Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Madaniyat vazirligi Yulduz Usmonovaning konsertdagi «nasihati»ga munosabat bildirdi

Madaniyat vazirligi Yulduz Usmonovaning konsertdagi «nasihati»ga munosabat bildirdi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘layotgan, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konsert dasturidan yozib olingan videolavha yuzasidan Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi.

Munosabatda ta’kidlanishicha, «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyida bo‘lib o‘tayotgan konsertning 12 mart kunidagi dasturida texnik nosozlik tufayli sahna pardasi to‘laligicha ochilmay qolgan va bunga tomoshabinlar e’tiroz bildirgan. Xususan, ulardan biri qo‘pol ohangda baqirgan. Natijada Yulduz Usmonova buni haqorat deb tushungan va emotsiyaga berilib ketib, konsertga tashrif buyurgan tomoshabinlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan.

«Shuni qat’iy ta’kidlaymizki, san’atkor har qanday holatda ham ortiqcha his-hayajonga berilmay, vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi, o‘zini tuta bilishi, muomala madaniyati, odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, ayniqsa, sahnada, muxlislar bilan muloqot jarayonida ularga nisbatan samimiy munosabatda bo‘lib, hurmatini joyiga qo‘yishi shart. Bu uning ma’naviy burchi hisoblanadi. Madaniyat vazirligi ushbu tartib-qoidalarga zid ravishda qilingan hatti-harakatlarni hech qachon yoqlamaydi va keskin qoralaydi.

Albatta, konsert-tomosha jarayonlarida tomoshabinlar chekiga tushadigan mas’uliyat ham borki, yurtdoshlarimiz masalaning ushbu jihatiga ham e’tibor qaratishlari zarur. Ya’ni, san’atkordan madaniyat talab qiladigan, unga e’tiroz bildiradigan jamiyat, ayni paytda, jamoat joyida o‘zini tutishni bilmaydigan, etika qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, ommaning madaniy hordiq olishiga, kayfiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadigan va xalaqit qiladigan tomoshabinlarni tartibga chaqirib, kerak bo‘lsa, ularga tanbeh berishi ham lozim. Shunda hammasi adolatdan bo‘ladi.

Biz ilm-ma’rifatda buyuk tarix yaratib, yuksak madaniyatimiz va ma’naviyatimiz bilan dunyo ahli hurmatiga sazovor bo‘lib kelayotgan xalqmiz. Har birimiz mana shu mas’uliyatni bir zum ham unutmasligimiz shart. Ana shunda o‘sib kelayotgan yosh avlodga ham yaxshi fazilatlarimiz bilan ibrat bo‘lamiz», — deyiladi vazirlik munosbatida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring