Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Madaniyat vazirligi koronavirusdan vafot etgan san’atkorlarni esladi

Madaniyat vazirligi koronavirusdan vafot etgan san’atkorlarni esladi

El-yurtimiz o‘zining qadimiy va shonli tarixida ko‘pdan-ko‘p og‘ir sinov va mashaqqatlarni boshidan kechirganini, ularning barchasini beqiyos mardlik va sabr-matonat bilan yengib o‘tganini hammamiz yaxshi bilamiz. Qahramon xalqimiz turli davrlarda yuz bergan vabo va o‘latlar, ocharchilik, qahatchilik, urush va qatag‘onlardan azmu qat’iyat bilan omon chiqqan.

Azaldan xalqimizning qonida, suyagida bo‘lgan bunday olijanob fazilatlar koronavirus pandemiyasi davrida yana bir bor yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Bugungi kunda bu sinovlarni mardona yengib o‘tishda madaniyat va san’at sohasi vakillari ham ulkan hissa qo‘shmoqda. Ayniqsa, xalqimiz orasida katta obro‘-e’tibor qozongan san’atkorlarimiz o‘zlarining barchani sabr-bardoshga, o‘zaro mehr-oqibatli, ahil va hamjihat bo‘lishga da’vat etuvchi ta’sirchan so‘zlari va chiqishlari bilan yurtdoshlarimiz qalbida ertangi yorug‘ kunlarga ishonch tuyg‘usini uyg‘otayotganiga hammamiz guvohmiz.

Ming afsuski, bu kasallik tufayli ko‘pgina yurtdoshlarimiz qatorida elimiz sevgan, iste’dodli san’atkorlarni ham so‘nggi yo‘lga kuzatishga majbur bo‘ldik.

Bugun biz o‘zining o‘lmas obrazlari bilan xalqimiz qalbidan mustahkam joy olgan O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova, mashhur kompozitor va dirijyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Anvar Ergashev, barchaning sevimli aktyori, O‘zbek Milliy akademik drama teatriga rahbarlik qilib, otaxon teatrimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fatxulla Ma’sudov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrining iste’dodli artisti Janibay Utepbergenov, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining mahoratli aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adham Abdullayev va boshqa san’atkorlarimizning nomlarini ehtirom bilan yodga olamiz.

O‘z faoliyatining ma’no-mazmunini ona xalqimizga, jonajon Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishda deb bilgan bu fidoyi yurtdoshlarimizdan boy ma’naviy meros qoldi.

Ularning teatr sahnalarida, badiiy va televizion filmlarda yaratgan yorqin obrazlari, yurtimiz va jahon miqyosida e’tirof etilgan musiqiy asarlari abadiyat mulki bo‘lib qolishi, shubhasiz.

Bu aziz insonlar xalqimizning qalbi va ongi uyg‘oq, vatanparvar farzandlari sifatida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning doimiy ishtirokchisi va targ‘ibotchisi edilar.

Ular katta ijod va hayot tajribasiga ega ustozlar sifatida o‘nlab iste’dodli yoshlarni tarbiya qildilar.

Bu betakror san’atkorlarimiz haqida so‘z borar ekan, atoqli shoirimiz Erkin Vohidovning quyidagi misralari yodga keladi:

San’atga baxsh umrning ajib mo‘’jizasi bor,
U dunyoni tark etsa, undan dunyo qoladi.
Odam umri sarhadli, qo‘shiq umri poyidor,
Navosoz yuraklarda o‘lmas navo qoladi.

Darhaqiqat, bir o‘lmas navo, poyidor qo‘shiq singari san’atga baxsh umrlar ham zavol bilmasdir. Milliy madaniyatimiz va san’atimizning fidoyi namoyandalari xotirasi hamisha qalbimizda yashaydi.

Ularning oilalari va yaqinlariga, millionlab muxlislariga Madaniyat vazirligi butun san’at ahli nomidan chuqur ta’ziya bildirib, Yaratgandan sabr-toqat va bardosh tilaydi.

O‘tganlarning oxirati obod bo‘lsin.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring