Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil Tillaboyev

Xalq uchun ishla, o‘zinga qaytmasa, farzandingga qaytadi!

Madaniyatmi, ma’naviyatmi?

Madaniyatmi, ma’naviyatmi?

Illyustrativ foto

Hayotimizda kun-kunora boshqalar bilan ijtimoiy munosabatlarimizdagi tartibsizliklardan nolib gapiramiz. Biror joyda navbatda tursak, kimlardir tartibga rioya qilmay asabimizni buzadi. Avtobusda yoshlar o‘zidan kattalarga joy bermaydi. Jamoat joyda telefonda baland ovozda gaplashib, atrofdagilarning jig‘iga tegishadi. Suhbatdosh na eshitishni biladi va na o‘z fikrini tushuntirishni... Ko‘chada duch kelgan joyga axlat tashlab ketilaveradi va hokazo…

Xullas, jamiyatimizdagi munosabatlarimiz tobora muammolarga qorishib bormoqda. Bularga har kim har xil sababni ko‘rsatishi va bu bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda yoki yuzma-yuz o‘z fikrini himoyalab, soatlab bahslashishi mumkin. Bugun mana shu muammolarni, hech bo‘lmaganida, yoshlarda yo‘qotish yo‘lini taklif qilmoqchiman.

Taklifim maktablarga bog‘liqligini, siz muhtaram o‘quvchi, sezgan bo‘lsangiz ajab emas.

Men yuqoridagi muammolarni bir jihat yetishmovchiligidan deb bilaman. Bu — madaniyat tanqisligi, madaniyat pastligi. Ha, afsuski tan olishimiz kerak, ko‘chada yurish madaniyati pastligi, jamoat joyda o‘zini tuta olmaslik, kiyinish etikalariga rioya qilmaslik, kichiklarning kattalar bilan, yigitlarning qizlar bilan muomala qila olmasligi (Dyuma asarlarida go‘zal tasvirlagan jentelmenlar kabi) va qizlarimizning Qodiriyning Kumushbibisidek diskussiyaga kirisholmasligi, chet elda ko‘chaga sigaretini tashlab, 6-7 yoshli o‘sha yerlik boladan gap eshitgan yurtdoshlarimizning holatlari... Barchasiga sababni uzoqdan emas, oiladan, maktabdan izlab, xolis aytadigan bo‘lsak, aynan shu ikki muhitda yetarlicha olinmagan saboq —madaniyat yetishmasligidandir, deb bilaman.

Maktab insonni shaxs qilib tarbiyalashda asosiy o‘rindagi ijtimoiy institut. Uni tamomlaganlarning hammasi ham kelgusida oliy ma’lumotli bo‘la olmaydi. Ular hayotning turli jabhalariga sochilib ketadi, lekin har bir fandan tayanch bilimga ega bo‘lib chiqishadi. Shuningdek, maktabda olingan tarbiya ham inson uchun muhim.

Shu jihatdan, biz o‘quvchilarga ilgari qilgan xatolarimizni takrorlamasdan, aksincha hayotda butun umr asqotuvchi tarbiyani, madaniyatni singdirishimiz ularning kelajagi uchun foydali bo‘lar edi. Shu sabab, men maktablarda MADANIYaT darslarini fan sifatida kiritishni taklif qilaman!

To‘g‘ri, hozir boshlang‘ich sinflarda odobnoma darsi bor. Ilgari, biz o‘qigan 90-yillarda bu dars adashmasam 5-6-sinflarda ham o‘tilardi. Yodimda, o‘shanda har bir darsda hayotdagi turli tasodifiy hollarda inson o‘zini qanday tutishi kerakligi o‘rgatilardi. Qarang, ta’siri bilinganki, shu vaqtgacha aynan o‘sha darslarni eslayman. Hozirda esa, afsuski, yuqori sinflarda bu dars o‘tilmaydi. Nima, hozirgi yoshlarimizga buning ehtiyoji yo‘qmi? Aksincha, telefonni ko‘rmagan o‘sha davrdagi bizdek yoshlardan ko‘ra, hozirda turli axborot oqimidan boshi aylanib yotgan, internetda «sho‘ng‘ib» yurgan, ijtimoiylashib ketayotgan avlod o‘quvchilariga men aytayotgan darslar aynan ilmiy yondashilgan holda zarurdir! Bo‘lib hamki, ayni yoshi ulg‘ayayotgan, xulq atvori o‘zgarayotgan vaqtda — o‘quvchilarimiz tarbiyasi uchun kerak.

O‘quvchilarimizga ijtimoiy tarmoqlarni cheklab qayergacha borar edik?! Juda borsa maktabni bitirgunicha eplaymiz, maktabni bitirdimi, darhol «ko‘rmaganning ko‘rgani qursin» qabilida ijtimoiy tarmoqqa yopishadi, qo‘yadi. Biz bundan ko‘ra, bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatni tushuntirib boraylik, u oddiygina bilim va tafakkurni o‘stirishga xizmat qiladigan vosita ekanligiga urg‘u beraylik. Axir hozir ijtimoiy tarmoqda bahslashishni bilmaganidan haqoratlarga o‘tib ketadiganlar ko‘paygandan-ko‘paymoqda. Ijtimoiy tarmoq ham real hayotdagidek muomala maydoni, buyam katta madaniyat, do‘stlar! Yoshlarimiz u yerda qanchalar «madaniyatli»ligini ko‘pchilikka ko‘rsatib qo‘yayotganini yolg‘on, deb ko‘ring-chi?!

Maktablarimizda o‘quvchilarning yuklamalarini 10 foizgacha kamaytirishga topshiriq berilgan vaqtda, yangi fanni kiritish qiyin vazifa, lekin buni boshqa bir fanlar o‘rniga joriy qilish mumkin. Masalan, maktabda har juma kuni sinf rahbari o‘tadigan «Ma’naviyat» darslari o‘rniga bu fan kiritilsa, aslida o‘sha sinf o‘quvchilari tarbiyasida ko‘proq samarali bo‘larmidi. Oliy o‘quv yurtlarida «Madaniyatshunoslik» darsi o‘tiladi, demak, bu fan sifatida shakllanib bo‘lgan. Allaqachon o‘z ob’yekti va sub’yektiga ega. Shuni maktab o‘quvchilari yoshiga moslab o‘tiladigan qilib rejalashtirish va dastur tuzish qiyin ish emas, axir bu fan ma’lumotlari kundalik hayotimizning ajralmas munosabatlaridan tashkil topganku?

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda «ma’naviyat» atrofida ko‘plab tortishuvlar bo‘ldi. Bahsga kirishganlar ma’naviyatni va «ma’naviyatchi»larni ayblash darajasigacha bordi. Bu tortishuvlar yuzasidan, hatto Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, deputat  Alisher Qodirov ham o‘z bayonoti bilan chiqish qildi. Men bu bahsni kuzatib, 27 yil davomida qo‘lidan kelgan ishlarni qilayotgan «ma’naviyat»chilarga oson emasligini his qildim. Negadir shuncha yil mobaynida ma’naviyat ular o‘ylaganidek va kutganidek insonlar yuragiga singib ketmaganini ko‘rib esa, «ma’naviyat»chilarga rahmim ham keldi. Shuncha yillik harakat, qaysidir ma’noda, ular kutganchalik kishilar ruhiga singmagani bilinib qoldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi izohlardan, demak nimadir baribir yetishmaganligini his qildim. Balki bu ma’naviyatning o‘ta nazariylashtirilganidan yoki barcha narsaga uni, to‘g‘ri kelsa-kelmasa, tiqishtiraverishganidan oddiy xalqni zada qilib yuborishgandir.

Keling, endi hayotni realroq narsalar bilan quraylik, hech bo‘lmasa bundan buyog‘iga o‘ta nazariylashtirib yuborganimiz ma’naviyatni (butun maktab davrida 11 yil o‘qitib, majburan yodlatib, lekin bitirgach, o‘zi ham tushunmagan holda hayotga qo‘yib yuborgandan ko‘ra) hayotning barcha jabhalariga doir madaniy muloqotni, madaniyatni o‘rgatib chiqaraylik!

Zero, MADANIYaT deganda men ma’naviyatdan kam narsa tushunmayman: suhbatlashish madaniyati, kiyinish madaniyati, salomlashish madaniyati, o‘qish madaniyati, yozish madaniyati, ijtimoiy tarmoq madaniyati, vatanni sevish madaniyati, yig‘ilishda qatnashish  madaniyati, teatrda, kinoteatrda o‘tirish madaniyati(!), istirohat bog‘ida sayr qilish madaniyati (!) va hokazo… Qolgan yodimdan ko‘tarilganlarini siz taklif qilib ko‘ring-chi? Xo‘sh, nechtagacha davom ettirdingiz? Yana 10 ta? 15 ta?

Ana, ko‘rdingizmi, madaniyat darsida o‘quvchilarimizga o‘rgatish lozim bo‘lgan mavzular serob. Buni siz ham, men ham, garchi ma’naviyat o‘rgatishi lozim bo‘lgan narsalarni 2-3 tagacha bilgan holda, madaniyatga kelganda, bemalol anchagina sanay olyapmiz. Endi tasavvur qilaveringki, bunga haqiqiy shu soha mutaxassislari kirishishsa, qanchalar ko‘p ma’lumotlar bilan to‘ldirib yuborishini.

Shunday qilib azizlar, yoshlarimiz tarbiyasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishni istasak, eng avvalo, ularning madaniyatini joyiga keltirib olaylik: maktabda 5-sinfdan toki 11-sinfgacha maxsus mutaxassis o‘tadigan «Madaniyat» fanini qo‘shaylik, agar bu ishni tizimli va puxta amalga oshira olsak, ishonavering, o‘quvchilarimiz ma’naviyati o‘z-o‘zidan joyiga tushib ketadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring