Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lola Karimova-Tillayeva oilaviy surat tarixini so‘zlab berdi

Lola Karimova-Tillayeva oilaviy surat tarixini so‘zlab berdi

Foto: Facebook / Karimov foundation

Islom Karimov nomidagi fondning «Facebook»dagi sahifasida Lola Karimova-Tillayevaning Birinchi Prezident haqidagi navbatdagi xotiralari e’lon qilindi.

«Bahorgi ta’til kunlarida bolalar bilan ota-onamdan xabar olish uchun Toshkentga kelgan edik. Navro‘z bayrami arafasi edi. Otam nabiralarini ko‘rganda hamisha nihoyatda quvonar edilar. Farzandlarim ham bobosini katta xursandchilik va qiy-chuv bilan kutib olishar va ostonadanoq o‘z o‘yinlariga chorlar edilar.

Shunday damlarda otam «Bolali uy bozor, bolasiz uy mozor» maqolini takrorlar edilar.

Kechki ovqat paytida otam Samarqandni nabiralariga ko‘rsatish istaklari borligini aytdilar va biz ertasi kuniyoq Samarqandga yo‘l oldik.

Bu juda ham fayzli safar bo‘ldi. Qadimgi obidalarni borib ko‘rdik, ajdodlarimiz ruhiga hurmat bajo aylab, ular dafn etilgan makonlarni ziyorat qildik. Otam kuchli xotira egasi edilar va Samarqand tarixiga oid ko‘pgina qiziqarli voqealarni bizlarga so‘zlab berdilar.

Katta qizim Mariamga Registon maydoni to‘g‘risida batafsil gapirib berganlari, Tillakori madrasasining go‘zal bezaklarini hayratda tomosha qilganimiz hali ham ko‘z oldimda.

Samarqandga qilgan ushbu safarimizdan ikki yildan sal oshiq vaqt o‘tib, ayni shu maydon va madrasa yonida otam bilan vidolashib, ularni mangu maskanlariga kuzatdik», — deb yozadi Lola Karimova-Tillayeva.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring