Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mahalladan spravka». Bu amaliyot bekor qilinishi mumkin

«Mahalladan spravka». Bu amaliyot bekor qilinishi mumkin

Fotokollaj: «Xabar.uz»

Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ma’lumotnomalari va boshqa hujjatlarini taqdim qilish talabini bekor qilishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi tayyorlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Turli hayotiy vaziyatlarda fuqarolardan mahallalar (o‘zini o‘zi boshqarish organlari) tomonidan beriladigan ma’lumotnomalar talab etiladi. Amaldagi qonunchilik bunday ma’lumotnomalar 51 holatda berilishini ko‘zda tutadi.

Biroq amaliyotda mahallalar tomonidan aholiga beriladigan ma’lumotnoma va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni berish tartibi haddan ziyod byurokratlashtirilgan, ba’zi hollarda esa ularni berish uchun noqonuniy to‘lov olish hollari kuzatilib, bu fuqarolarning asosli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, ushbu organlarda ma’lumotlar yo‘qligi sababli, ushbu ma’lumotnomalardagi axborotlarni asosli va to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. O‘z navbatida, qonunchilik bilan o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faktlarni o‘rnatish bo‘yicha vakolatlari mustahkamlab qo‘yilmagan.

Shuni hisobga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan 31 ta normativ-huquqiy hujjatlardagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ma’lumotnomalarini taqdim qilish talabini bekor qilishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi va u quyidagilar haqidagi ma’lumotnoma va boshqa hujjatlarni taqdim qilish talabini bekor qilishni nazarda tutadi:

  • Turar joydan (propiska), shu jumladan birgalikda;
  • Ishsizlik (vaqtincha yoki doimiy);
  • Bolalarni, yolg‘iz shaxslar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish bo‘yicha vaqt;
  • shaxs haqida tavsifnoma.

Shuningdek, loyiha bilan tegishli xizmatlarni ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan tasdiqlovchi ma’lumotni tegishli ma’lumotlar bazasini (reyestrlar, ro‘yxatga olish kitoblari, arxivlar va x.k.) yuritishga vakolatli davlat organlaridan so‘rash kerakligi belgilab beriladi.

Loyihaning qabul qilinishi aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishini, davlat xizmatlarining sifati, tezkorligi, shaffofligi va ochiqligini ta’minlaydi.

O‘z navbatida mahallalarning oilaning moddiy ahvoli, a’zolari (qarindoshlik darajasi) va boshqa hujjatlar (kafolat va kafillik xatlari, yozma tavsiyalar va iltimosnomalar) berish huquqi saqlanib qoladi. Bunda ushbu harakatlar xalqqa eng yaqin tuzilma hisoblangan o‘zini o‘zi boshqarish organlari vazifalariga to‘liq mos kelishi hisobga olindi.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va markazlashgan ma’lumotlar bazasi (arxivlar, reyestrlar va h.k)ni tashkil qilish natijasida bundan keyin mahallalardan ma’lumotnoma olishga bo‘lgan ehtiyoj kisqarib boraveradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring