«Liverpul» va «Chelsi»ni o‘chiring, «Manchester» va «Barselona» umuman kerakmas (antireyting)
Ko‘pchilik kiberxavfsizlik masalasiga «o‘gay ko‘z» bilan qaraydi — aks holda dunyodagi eng ommalashgan parollar nuqul sodda, to‘pori «algoritmlar»dan iborat bo‘lmasdi.
Virjiniya universiteti va «Dashlane» xavfsizlik xizmati 61 millionta parolni o‘rganib, orasidan eng siyqasi chiqib ketganlarini aniqladi. Qanaqa parollar uchramaydi deysiz: oson esda qoladigan jumlalar, sevimli futbol klublari-yu musiqiy guruhlarning nomlari — bular hatto elementar xavfsizlik talablariga ham javob bermaydi. «Liverpul», «Chelsi», «Arsenal», «Manchester» va «Barselona» — futbol fanatlari orasida eng ommalashgan parollar, tadqiqotchilar «Slipknot», «Metallica», «Nirvana», «Green Day» «Blink182» singari mashhur musiqa guruhlari nomlariga ham ko‘p duch kelishdi.
Fanatlikdan yiroq, yalqov foydalanuvchilar esa o‘ylab-netib o‘tirmasdan duch kelgan kelgan klavishlarni bosib o‘zlariga parol yasab olishgan: «QWERTY», «123456» va shunga o‘xshash klaviaturadagi qo‘shni harflar... Oralarida «fahmliroqlari» ham yo‘q emas: «1q2w3e4r», «1qaz2wsx». Ammo quvonishga erta, bu parollar bilan ham uzoqqa bormaysiz. Xakerlarni bilmaysiz-da...
Foydalanuvchi juda ko‘plab tizimlarga kirish uchun ko‘plab bir-biriga o‘xshamagan parollarni eslab qolishi qiyin masala. Turgan gapki, ko‘plar bitta parolni yoki uni sal o‘zgartirib ko‘p tizimlar uchun ishlataveradi — bu juda xavfli. Bunaqada firibgarlar tuzog‘iga tushish yoki ma’lumotlarni o‘g‘irlatish hech gap emas. Buning nimaligini kiberjinoyatchi shaxsan siz bilan qiziqib qolganida tushunasiz.
Doktor Gan Bang,
Virjiniya texnologiya universiteti
Xullas, qiziqishlar, his-tuyg‘ular axborot xavfsizligi bilan bitta qozonda qaynamaydigan tushunchalar. Xakerlarning esa sizning «his-tuyg‘ularingiz» bilan ishi yo‘q, ularga faqat parolingiz kerak.
Antireytinglar
(ishlatish uchun tavsiya qilinmaydigan parollarning inglizcha talqini, aslida bular misollar, masalan, parol sifatida «Barselona»ni ishlatmaslik «Real»dan bemalol foydalanavering degani emas.)
«Futbol» parollari
- Liverpool
- Chelsea
- Arsenal
- Barcelona
- Manchester
«Kino va musiqa» parollari
- Superman
- Pokemon
- Slipknot
- Starwars
- Metallica
- Nirvana
- Blink182
- Spiderman
- Greenday
- Rockstar
«Brend» parollar
- Myspace
- Mustang
- Ferrari
- Mercedes
- Cocacola
- Snickers
- Corvette
- Skittles
«Emotsional» parollar
- Iloveyou
- Iloveme
- Beautiful
- Ihateyou
- Lovelove
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter