Lotin yozuviga o‘tishda AKTning o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Bugun, 23 iyun kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2021 yil 10 fevraldagi qarori ijrosiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida Vazirlik markaziy apparati departament, boshqarma va bo‘limlarning hujjatlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimlari, shuningdek, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent I. Azimov hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent A. Eminovlar ishtirok etdi.
Avvalo, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi N. Abdullayev tomonidan Vazirlik hamda tizimdagi aksiyadorlik kompaniyalari, jamiyatlari, korxona, tashkilot va muassasalarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritishni tashkil qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Vazirlik hamda tizimdagi korxona va tashkilotlarning barcha darajadagi rahbar va xodimlarida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish, bu borada mavjud kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida Vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan 2022 yil 1 iyuldan 1 sentyabrga qadar bosqichma-bosqich lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishga qaror qilinganligi ma’lum qilindi.
Tadbir mehmonlari AKT vazirligi ham birinchilardan bo‘lib, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tayotganligi to‘g‘ri qaror ekani, mazkur jarayonda, albatta, ba’zi juz’iy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkinligini va Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan 2023 yil 1 yanvargacha ularning oldini olishga fursat bo‘lishini ta’kidladi.
Jumladan, O‘zbekistonda yozuv almashinuvi bosqichlari, duch kelingan qiyinchiliklar, erishilgan yutuqlar, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishda AKTning o‘rni va ahamiyati haqida fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashildi.
Muhokama va savol-javoblar ko‘rinishida o‘tgan davra suhbatida ishtirokchilari mazkur jarayonda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter