Lukashenko sog‘lig‘idagi muammo tufayli Kremlni erta tark etgani aytilmoqda
Kecha, 9-may kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Moskvadagi nonushtani o‘tkazib yuborib, paraddan ko‘p o‘tmay Minskga qaytgan. Bu haqida bir nechta nashrilar yozmoqda.
Belarus jurnalistlari Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birga «Noma’lum askar» qabriga gul qo‘yishga bormagani haqida yozishdi.
OAVlarning yozishicha, Moskvadagi parad paytida Lukashenkoning qo‘lida tibbiyot bog‘ichi bo‘lgan. «RIA Novosti» Lukashenko u yerdan xavfsizlik xizmati elektromobilida olib ketilganini yozgan.
«Mosregtoday.ru»ning qayd etishicha, Lukashenko sog‘lig‘idagi muammo tufayli boshqa prezidentlar bilan nonushtani o‘tkazib yuborgan.
«Zerkalo» nashrining yozishicha, Lukashenko o‘z o‘g‘illari bilan birga Minskdagi G‘alaba haykali poyiga gul qo‘yish marosimida ishtirok etgan. Biroq Belarus prezidenti har yilgidek tinglovchilar oldida nutq so‘zlamagan.
«Belarus rasmiylari Lukashenkoning sog‘lig‘i haqida hech qanday izoh bermadi. Biroq so‘nggi ikki hafta ichida u ikki marta omma oldiga chiqdi va chiqishlaridan birida ovozi bo‘g‘iq edi», – deya yozmoqda BBC rus xizmati.
Belaruslik siyosatshunos Dmitriy Bolkunets «Lukashenko sog‘lig‘i sababli nonushtaga kela olmadi va Moskvani tark etdi», deb yozdi. Siyosatshunosga ko‘ra, Lukashenko aeroportga tez yordam mashinasida olib kelingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter