Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kutilmagan holat: tailandlik ayol ikki marta koronavirusga chalindi

Kutilmagan holat: tailandlik ayol ikki marta koronavirusga chalindi

Foto: «Newtribuna.ru»

Tailand fuqarosi tuzalib chiqqanidan bir hafta o‘tar-o‘tmas yana koronavirus infeksiyasini yuqtirib oldi, deb xabar berdi «Txai Rat» gazetasi Chayyapxum provinsiyasi sog‘liqni saqlash departamentiga tayanib.

Mart oyi boshlarida chet eldan qaytib kelgan 38 yoshli ayol tobi qochib, 12-mart kuni shifokorga murojaat etdi. Test natijalari koronavirus borligini tasdiqladi. Bemor Bangkokdagi shifoxonalardan birida ikki haftadan ziyod muolaja olgach, tuzalgan. Test xulosalari uch marta ham COVID-19 yo‘qligini tasdiqlagach, ayolni shifoxonadan chiqarishdi.

Martning oxirida tug‘ilib o‘sgan provinsiyasiga qaytgan ayol 4-aprel kuni shamollash alomatlari bilan yana shifokorga ko‘rindi. Biroq uch marta o‘tkazilgan test natijalari unda koronavirus borligini tasdiqladi. Ayol provinsiyadagi shifoxonaning yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizildi. Hozir u takroriy muolaja olmoqda.

«Kutilmagan holat, lekin buni Bangkok shifoxonasi xodimlarining tibbiy hujjatlari va ko‘rsatmalariga asoslangan epidemiologik tekshiruv tasdiqladi», — deydi Chayyapxum provinsiyasi sog‘liqni saqlash departamenti rahbari Vatchira Botpxibun.

Koronavirus Chayyapxumni deyarli chetlab o‘tdi. Provinsiyada bor-yo‘g‘i to‘rtta holat qayd etildi, ikki karra kasallangan ayol ham shular jumlasidan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tailandda koronavirus infeksiyasi epidemiyasi boshlanganidan beri 2423 ta holat qayd etilgan bo‘lib, ulardan 32 nafari hayotdan ko‘z yumdi, 940 kishi tuzalgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring