni tugatganidan so‘ng, bir muddat ta’lim sohasida faoliyat yuritib fan nomzodi ilmiy darajasini ham olgan.

 Topgan pullarimiz o‘qish va kitobga sarflangan

Gulchehra Shokirova: Men ham Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning Biologiya fakultetida o‘qiganman. Turmush o‘rtog‘im bilan talabalik yillari tanishib qolganmiz va o‘qishni tamomlagach, oila qurishga qaror qildik.

Bolalikdan dunyo kezish va o‘zga madaniyat vakillari bilan muloqot qilishni xohlardim. Shu tufayli ham AQShga borish fikri mendan chiqqandi. 90 yillar o‘rtalarida O‘zbekiston Green Card lotereyasi dasturiga ilk marta kiritildi va ishtiyoqim sabab lotereya anketasini to‘ldirdim. Bizga omad kulib boqdi va fikrimcha Qo‘shma Shtatlarga yashil karta qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbekistonlik oilalardan biriga aylandik. Shunday qilib, 1995 yil Okeanortiga yo‘l oldik. Yashirmayman, tilni bilmaydigan, tafakkuri, urf-odatlari butunlay boshqacha bo‘lgan mamlakatda kelib yashash dastlabki yillari juda qiyin edi.

Lekin turmush o‘rtog‘im bilan bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaganimiz tufayli oyoqqa turdik, bolalarimizga ta’lim-tarbiya berishga muvaffaq bo‘ldik. Bizda kuchli oilaviy birdamlik bor edi. Men bolalar ta’limi bilan mashg‘ul bo‘ldim, turmush o‘rtog‘im esa bolalarni sport bilan shug‘ullantirardi. Bolalarning vaqtini foydali mashg‘ulotlarga sarflashga astoydil harakat qilganmiz. Darsdan keyin ularni sport, musiqa, matematika, adabiyotga olib borardik. Topgan pullarimiz o‘qish va kitobga sarflangan. Natija uzoq kuttirmagan bolalarimiz 2-3 sinf paytidanoq sinfdosh do‘stlaridan oldinda edi. Shunday qilib, ikkalasi ham o‘rta maktabni a’lo baholarga tugatishdi.

 Barak Obama davrida Oq uyda amaliyot o‘taganman

Mahmud Mahmudov (to‘ng‘ich farzand): Maktabni tugatgach, 2012 yil Oberlin kollejining Siyosatshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdim va 2016 yil imtiyozli diplom bilan tamomladim.

Talabalik davrida yaxshi o‘qish va faol bo‘lishga intilganman. Shu boisdan bo‘lsa kerak, kollejning Talabalar harakati prezidenti sifatida ham  faoliyat olib bordim. O‘sha yillari kollej hududida chekishni taqiqlovchi qonun loyihasini imzolashga muvaffaq bo‘lganmiz.

Shuningdek, 2015 yil ko‘plab talaba dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdim. Ulardan biri The Harry S. Truman Scholarship Foundation orqali, sobiq prezident Barak Obama davrida Oq uyda amaliyot o‘taganman. 2016 yil xalqaro Rhodes Scholarship dasturida g‘olib bo‘ldim va u orqali Buyuk Britaniyadagi Oksford universiteti magistratura bosqichida tahsil oldim. Shunday qilib, 2018 yil xalqaro siyosat va falsafa bo‘yicha magistr darajasiga ega bo‘ldim.

Angliyada o‘qishni tugatganimdan so‘ng, Jo Baydenning saylovoldi kampaniyasiga ishga kirdim. Demokratlar partiyasi g‘alaba qozonib, Jo Bayden prezident bo‘lganidan so‘ng, Covid-19 bo‘yicha siyosiy maslahatchi sifatida Oq uyda faoliyat olib bordim. O‘tgan yilning kuzidan buyon Stenford universitetining huquq fakultetida ta’lim olyapman. Qolaversa, prezident Baydenning jamoasida ham faoliyatimni davom ettiryapman.

AQSh dengiz piyodalar korpusida leytenant

Muhammad Mahmudov (kenja o‘g‘il): Yoshim 24 da. 2017 yil Yel universitetiga o‘qishga kirdim. 2021 yil universitetni ikkita diplom bilan, aniqrog‘i xalqaro munosabatlar va dengiz flotida harbiy ofitser mutaxassisliklari bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomladim.

Hozir AQSh dengiz piyodalar korpusida leytenant sifatida xizmat qilmoqdaman. Bir yildan keyin harbiy xizmatni tugatib, huquq fakultetida o‘qishni davom ettirishni rejalashtiryapman.

Gulchehra Shokirova: Turmush o‘rtog‘im va men 23 yildan beri eng yirik federal tashkilotlardan biri – Sog‘liqni saqlash markazida ilm-fan bilan shug‘ullanib kelyapmiz. Biz farzandlarimiz bilan juda faxrlanamiz va ular o‘zlarining barcha reja va maqsadlariga erishishlariga ishonamiz.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekistondagi do‘stlarimiz va vatandoshlarimizga sog‘lik va ezgu ishlar ro‘yobini tilab qolamiz.

Nurillo To‘xtasinov tayyorladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring