Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kuniga o‘nlab odamlar ochlikdan o‘lardi» — urush davri mashaqqatlarini ko‘rgan otaxon

«Kuniga o‘nlab odamlar ochlikdan o‘lardi» — urush davri mashaqqatlarini ko‘rgan otaxon

Tahririyat eshigining sekin chertilishidan hammamiz sergak tortdik.

«Mumkinmi, assalomu alaykum!»- yoshi to‘qsonlarga yaqinlashgan nuroniy chehra otaxonning biz, yoshlardan avval salom berib kirishidan o‘ng‘aysizlanib, darhol hammamiz o‘rnimizdan turdik.

«Assalomu alaykum, otaxon, marhamat, keling», — salomlashishga qo‘llarimizni cho‘zgan ko‘yi otaxonga yaqinlashdik. Kaftining taftidan mehr, iliqlik tuydik.

Otaxon duoga qo‘l ochib:

«Biz urushning qiyinchiliklarini ko‘rdik, sizlar aslo ko‘rmang!»—deya kaftlarini yuziga tortdi. Biz ham qo‘shilishdik.

«Bolam, bir jo‘rnalist bola meni yo‘qlab borgandi. Ancha bo‘ldi. Uzoq-uzoq suhbatda bo‘lgandik, boshimdan o‘tganlarni, ko‘rgan-kechirganlarimni so‘zlagandim o‘shanda. Ammo, qaysi gazet yoki hozir telegrom kanalmi nima deyisharkin, unisidan xabarim yo‘q... »

«Hechqisi yo‘q, otaxon. Ammo bu mavzu biz uchun ham qiziq... »

O‘zini Ziyodullo Tillayev, deb tanishtirgan otaxon xuddi yosh boladek xursand bo‘ldi. Nursiz, xira tortgan ko‘zlaridan  «miltillab» yosh oqdi:

«1934-yilda Buxoro tumanidagi «Poshshoyi» qishlog‘ida tug‘ilganman. «Urush boshlandi» deyishganda, endigina yetti yoshga to‘lgandim. O‘sha kezlarda yog‘och «ot»da qo‘limi zga yog‘och «qilich»  tutib, qo‘shni bolalar bilan «urush-urush» o‘ynab, katta bo‘lganimiz uchunmi, «urush shu bo‘lsa kerak», — deb o‘ylaganman. Va «Men boraman urushga!»— deb yog‘och otimda sakrab-sakrab yugurganman. Nomi o‘chsin ekan, urushning! Bu urush biz yog‘och ot surib yugurgan  urushmas, qonli ekan. Bu urush biz kulcha non tishlab, «Ureyeye!»—deya o‘mbaloq oshgan  urushmas, ocharchilik, qahatchilik, qiyinchilik ekan. Bu urush «Mening otam bor, onam, akam bor — zo‘rman» degan urushmas, ayroliq va judolik ekan...

Bir kuni qishlog‘imizni harbiycha kiyingan otliq askarlar bosib ketdi. Chang-to‘zon osmonga ko‘tarilgan, qiy-chuv, dod-faryod...  Sababi qishlog‘imizning yigitlariyu erkaklarini urushga olib ketishayotgan ekan. Ular orasida otam Sayfullo Tillayev ham bor edi. Otam o‘shanda meni qo‘llariga dast ko‘tarib:

«Onangni hech qachon yolg‘iz qoldirma, sho‘xlikni tashla endi, toy. Bugundan boshlab, sen oila boshlig‘isan, uqdingmi?! Senga ishonaymi?!»—dedi.

«Ha, ota, menga ishoning, hali kelsangiz ko‘rasiz, men katta oila boshlig‘i bo‘lgan bo‘laman!»-dedim kulib, tushunib-tushunmay. Onam Orzugul opa esa ko‘zlarida halqa-halqa yosh bilan otamni urushga kuzatdi.

...Men otam aytganidek katta bo‘lishga, oila boshlig‘i bo‘lishga harakat qilardim. Onamning qiynalib, bir burda non uchun uzuk-kun dalalarda og‘ir mehnatlar qilishini ko‘rib, o‘zimda esa hali ketmon ko‘tarishga kuch yo‘qligidan qiynalib, chekka-chekkalarga borib yig‘lardim. Ammo kuchim yetmasa ham nimadir ishni uddalash uchun tinmasdim.  Onamning erkalab: «O‘zimning suyanchig‘im, tog‘im, ortimda qolarim» deganida qiyinchiliklarni, ochliklarni unutib, yanayam ishlashga tob berardim. 

Shunday kunlarning birida eti suyagiga yopishib ketgan onam betob bo‘lib qoldi. Tomog‘idan zo‘rg‘a suv o‘tadi. Qishloqdagi xotin-xalajlar onam atrofida.

«Qishlog‘imizdagi Choshboboni bilasan-a, bolam?»—so‘radi onam.

«Ha, onajon, Yoqub otami, juda yaxshi boy bobo, menga bugun bir burda non berdilar «Onangga ber!»—deb. Siz esa yemadiz... keyin, keyin, o‘zim yeb qo‘ydim»,—dedim mung‘ayib.

«Bundan keyin shu Choshbobonikida yashaysan. U kishining xotini Momojon buvini ham qiynab qo‘ymaysan, xo‘pmi?»

«Xo‘sh, onajon, ikkimiz ham Choshbobonikida yashaymizmi?»—yuragim titrab ketdi, negadir.

«Hm-m»,—dedi onam zo‘rg‘a...

Mening qornimni maza qilib to‘yg‘azish, shirinlik va qovun-tarvuz berish uchun Choshbobonikiga olib ketishdi. Choshbobo bilan Momojon buvi meni bag‘ir ochib kutib oldilar... Ammo shu ko‘yi onamni ko‘rmadim.  O‘sha kuni menga shuncha ko‘p shirinlik va meva-chevalar berishganining sababini oradan bir necha kun o‘tgach,  anglab yetdim.

Otaxon ko‘zoynagini olib, chuqur «uh» tortdi. O‘rtaga sukut cho‘kdi.

«Choshboboning bir o‘g‘li bor edi. Men bilan ikki o‘g‘li bo‘ldi. O‘sha kezlarda hech kim u birovni bolasi, birovni arzandasi, deb xo‘rlamasdi. Mehr-oqibat, diyonat ziyoda ekan-da, ona qizim, —so‘zida davom etdi otaxon,— o‘g‘liga nima bersa, menga ilinardi, nima kiysa, menga ham kiydirardi. Aka-uka birga-birgalikda yerni qo‘shho‘kizda haydardik, dalaga chiqib, o‘t terardik, chopik qilardik, xullas, nima ish bor bajarardik. Axir, qishloqning yuki biz bolalar va ayollar zimmasiga qolgandi-da...

1943-1944-yillarda tamoman ocharchilik boshlandi. Saxovatpesha Choshbobo ham bizning qatorda qishloqning yetim-yesir bolalarini boqaverib, ancha orqa ketib qoldi. Issiq kunlarda meva-cheva, o‘tu ildizlardan qorin g‘amlasak, qishning sovug‘ida yer ostlarini kovlab, o‘lgan mol-hollarning suyaklarini izlardik. Momomiz ulardan sho‘rva qaynatib, mevalar qoqiyu, quritilgan gullarni qo‘shib, ichirardi...»—xo‘rsinib so‘zladi otaxon.

Xuddi shu topda ko‘zlarimizdan to‘kilgan shashqator yoshlar yuzlarimizni yuvdi. Bugun kosamiz ostiga yeyilmay chala qolgan ovqatlarni  hech ikkilanishlarsiz axlat chelakka bo‘shatayotganimizni, hali qotib-qotmagan nonlarni axlat qutilar yoniga qoldirib ketayotganimizni o‘ylab, vijdonimiz kuyingandek bo‘ldi. Yana beixtiyor hayot yo‘lini so‘zlayotgan otaxonni jon quloqlarimiz bilan tinglashga tushdik.

«Ko‘p o‘tmay, hammayoq bit va kanaga to‘lib ketdi. Bu ham yetmagandek, odamlar bezgak kasalligiga chalindi. Har kuni kamida bir qishloqda o‘n-o‘n beshta o‘lim yuz berardi. Asta-sekin ko‘cha-ko‘ylar murdalar bilan to‘la boshladi. Mozorlarda joy qolmadi. Oxir-oqibat otlig‘ askarlar tun qorong‘usida murdalarni qishloqdan nariga olib chiqib ketishardi. Qayerga olib ketishgani esa bizga qorong‘u edi...

Oradan yillar o‘tdi. Urush tugab, kimlar qaytdi, kimlar qaytmadi. Men ham ulg‘ayib, katta bo‘ldim. Bir qiz, ikki o‘g‘ilni voyaga yetkazdim. O‘g‘illarimning biri yetuk san’atkor, biri qurilish sohasida ishlaydi. Qizim oila bekasi. Yigirmaga yaqin nevarayu-evaralar qurshovidaman. Shukurkim, bitta katta oila boshlig‘iman. Har safar shukronalik bilan oilam bag‘rida o‘tirar ekanman, urushga ketayotgan otamga: «Ha, ota, menga ishoning, hali kelsangiz ko‘rasiz, men katta oila boshlig‘i bo‘lgan bo‘laman!»—degan gapimni yodlayman.  Onaizorimning ochlikdan bevaqt xazon bo‘lganini xotirlab, hali-hanuz yosh boladek yig‘layman. U kunlar xotiridan achchiq-achchiq iztiroblarga to‘laman. Shu kunlarga shukronalar keltiraman. Borliklaringga, boyliklaringga ko‘z tegmasin, bolalarim. Urush nimaligini bizlar ko‘rdik, sizlar aslo ko‘rmanglar»,—deya takror-takror so‘zlashdan charchamaydigan otaxonga sihat-salomatlik, yana ko‘p yillar yashash saodati nasib etishini so‘radik.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring