Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kreml chechen amaldorining qo‘lga olinishi voqeasiga aralashmaydi

Kreml chechen amaldorining qo‘lga olinishi voqeasiga aralashmaydi

Kreml Checheniston Favqulodda vaziyatlar vaziri Alixan Sakayevning qo‘lga olinishi bilan bog‘liq vaziyatga aralasha olmaydi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«Bu Kremlning vakolati emas, bu yo‘l harakati xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan tegishli organlar va boshqa idoralarning vakolati, shuning uchun Kreml bunga aralasha olmaydi», deb tushuntirdi Kreml vakili.

Sakayev Dog‘istonda qo‘lga olingani haqida 17 aprel kuni ma’lum bo‘ldi. Voqea 14 aprel kuni sodir bo‘lgan. Xabar qilinishicha, general qora GMC yo‘ltanlamas mashinasini boshqarib, mahalliy yo‘l politsiyasi xodimlari e’tiborini tortgan.

Ayrim nashrlar uning mast bo‘lganini qayd etdi. Natijada, mashina avtotransportga qarshi to‘siq yordamida to‘xtatilgan. Haydovchi mashinadan sudrab tushilib, yerga yuztuban yotqizilgan. Uning yonida hech qanday hujjat bo‘lmagan.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov, o‘z navbatida, voqeani provokatsiya deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sakayev qo‘pol qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymaganiga qaramay, bu harakatlarning barchasi tushuntirishsiz tarzda amalga oshirilgan.

22 aprel kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligi Sakayev bilan sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha tergov natijalarini e’lon qildi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, vazirlik tomonidan ismi-sharifi oshkor etilmagan qoidabuzar avtomobilni qarama-qarshi yo‘lda boshqarib, xodimlarga hujjatlarni ko‘rsatishdan bosh tortib, qochishga uringan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring